Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:39

Kattaqo‘rg‘onda ayolni yechinishga majburlagan militsiya kapitani qamoqqa olindi


Uzbekistan - building of Supreme court of Uzbekistan
Uzbekistan - building of Supreme court of Uzbekistan

Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahar IIB jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili San’at Umarovga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudining matbuot xizmati Kun.uz ga ma’lum qilgan.

"Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi va 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) 2-qismi "a" bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan San’at Umarov (1988 yilda Samarqand viloyatining Samarqand tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – oliy, oilali, muqaddam sudlanmagan) ga nisbatan Samarqand viloyat prokuraturasining "qamoqqa olish" tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomasi ko‘rib chiqildi va qanotlantirildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2018 yil 6 iyuldagi ajrimiga mufoviq ayblanuvchi San’at Umarovga nisbatan "qamoqqa olish" tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi", deyiladi 6 iyul kuni O‘zbekiston Oliy sudi xabarida.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 5 iyulda bergan bayonotga ko‘ra, San’at Umarov shu paytgacha O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 206-moddasi birinchi qismi bilan ayblanib kelayotgan edi.

Oliy sudning bu xabaridan San’at Umarovga nisbatan ochilgan jinoyat ishiga yana bir ayblov - 235-modda (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) ham qo‘shilgan.

Bu moddaga ko‘ra, "qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash, ya’ni gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, guvohga, jabrlanuvchiga yoki jinoyat protsessining boshqa ishtirokchisiga yoxud jazoni o‘tayotgan mahkumga, ularning yaqin qarindoshlariga ulardan biror bir axborot, jinoyat sodir etganligiga iqrorlik ko‘rsatuvi olish, ularni sodir etilgan qilmish uchun o‘zboshimchalik bilan jazolash yoxud biror bir harakatni sodir etishga majburlash maqsadida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror tomonidan yoki huquqni muhofaza qilish organining, jazoni ijro etish muassasasining boshqa xodimi tomonidan qo‘rqitish, urish, do‘pposlash, qiynash, azob berish yoki qonunga xilof boshqa harakatlar vositasida sodir etilgan qonunga xilof ruhiy yoki jismoniy ta’sir ko‘rsatish — uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi".

Ozodlik Kattaqo‘rg‘on shahar IIB jinoyat qidiruv bo‘limi vakili San’at Umarov boshliq militsiya xodimlarining o‘g‘rilikda gumonlanib, IIBga olib kelingan N.T ismli ayolni majburlab qip-yalang‘och qilib yechintirgani va ularni uyatli so‘zlar bilan haqorat qilgani haqida 4 iyul kuni xabar bergan edi.

Videotasvirda ko‘rinmagan ikkinchi ayolni tahqirlagan shaxs kim?

Ozodlikda e’lon qilingan videotasvirdan o‘g‘rilikda gumonlanib yana bir ayolning militsiya bo‘linmasiga olib kelingani va tasvirga tushmagan ikkinchi ayolning ham kadr ortida tahqirlangani tushuniladi.

Bu voqeaga aloqador boshqa militsiya xodimlari shaxsini aniqlash maqsadida Ozodlik muxbiri Kattaqo‘rg‘on shahar ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Ilyos Abduqahhorov bilan bog‘landi.

Ozodlik savoliga IIB boshlig‘i qisqa javob bilan cheklandi.

"Hozir surishtiruv olib borilayapti, surishtiruv tugagach bu haqda aytamiz. Hozircha boshqa hech narsa aytolmayman", dedi Ilyos Abuqahhorov.

Ichki ishlar vazirligi voqeaga bir sutka o‘tib munosabat bildirdi

Kattaqo‘rg‘on militsiya zobitining o‘g‘rilikda gumonlangan ayolni tahqirlab¸ uni qip-yalang‘och holda koridorda yurishga majburlagani haqidagi xabar jamoatchilikning jiddiy e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda kunning eng qizg‘in muhokama qilingan mavzuiga aylangan bu voqeaga O‘zbekiston parlamenti deputati va Bosh vazir o‘rinbosari Facebookdagi o‘z sahifasi orqali munosabat bildirdi.

Ozodlik xabaridan bir kun o‘tib o‘z xodimining xatti-harakatiga O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi rasmiy munosabat bildirdi:

"Bugungi kunda San’at Umarov ichki ishlar organlaridan salbiy harakatlari uchun bo‘shatilgan. Holat yuzasidan Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda," deya ta’kidlanadi Ichki ishlar vazirligi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasining rasmiy munosabatida.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi rahbariyati "bunday salbiy holatlarni aniqlash, oldini olish va ichki ishlar organlari saflarini nopok, tasodifan kirib qolgan xodimlardan tozalash maqsadida, doimiy ravishda keskin choralar ko‘rib boradi," deya ta’kidlanadi unda.

XS
SM
MD
LG