Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:34

Farg‘onadagi "Iftixor" futbol klubi direktori ikki himoyachining oyog‘ini sindirdi


Hasan Ergashev shifoxonada
Hasan Ergashev shifoxonada

O‘zbekiston Pro B ligasidagi "Iftixor" futbol klubining ijrochi direktori Ahror Ergashev jamoaning ikki himoyachisi - Tursunboy Husanov va Hasan Ergashevning oyoqlarini urib sindirdi.

Jabrdiydalarning Ozodlikka ma’lum qilishicha, hodisa 26 may kuni kechga yaqin Oltiariq tumanining "Qarchig‘ay" qishlog‘i chetida joylashgan tashlandiq bolalar lagerida yuz bergan.

Oltiariq Ichki ishlar bo‘limi navbatchisi mazkur hodisa yuzasidan tergov ishi qo‘zg‘atilganini bildirdi.

Ketmon sopi va shisha sinig‘i

"Iftixor" jamoasining himoyachisi, 33 yashar Hasan Ergashev 30 may kuni Ozodlik bilan bo‘lgan suhbatda jamoa direktori uni va jamoadoshi Tursunboy Husanovni "futbol o‘yinlarini raqib jamoalarga sotishda" ayblaganini bildirdi.

Hasan Ergashevning aytishicha, dastlab "Iftixor" jamoasi murabbiyi yordamchisi Nodir Qo‘ziboev unga qo‘ng‘iroq qilib, tumanning "Qarchig‘ay" qishlog‘ida joylashgan bolalar lageriga kelishni so‘raydi.

Bolalar lageri binosi qarshisida futbolchini Nodir Qo‘ziboev, Ahror Ergashev doxil to‘rt kishi kutib oladi.

Hasan Ergashevning aytishicha, jamoa direktori uni lager xonalaridan biriga kiritadi va jamoa murabbiyi yordamchisi eshikni berkitadi.

Ahror Ergashev uni dastlab o‘yinlarni raqib jamoalarga sotishda ayblaydi va so‘ngra kaltaklashga o‘tadi:

- Ahror ura boshladi. Qo‘lida tayoq bilan urdi. Uraverganidan qo‘lidagi qalin tayoq sinib ketdi. Boshqa qalinroq ketmon sopi olib kel, dedi. Qalinroq ketmon sopi olib keldi. Men qarshilik ko‘rsatmadim. - dedi Hasan Ergashev.

Shifokorlar futbolchi boldiridan shisha siniqlari olib tashladi
Shifokorlar futbolchi boldiridan shisha siniqlari olib tashladi

Uning iddao qilishicha, kaltaklash asnosida Ahror shisha sinig‘ini uning boldiriga tiqqan:

- Pastda oyna sinig‘i bor ekan. Oyna sinig‘ini ketmon yorig‘iga qistirib, mahkamlab, keyin o‘sha bilan chap oyog‘imning boldiriga solganda, shisha yirtib kirib ketdi, shisha siniqlari qolib ketdi.- de, esladi Hasan Ergashev.

U boldiridan qona oqa boshlagach, Oltiariq kasalxonasiga borgani, shifokorlar jarrohlik amaliyoti o‘tkazib, boldirdan shisha siniqlarini olib tashlaganini bildirdi.

"Iftixor" jamoasi himoyachisi ikki oyog‘i gipsga o‘rangan holda shifoxonada davolanayotganini qo‘shimcha qildi va o‘z so‘zining isboti sifatida 30 may kuni olingan suratini Ozodlikka yo‘lladi.

Tursunboy Hasanovning ham oyog‘i singani aytiladi
Tursunboy Hasanovning ham oyog‘i singani aytiladi

Jamoaning boshqa bir himoyachisi, 29 yashar Tursunboy Husanov ham ayni kunda Ahror Ergashev tomonidan kaltaklanganini tasdiqladi, biroq hozircha yuz bergan hodisani batafsil so‘zlab bera olmasligini bildirdi.

"Iftixor" jamoasi o‘yinchilaridan birining aytishicha, Tursunboy Husanovning ham oyog‘i singan, hozirda u Oltiariq markaziy shifoxonasida davolanmoqda.

O‘yinchining aytishicha, go‘yoki jamoa rahbariyati, ya’ni Ahror Ergashev va Nodir Qo‘ziboev kaltaklangan ikki himoyachini o‘yinlarni raqib jamoalarga "sotishda" gumon qilgan va janjal shundan kelib chiqqan.

"Rahbarimning aytganini qilaman"

Ahror Ergashev (o‘rtada) va O‘YoI rahbari Qahramon Quronboev (o‘ngda)
Ahror Ergashev (o‘rtada) va O‘YoI rahbari Qahramon Quronboev (o‘ngda)

Ozodlik muxbiri kun davomida Ahror Ergashevdan izoh olishga urindi, biroq "Iftixor" futbol jamoasi rahbari qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

Jamoa murabbiyi yordamchisi Nodir Qo‘ziboev Ozodlik bilan suhbatda Ahror Ergashev unga hodisa yuzasidan og‘iz ochmaslikka buyruq berganini aytdi.

Nodir Qo‘ziboev
Nodir Qo‘ziboev

- Rahbarim birov bilan gaplashma, degan. Rahbarimning aytganini qilaman. Kontraktim bor. Ahrorning o‘zi jazolab yuborishi mumkin "nimaga informatsiya berding beso‘roq, deb", - dedi Nodir Qo‘ziboev.

Oltiariq tuman ichki ishlar bo‘limi navbatchisi 26 may kuni yuz bergan hodisa yuzasidan tergov-surishtiruv ishi boshlanganini bildirdi.

"Iftixor" futbol jamoasi 2017 yilda tashkil topgan
"Iftixor" futbol jamoasi 2017 yilda tashkil topgan

Bir yil muqaddam tashkil etilgan "Iftixor" futbol jamoasi O‘zbekiston Pro B ligasida o‘ynaydi.

O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqiga qarashli bu jamoa guruhda to‘p surayotgan 9 jamoa orasida 8- o‘rinda bormoqda.

XS
SM
MD
LG