Линклар

Шошилинч хабар
27 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:09

Ayollarni tahqirlagan IIB xodimi ushlandi. Jinoiy ish Bosh prokuratura rahbariyati nazoratiga olindi


Ozodlikning 4 iyul kuni e’lon qilgan "Kattaqo‘rg‘on militsiya bo‘limiga olib kelingan ayollar qip-yalang‘och qilib tahqirlandi" maqolasidan so‘ng, 5 iyul kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi o‘z saytida Kattaqo‘rg‘on shahar IIB tezkor vakili San’at Umarov ushlangani va uning ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida rasmiy bayonot e’lon qildi.

"2018 yil 22 iyun kuni fuqaro N.T. Samarqand viloyat DXX boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilib, 03.06.2018 yilda Kattaqo‘rg‘on shahar IIB tezkor vakili S.Umarov va boshqalar uni shahar IIB binosida haqorat qilib, yechintirishga majbur qilishganligini bildirgan.

Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, 03.06.2018 yil soat 10:00 larda fuqaro N.T. Kattaqo‘rg‘on shahrining «Dehqon bozori»da bo‘lgan vaqtida shahar IIB xodimlari uni o‘g‘rilik qilganlikda gumon qilib, shahar IIB ma’muriy binosiga olib kelishganligi aniqlangan. Shahar IIB tezkor vakili S.Umarov unga o‘g‘rilik qilish maqsadida bozorga kelganligini aytib, uni haqorat qilgan. So‘ng IIB ma’muriy binosining koridorida N.T. ning egnidagi barcha kiyimlarini yechishga majbur qilib, bu holatni o‘zi videotasvirga olgan.

2018 yil 4 iyul kuni Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan Kattako‘rg‘on shahar IIB tezkor vakili S.Umarovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda S.Umarov ushlangan va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Shuningdek, Kattaqo‘rg‘on shahar IIBda mazkur holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda", deyiladi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi rasmiy bayonotida.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 206 modda(hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish)sining birinchi qismida shunday deyilgan:

"Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, ya’ni mansabdor shaxsning o‘ziga qonun bilan berilgan vakolatlar doirasidan chetga chiqadigan harakatlarni qasddan sodir etishi, fuqarolarning huquqlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoki jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo‘lsa, — eng kam oylik ish haqining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi".

4 iyul kuni Ozodlikda chop etilgan maqola va video ijtimoiy tarmoqlarda tezlik bilan tarqadi va jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Ozodlikning Facebookdagi sahifasida bu videoni bir necha soat ichida 164 ming odam ko‘rdi¸ minglab odam sharh qoldirdi.

Hozircha Ozodlik maqolasi e’lon qilgunga qadar o‘z xizmat vazifasini davom ettirib kelgan San’at Umarovning ish joyida¸ davlat xizmatchisi sifatida qilgan g‘ayriqonuniy hatti-harakatiga oid Ichki ishlar vazirligi munosabat bildirmadi.

Ijtimoiy tarmoqda o‘ziga xos portlash yaratgan voqea haqida Ozodlik 4 iyul kuni chop qilgan maqola matni quyida.

Kattaqo‘rg‘on militsiya bo‘limiga olib kelingan ayollar qip-yalang‘och qilib tahqirlandi (VIDEO)

4 iyul kuni Ozodlikka maxsus yuborilgan videotasvirda o‘zi ko‘rinmayotgan erkak kishi kamera qaratilgan ayolni keskin haqorat bilan kiyimlarini yechib¸ qip-yalang‘och bo‘lishga majburlaydi.

Kadr ortida tasvirga tushmagan yana bir ayolning ayni-do‘q po‘pisa ostida yechinishga majburlanayotgani ovozi eshitiladi.

Ozodlik o‘tkazgan surishtiruv davomida¸ bu voqeaning 3 iyun kuni Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahar Ichki ishlar bo‘limining binosida bo‘lgani¸ ayolni qo‘rqituv va bosim bilan yechinishga majburlagan shaxsning esa¸ IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi tergovchisi San’at Umarov ekanini aniqlandi.

Videotasvirni Ozodlikka yuborgan Samarqand huquq tizimi mulozimi¸ bu ayollarning Kattaqo‘rg‘on bozorida sodir bo‘lgan o‘g‘rilik munosabati bilan ushlanganlardan ekanini bildirdi.

Tergovchi Ozodlik bilan suhbatda, shunday voqea bo‘lganini tan oldi va bu voqea yuzasidan viloyat prokuraturasi jinoiy ish ochganini bildirdi.

Videotasvirga tushirilgan tahqir

Ozodlikka yuborilgan videotasvirda burchakka qo‘yilgan 35 lar atrofidagi ayol o‘zi ko‘rinmayotgan erkak tomonidan kiyimini birma-bir echishga majburlanadi.

“Yech dokontsa na x..y, yech ishtoningni na x...y! Yech na x..y, deyapman senga, s...y”, deb bir necha bor ayolga qarab o‘shqiradi videotasvirga tushmagan shaxs.

Bu ayol yechinishni boshlagan bir paytda kadrga tushmagan boshqa bir ayolning boshqa shaxs tomonidan tahqirlanayotgani ovozi eshitiladi.

“Hozir onangni s...n seni. Anavuni ko‘rayapsanmi, yech sen ham”, deydi videoda ko‘rinmayotgan ayolni urib-so‘kayotgan ikkinchi erkak ovozi.

Kadr orqasidagi ayol yig‘lab turib, “iltimos unday qilmang”, deb yolvoradi¸ ammo haqorat va tahqir davom etadi.

Kamera qaratilgan birinchi ayol o‘ziga o‘shqirayotgan erkakning haqoratlari ostida karaxt holda, ishtonidan so‘ng siynabandini ham yechadi¸ ammo tahqir shu bilan to‘xtamaydi.

“Yeeeech! Onangni a...ga tiqaman, yech na x..y, haromi”, deydi bu ayol bilan shug‘ullanayotgan shaxs va aks holda ayolni jismoniy zo‘ravonlik bilan qo‘rqitadi.

Videodagi ayol o‘z tahqirlovchisiga, “Akajon, men qilmaganman”, deb yolvoradi. Ammo buyruq berayotgan shaxs endi ayolga qip-yalang‘och holda ko‘chaga chiqishni aytib o‘shqiradi.

“O‘t, u yoqqa na x..y, qo‘y uni naryoqqa, chiq tashqariga, na x..y”, deydi o‘zi ko‘rinmagan¸ ammo ovozi eshitilib turgan shaxs.

Videodagi voqea qachon¸ qaerda bo‘ldi? Ovoz egalari kim?

Videotasvirda aks etgan voqea¸ uni jo‘natgan mulozimning Ozodlikka izoh berishicha¸ 2018 yilning 3 iyunida Kattaqo‘rg‘on shahar Ichki ishlar bo‘limi koridorida sodir bo‘lgan.

Shaxsi ochiqlanishini istamagan huquq tizimi mulozimiga ko‘ra¸ videodagi ayolni yechinishga majburlayotgan shaxs - Kattaqo‘rg‘on shahar IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi tergovchisi San’at Umarovdir.

“3 iyun kuni shahar Ichki ishlar bo‘limining tergovchisi San’at Umarov boshchiligidagi guruh Kattaqo‘rg‘on bozoriga boshqa tumandan kelgan ikki ayolni o‘g‘rilikda gumonlab, Ichki ishlar bo‘limiga olib kelishadi va qip-yalang‘och qilib yechintirib, o‘g‘irlangan pulni izlashadi. Hech narsa topolmagandan keyin, hech qanday hujjat to‘ldirmay, javob berib yuborishadi. Bu ayollar¸ hatto¸ olib kelinganlar daftarida ham qayd qilinmagan”, deydi voqea tafsilotlaridan xabardor mulozim.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ bu videoni tahqirlovchilarning o‘zi olgan va ko‘p o‘tmay u militsiya xodimlari orasida tarqay boshlagan.

Militsiya tergovchisi kadr ortidagi shaxs o‘zi ekanini tasdiqladi

Kattaqo‘rg‘on shahar Ichki ishlar bo‘limi tergovchisi, kapitan San’at Umarov 4 iyul kuni Ozodlik muxbiri bilan suhbatda videotasvirdagi ayolni tahqirlagan shaxs o‘zi ekanini inkor qilmadi:

- Men u ayollardan uzr so‘radim. Bu holat bo‘yicha viloyat prokuraturasi jinoiy ish qo‘zg‘agan. Bu ayollar viloyat prokuraturasiga shikoyat qilgan ekan. Hamma gaplarini o‘sha joyga aytishgan. Endi jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, sudga oshiriladi, dedi San’at Umarov.

Ozodlik bilan suhbat davomida Umarov¸ tergov amaliyotlari davom etayotganiga qaramay¸ o‘z xizmat vazifasini davom ettirayotganini bildirdi.

4 iyul kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi videotasvirdagi voqea yuzasidan "tergovoldi tekshiruvi o‘tkazilayotgani" va "inson sha’ni va qadr-qimmati muhofazasi nuqtai-nazaridan" tafsilotlar oshkor qilinmasligini bildirdi.

Ozodlik hozircha videodagi ikkinchi shaxs¸ qolaversa¸ Kattaqo‘rg‘on militsiya bo‘limida tahqirlangan ayollar kimligini aniqlay olmadi. (Voqea tafsilotlaridan xabaringiz bo‘lsa¸ yoki tahqirlangan ayollarga bevosita aloqador bo‘lsangiz¸ Ozodlikka bilganlaringizni yuborishingiz mumkin.)

Qonunni buzuvchi qonun himoyachilari

O‘zbekiston prezidenti o‘tgan yilning fevral oyida selektor yig‘ilishida militsiya xodimlarining o‘zlari qonunni buzayotganini keskin tanqid qilganedi:

- O‘tgan yili 4518 nafar xodim, shundan 966 nafar xodim salbiy holatlarga ko‘ra ichki ishlar idoralaridan bo‘shatilgan. Ulardan aksariyati poraxo‘rlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, mansab vakolatlari doirasidan chetga chiqish kabi jinoyatlarni sodir etgan. Bunday holatda aholi orasida ichki ishlar xodimi obro‘sini qanday qilib oshirish mumkin? Qonun himoyachilarining o‘zi jinoyat sodir etsa, oddiy odam dardini kimga aytishi kerak? –degan edi Shavkat Mirziyoev.

XS
SM
MD
LG