Линклар

Шошилинч хабар
26 январ 2021, Тошкент вақти: 04:14

Farg‘onada ota-onalardan farzandini otinoyi yoki domlaga bermaslik haqida tilxat olinmoqda


Farg‘ona viloyatining barcha maktablarida yig‘ilishlar o‘tkazilib, ota-onalardan "farzandimni yozgi ta’til davomida diniy ta’limot beradigan otinoyi va domlalarga bermaslik va jinoyatchilikni keltirib chiqaruvchi kompyuter o‘yinlarini o‘ynamasliklariga kafolat beraman", degan mazmunda tilxatlar yozdirib olindi.

Farg‘onalik ota-onalar Ozodlikka yetkazgan bu xabarni Farg‘ona viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi mulozimi tasdiqladi.

12 yoshli farzandi Marg‘ilon shahridagi 4- maktabga boradigan Sherali Do‘styorov Ozodlik bilan suhbatda 28 may kuni maktabda yig‘ilish o‘tkazilib, ota-onalardan shunday tilxat olingani va o‘zi ham shu hujjatga imzo chekkanini aytdi.

- Yozda bolalaringiz bekor, qarovsiz qolib, turli diniy yoki jinoiy guruhlarga qo‘shilib ketmasin, zo‘ravon o‘yinlar o‘ynamasin, deyishyapti-da. Shu haqda tayyor yozilgan tilxatni berib chiqishdi, bolasining ismi, o‘qiydigan sinfini kiritib, hamma shunga imzo qo‘ydi, - deydi Do‘styorov.

Farg‘onadagi maktablarda ota-onalardan olingan tilxat.
Farg‘onadagi maktablarda ota-onalardan olingan tilxat.

Farg‘ona viloyat Xalq ta’limi boshqarmasining ismini aytmagan mulozimi ota-onalardan bu kabi tilxatlarning olinishiga vodiyda o‘z farzandlarini bepul diniy tarbiya berishni taklif qiladigan domla va otinoyilarga beruvchilar ko‘paygani sabab ekanini aytdi.

Mulozim Ozodlik bilan suhbatda ota-onalarga farzandlarini qiziqishi bo‘yicha to‘garaklarga berish tavsiya etilganini qo‘shimcha qildi.

- Bolam yozda bekor yurmasin, halol-haromni tushunsin, deb farzandlarini har xil otinoyi, domlalarga berayotganlar ko‘p. Oqibatda farzandlari har-xil diniy guruhlarga qo‘shilib ketayotgani holatlari ham bo‘lyapti. Undan ko‘ra, bola yozda hunar o‘rgansin, yozgi lagerga borsin, deyapmiz. Bundan tashqari farzandlarini qarovsiz qoldirib, turli davlatlarga chiqib ketayotganlar bor. Ularga ham tushuntiryapmiz, bolalaringiz nazoratsiz qolmasin deyapmiz, kelajakda yaxshi inson bo‘lib, yurt ravnaqiga hissasini qo‘shsin, deyapmiz. Shu maqsadda farzandim nazoratini o‘z zimmamga olaman, degan tilxatlar olyapmiz. Bundan tashqari har xil kompyuter o‘yinlari chiqqan, chetdan filmlar kelyapti, ularning ta’siridan ham bolalarni himoya qilaylik deyapmiz, ota-onalar ham buni tushunishyapti, - dedi Farg‘ona viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi mulozimi.

Namanganlik mahalla faoli Ubaydullo Azimov ham Ozodlik bilan suhbatda yosh bolalarni domla va otinoyilardan masofada ushlash tarafdori ekanini aytdi.

- Yosh bolalar o‘qishini o‘qisin. Bolani miyasi chalg‘imasin, deyishyapti-da. Faqat, maktabda berilgan darsliklarni o‘qisin. Maktabni yaxshi o‘qisa oliygohlarda o‘qiydi, yetuk odam bo‘lib etishadi-da. Maktabni bitirganidan keyin masjidga borsin, - deydi Ubaydullo Azimov.

Farg‘onadagi "Saodat" jome masjidi imomining ismini aytmagan yordamchisi bolalarni diniy ilm olishdan cheklash noto‘g‘ri ekanini aytdi.

- Bunaqa tilxatlar olinishi noto‘g‘ri. Ayniqsa, hozir bolalar diniy bilimini oshiraylik, deyilayotgan bir paytda. Siz buni tepadagilarga olib chiqing, shunday tilxat yozdirayotganlarga chora ko‘rishsin, - dedi "Saodat" jome masjidi mutavallisi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur maktablarda ota-onalardan farzandlarini diniy ta’limot beradigan otinoyi va domlalarga bermaslik haqida tilxatlar olinayotganidan xabarsiz ekanini aytdi.

- Hozir mamlakatda yoshlarni ham diniy ma’lumotli qilaylik, Xudoni tanisin, halol-haromni tushunsin, jinoyatga qo‘l urmasin, degan yaxshi gaplar bo‘lib turibdiyu, bu gapdan men hayron qolyapman, - dedi Abduaziz Mansur.

O‘zbekistondagi maktablarda ota-onalardan bu kabi tilxatlar birinchi marta olinayotgani yo‘q.

Ilgari O‘zbekistondagi ayrim maktablarda ota-onalardan "Farzandimning maktabga kelishi va ketishini nazorat qilishni o‘z zimmamga olaman", -degan mazmunda tilxatlar olingani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

Bunday harakatlar o‘quvchilar maktab tashqarisida bo‘lgan vaqtda o‘qituvchilardan javobgarlikni soqit qilish uchun qilinishi aytiladi.

XS
SM
MD
LG