Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 03:24

OzodDayjest: Kaltakdan bezgan 18 yoshli yigit xotini bilan ajrashishga qaror qildi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Otarchilarga pul sochish o‘rniga o‘lim bilan olishayotgan bolalarga yordam berish tavsiya qilindi. Mushtumzo‘r xotinining kaltaklaridan yurak oldirib qo‘ygan yigit sudga murojaat qildi. IIBB qoidabuzar haydovchilarni jazolashning yangi tizimini joriy etdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqid xabar berdi.

_____________________________________________________________

Farzandi qon saratoniga kasaliga chalingan ota-onalar ohi osmonga o‘rlamoqda

Toshkentdagi Gematologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish institutida qon raki – leykoz bilan kasallangan bolalar yillab davolanmoqda, ammo ularning ota-onalari o‘ta qimmat bo‘lgan dori-darmonga pul topa olmayotir (“Oila va jamiyat”, 23 may). Kasalning og‘ir-yengilligiga qarab bemor 7-8 kurs davolanishi kerak. Bir kurs davolanishning o‘ziga esa 10-15 million so‘m sarflanadi. “Asparaginaza” deb atalgan barmoqdek ampula 1,2 million so‘m, qonni tekshiruvdan tozalab o‘tkazadigan “Trombo” apparati 200-350 dollargacha sotiladi. Maqolada davlatmandlar saxovatpeshalikka da’vat etilgan. To‘yga birrovga kelgan otarchiga pul sochish, qimmatbaho mashinalarga bir necha million so‘m turadigan supernomer taqish o‘rniga ohi yetti osmonga yetayotgan bechora ota-onalarga yordam berish tavsiya qilingan.

Oliy sud raisi o‘rinbosari “juda ajablanarli” sud ishi haqida so‘zlab berdi

Mushtumzo‘r xotinining kaltaklaridan yurak oldirib qo‘ygan 18 yoshli yigit ajrashmoqchi (“Jamiyat”, 18 may). Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi raisining o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov ma’lum qilgan. “Sayyor sudlar vaqtida yana bir hayratlanarli ishga duch keldik. Oila qurganiga bir yilgina bo‘lgan, bir nafar farzandi bor juftlik ajrashmoqchi. Ular endigina 18 ga kirgan. Hamma narsasi yetarli, alohida uy-joy, mashina, emin-erkin yashaydi. Faqat kuyov ajrashmoqchi. Buning sababini bilish uchun yigitning o‘zi bilan yolg‘iz suhbatlashdik. Ishonasizmi, u yig‘ladi. Xotini urarmish. Juda ajablanarli holat, lekin bor gap shu. Agar kelinning aytganini qilmasa, kunini ko‘rsatarmish”, degan Oliy sud raisi o‘rinbosari. Ushbu holatga oid boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan. Qayd etilishicha, 2017 yilning birinchi choragida 10 ming 435 ta oilaviy ajrim qayd etilgan bo‘lsa, joriy yilning ushbu davrida 9566 tani tashkil etgan.

IIBB qoidabuzar haydovchilarni jazolashning yangi tizimini joriy etdi

Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi qoidabuzar haydovchilarga eslatma qoldirish tizimini joriy etdi (“Oila davrasida”, 24 may). Endilikda to‘xtash va to‘xtab turish taqiqlangan joylarda qoldirib ketilgan avtotransport vositalari yo‘l nozirlari tomonidan foto va videoga olinadi hamda avtotransport vositasi egasining uyiga “Eslatma” yuboriladi. “Eslatma”ga ko‘ra, haydovchi uch kun ichida belgilangan jarimani to‘lashi lozim, aks holda avtomobilь jarima maydoniga qo‘yiladi. Taqiqlangan joyda avtomobil qoldirgan haydovchilar dastlab 516 ming so‘m miqdorida jarimaga tortiladi. IIBBga ko‘ra, ushbu chora yo‘llarda tirbandlikning oldini olish maqsadida amalga oshirilmoqda.

XS
SM
MD
LG