O‘zbekistonda minglab bemor a’zo va to‘qimalar transplantatsiyasiga muhtojliklari tufayli ularning hayoti xavf ostida qolmoqda. Tijoratchilar Ramazon oyida narx-navoni sun’iy oshirib olgani qoralandi. Qashqadaryoda “tez yordam” xizmati tizimida ko‘ngilni xira qiladigan kamchiliklar fosh etildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.
_____________________________________________________________
O‘zbekistonda transplantatsiyaga muhtoj 10 mingdan ziyod bemor hayoti xavf ostida qolmoqda
O‘zbekistonda 10 mingdan ortiq bemor a’zolar va to‘qimalar transplantatsiyasiga muhtoj, bu degani shuncha odamning hayoti xavf ostida (“Hurriyat”, 30 may). Shu sabab “Adolat” partiyasi “Odam a’zolari va to‘qimalarini transplantatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Ushbu hujjat ayni paytda deputatlar ishtirokida tibbiyot muassasalari va o‘quv yurtlarida muhokama qilinmoqda. 2017 yildan buyon Vazirlar Mahkamasi qabul qilgan vaqtinchalik nizom asosida mamlakatda buyrak va jigar transplantatsiyasi operatsiyalari o‘tkazilmoqda. Qonun loyihasining qabul qilinishi esa transplantatsiya amaliyotlarini keng miqyosda olib borishga yo‘l ochadi. Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh transplantologi Ulug‘bek Yo‘ldoshevga ko‘ra, hozirda bunday murakkab jarrohlik amaliyotlari dunyoning qirqdan oshiq davlatida amalga oshiriladi.
Ramazon oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxini sun’iy oshirib olish tanqid qilindi
Ramazon boshlangach, bozorlarda bu oyda xaridorgir bo‘ladigan ayrim mahsulotlarning narx-navosini sun’iy ravishda oshirib olish holati kuzatilmoqda (“Oila davrasida”, 31 may). Tijoratchilarning bu xatti-harakatidan esa xaridorlar mamnun emas, albatta. O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili Isomiddin Ahrorov bu holatga munosabat bildirib, oziq-ovqat mahsulotlari narxini sun’iy ravishda oshirishdan islom shariati qaytarganini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, tijoratchilar odamlarga og‘irlik va aziyat yetadigan harakatlardan tiyilib, yolg‘on, g‘irromlik aralashtirmasdan savdo qilishi lozim. “Tijoratning barakasi pul va molning ko‘pligida emas, uning insof bilan qilingani, halol va xolisligidadir”, degan mamlakat musulmonlari idorasi vakili Isomiddin Ahrorov.
Qashqadaryo tez tibbiy yordam tizimida ko‘ngilni xira qiladigan kamchiliklar aniqlandi
Qashqadaryo viloyati shoshilinch tibbiy yordam xizmati tizimida ko‘ngilni xira qiladigan talay kamchiliklar fosh etildi (“Huquq”, 31 may). Bu haqda viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Sarvar Azimov ma’lum qiladi. Qoidaga ko‘ra 7-8 yil avval ishlab chiqarilgan avtomashinalarda tez tibbiy yordam xizmatida foydalanish taqiqlanadi. Ammo viloyatdagi 120 ta mashinadan belgilangan muddatdan ortiq foydalanib kelinayotgani, ayrim mashinalarning ishlab chiqarilganiga 20 yilga yaqinlashib qolgani aniqlangan. Joriy yilda tez yordam xizmatiga 40 ta avtomashina berilishi belgilangan, ammo bor-yo‘g‘i 5 ta avtoulov keltirilgan. Tez yordam mashinalari harakatlanishi uchun ajratilishi zarur bo‘lgan 76 tonna o‘rniga atigi 25 tonna yonilg‘i yetkazilmoqda. Shuningdek, ko‘plab tez yordam shaxobchalari binolari ham ta’mirtalab ahvolda ekani ma’lum qilingan. Qayd etilishicha, aniqlangan qonun buzilishlari holatlari bo‘yicha prokuror nazorati choralari qo‘llangan.