Линклар

Шошилинч хабар
21 январ 2021, Тошкент вақти: 01:38

Dilorom Saydaminova: Raqsga tushgan eronlik qizning jazolanishi vaxshiylikdir!


Moida Xo‘jabriy

Eronda Instagram tarmog‘iga raqs tushayotgani aks etgan videoni joylagan 18 yashar qizga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va TVda badnom qilinganini taniqli o‘zbek bastakori¸ professor Dilorom Saydaminova Ozodlik bilan suhbatda "vahshiylik", deb atadi. O‘tgan hafta Eronda raqs tushayotgan videosini Instagram tarmog‘iga joylagan Moida Xo‘jabriyning ushlangani ayollar huquqlarini himoya qiluvchi guruhlarning jiddiy tanqidiga sabab bo‘lgan edi.

Bu raqs Eron jamiyatini ikkiga bo‘ldi

Tehronlik Moida Xo‘jabriy g‘arb musiqasiga raqs tushgani uchun ushlanib TVda tazarru qilishga majburlanganiga norozilik bildirgan yuzlab qizlar ayni tarzda raqsga tushib videosini ijtimoiiy tarmoqlarga qo‘yishdi.

Turkiyalik raqqosa ham norozilik tadbiriga qo‘shildi
Turkiyalik raqqosa ham norozilik tadbiriga qo‘shildi

Shu tariqa ular Erondagi islomiy dress-kod quyushqoniga qarshi chiqishdi.

O‘zbekistonlik taniqli bastakor¸ konservatoriya professori Dilorom Saydaminova eronlik qizni “vahshiylik qurboni” deb atadi:

- Nima qipti shu qizaloq uyida raqsga tushsa?! Bir chiroyli qobiliyati bor ekan. Erondagi mutaassiblarning bu qizni ushlab ikki kun qamab keyin televizorda badnom qilgani vahshiylikdir. Men bir san’atkor¸ ona va oddiy inson sifatida bu vahshiylikni qoralayman. Bunday vahshiylik yaqin o‘tmishimizda O‘zbekistonda ham bo‘lgan. Nurxon kabi san’atkor bo‘lishni istagan ësh nihollarni mutaassib mullalar qatl qilgan. Ammo jamiyatimizda ma’rifat yuksalgani uchun bunga barham berildi. Bugungi O‘zbekiston dunyoviy va demokratik yo‘ldan bormoqda. Raqs ham, balet ham, opera ham xalq e’zozida¸ dedi suhbatdosh.

O‘zbekistonda ham "g‘arbga taqlid" qoralanadi

Toshkentda kordebalet guruhiga boshchilik qilayotgan 21 yashar Nigina Jabborova eronlik raqqosa qizning kuni¸ o‘zbek raqqosalarining ham boshiga tushishidan havotiri borligini Ozodlik bilan suhbatda yashirmadi:

- Moida Xo‘jabriyni G‘arb raqsiga tushganlikda ayblashdi. Bizning kordebalet guruhimizga ham bir necha marta shunday yorliq yopishtirishdi. To‘ylarda mahalla oqsoqollari bular qatnashmasin deb bizni chiqarib yuborgan payti ham bo‘ldi. Raqsga tushgan ayolning betonkada tanasini sotayotgan ayoldan farqi yo‘q degan noto‘g‘ri tushuncha shakllangan. Men o‘z truppam bilan bugun oqshom Toshkentdagi restoranda Moida Xo‘jabriyni qo‘llab-quvvatlab¸ raqsga tushaman¸ dedi Nigina Jabborova.

"Neojadid" bloger nimadan havotirda?

O‘zbekistonlik bloger Sardor Salim o‘zining facebookdagi sahifasida Moida Xo‘jabriy raqsga tushgan video va o‘z izohini joylashtirdi.

“Videodagi eronlik qiz o‘z uyida raqsga tushib, Instagramga qo‘ygani uchun ikki yilga ozodlikdan mahrum etildi. (Moida Xo‘jabriy ustidan tergov ketmoqda, u sudgacha garov puli evaziga qamoqdan chiqarilgan -tahr.) Eron xalqining «ma’naviyat va ma’rifatiga» zid emish. Endi savol...

Sir emas, ba’zi sekulyar qatlam vakillari orasida O‘zbekistonda dinga «otriqcha» erkinlik berilsa, dindorlar bora-bora dunyoviy qatlamga aynan shunday zo‘ravonlik o‘tkazadi degan hadik mavjud. Hijob va hokazo dindorlikning tashqi ko‘rinishga tazyiq ham shundan.

«Ular dinni tushunmaydida», "islomofob" kabi besamar gaplardan boshqa, dindorlarimizda mana shu hadikni ketkazadigan konstruktiv mulohazalar bormi?

Yoki, savolni boshqacha qo‘ysak... dindorlarimizning «orzu qilgan kelajagi» haqida tasavvur nimalardan iborat?” deya savol qo‘yadi bloger.

Sallali diktator sharpasi

Biz bloger savolini taniqli san’atshunos olim Baris Chuxovichga berdik.

Chuxovich “o‘zbek jamiyatida san’atga qarshi chiqayotgan klerikal guruhlar tahdidi mavjudligini aytadi:

- Fundamentalizm o‘zbek san’atiga tahdid solmoqdami, degan savolni¸ fundamentalizm o‘zbek siyosatiga xavf solmoqdami deb o‘zgartirgan bo‘lardim. Jamiyatda musulmonlar qatlami bor. Ulardan bir qismi radikallashagan. Radikallashgan qatlamning qo‘li extimoliy sharoitlarda baland kelib qolishi mumkin. Xozir radikallar iqtidorga kelishi alomatlari yo‘q¸ lekin bu alomatlar birdan paydo bo‘lishi mumkin. Agar salla kiygan diktator mamlakat rahbarligiga kelsa raqs va qo‘shiqlarni taqiqlash¸ paranji kiydirish bo‘yicha loyihalarni ilgariga surishni istagan mulozimlar navbatga tizlishiga ishonaman¸ deydi munaqqid.

Munaqqidning bu "prognozi"ga Ozodlikda javob bergan bloger Sardor Salim bu masalada ikki variant borligini aytadi:

- Voqealar rivojining ikki varianti bor, fikrimcha. Elita va dindorlar aqlini yig‘ib olib, muloqot va murosa qilsa, ikki tomonga ham ma’qul keluvchi kelajak qurish imkoniyati bor. Hozirgidek davom etsa, siz aytgan variant ham imkonsiz emas. Eronda teokratik rejim ham shoxning murosasiziligi natijasida vujudga kelganku, - deydi bloger.

XS
SM
MD
LG