Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 08:19

Tramp AQShning NATOdagi ittifoqchilariga ogohlantirish xati yo‘lladi


AQSh prezidenti NATO Bosh kotibi bilan.
AQSh prezidenti NATO Bosh kotibi bilan.

AQSh prezidenti Donald Tramp NATOdagi bir qancha ittifoqchilari, jumladan, Belgiya, Kanada, Germaniya va Norvegiyaga xat yo‘llab, ushbu mamlakatlar mudofaaga juda kam mablag‘ sarflayotganini bildirdi, deyiladi The New York Times gazetasi xabarida.

Gazetaning 2 iyuldagi maqolasida yozilishicha, Qo‘shma Shtatlar hukumati iyun oyida NATOdagi ittifoqchilariga “keskin so‘zlar” bitilgan ogohlantirish xatlari jo‘natgan. Unda ittifoqqa a’zo sifatida xavfsizlikka oid majburiyatlar bajarilmayotganidan Qo‘shma Shtatlarning hafsalasi bo‘layotgani ta’kidlangan.

Tramp NATOga a’zo mamlakatlarni yalpi ichki mahsulotining 2 foizdan kam qismini mudofaa sarflayotgani uchun qayta-qayta tanqid qilib kelmoqda.

11-12 iyulda NATOning Bryusselda bo‘lib o‘tadigan sammiti oldidan Qo‘shma Shtatlar bilan ayrim eng yaqin ittifoqchilari o‘rtasida ziddiyatli vaziyat vujud keldi. Ayni uchrashuvdan so‘ng Tramp 16 iyulda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Helsinkida uchrashishni rejalashtirmoqda.

NATO Bosh kotibi yordamchisining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Jeyms Appaturay Ozodlik muxbiriga, “siyosatning shu kunlarda bashorat qilib bo‘lmaydigan narsaga aylangani”, ammo mudofaa masalasida “barcha ittifoqchilar to‘g‘ri yo‘nalish olayotganini bildirdi.

"AQSh hukumati Tramp rahbarligida Yevropa xavfsizligi uchun xarajatlarni 40 foiz oshirdi... O‘z navbatida yevropaliklar ham mudofaa va NATOga ko‘proq pul sarflamoqda. Binobarin, yutuqlar haqida gapirsak bo‘ladi”¸ dedi Appaturay.

Tramp Germaniya kansleri Angela Merkelga yo‘llagan xatida “Yevropa, ayniqsa, Germaniya iqtisodiy rivojlanib borayotgan, shu bilan birga mudofaa sohasidagi muammolar boshdan oshib yotgan paytda Qo‘shma Shtatlar qit’a mudofaasiga tobora ko‘proq mablag‘ sarflayotgani” aytiladi.

Ayni gaplar Trampning NATOga a’zo boshqa mamlakatlar, jumladan, Kanada, Norvegiya va Belgiya rahbarlariga yozgan xatida ham takrorlanadi.

Merkel esa o‘z navbatida NATO oldidagi mudofaa xarajatlari bo‘yicha olgan majburiyatlarini 2024 yilga qadar bajara olmasligini aytdi.

XS
SM
MD
LG