Линклар

Шошилинч хабар
10 октябр 2024, Тошкент вақти: 04:19

Bosh vazir taqiqiga qaramay Andijon shahar hokimi o‘qituvchilarni yana majburiy mehnatga chiqardi


O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripovning 21 iyunda o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida maktablarni hokimlar nazoratidan chiqarish haqidagi topshirig‘iga qaramasdan Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaev maktab direktorlariga o‘qituvchilarini ta’tildan chaqirib olib, mahallalardagi yoshlarni ro‘yxatga olish topshirig‘ini berdi.

Bu haqda Ozodlikka arz qilgan o‘qituvchilar va maktab direktorlarining aytishlaricha, birinchi topshiriq dushanba kuni o‘tgan majlisda berilgan.

Andijon shahar hokimligi mulozimi bunday topshiriq bo‘lganini inkor qilmoqda.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 10 may kuni qabul qilgan qarorida ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasi, boshqa byudjet tashkilotlari xodimlarini, talabalar va ta’lim muassasalari o‘quvchilarini majburiy jamoat ishlariga bevosita yoki bilvosita jalb qilgan mansabdor shaxslarga nisbatan qat’iy intizomiy choralar qo‘llanilishi yozilgan.

Andijon shahridagi maktablardan birida ishlaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchining Ozodlikka aytishicha, maktab direktori ta’tildagi o‘qituvchilarni hokimning topshirig‘ini bajarish uchun chaqirib olgan:

“Direktorimiz telefon qilib, maktabga kelishimni so‘radi. Borsak shu gap, biz har kuni 4-5 tadan bo‘lib mahallaga birkitilgan ekanmiz. Mahalladagi 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ro‘yxatini olib, topshirar ekanmiz. Mana endi ta’til ham bir pul bo‘lib, mahallama-mahalla yuribmiz. Shahar hokimi uchun Bosh vazirning gapi ham bir chaqalik ahamiyati yo‘q ekan”, dedi o‘qituvchi.

O‘qituvchi maktab direktorining telefoniga shahar xalq ta’limi mutasaddisidan kelgan SMSni Ozodlikka yubordi. Unda bu topshiriq shahar hokimidan bo‘lganligi yozilgan.

Andijon shahar xalq ta’limi mulozimidan maktab direktorlariga kelgan SMS
Andijon shahar xalq ta’limi mulozimidan maktab direktorlariga kelgan SMS

​Shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaev 9 iyul kuni kechqurun o‘tkazgan yig‘ilishga chaqirtirilgan, ismi sir qolishini so‘ragan maktab direktorlaridan birining aytishicha, o‘qituvchilar hokimning bu topshirig‘idan norozi bo‘lmoqda:

“Hokim majlisda prezidentning qarori bor, yoshlar qancha ekanligini aniqlaymiz, dedi. Shunga hamma maktab direktorlariga o‘qituvchilaringni mahallalarga birkitinglar, sanab chiqsin dedi. Bu, mahalla bilan hokimlikning, qolaversa Yoshlar ittifoqi degan bir tashkilotning ishiku, biz o‘qituvchilarni bunga nima daxli bor? Men ham, majbur bo‘lib, o‘qituvchilarimni ta’tildan chaqirib oldim, olti-oltidan bo‘lib, falon-falon mahallada yurasiz deb, jadval qildim. O‘qituvchilarimiz norozi bo‘lyapti, axir maktablar endi hokimlarga bo‘ysunmaydi, o‘zini ishi bilan mashg‘ul bo‘ladi, deb aytishgan ediku, deb. Men nima ham derdim, bizning shahar hokimi Bosh vazirdan ham zo‘r, dedim”, deydi maktab direktorlaridan biri.

Andijon shahar xalq ta’limi mulozimidan maktab direktorlariga kelgan SMS
Andijon shahar xalq ta’limi mulozimidan maktab direktorlariga kelgan SMS

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa maktab direktorining iddao qilishicha, shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaev majlisda maktab direktoriga bosim o‘tkazgan:

“Ey, sen maktab direktorlari, yaqinda seni besh-o‘ntangni juvonmarg qilib, burningni qonataman, qamalasan senlar, dedi hokim yig‘ilishda. Bilmadim, bu hokim kimga ishonadi, qancha tanqid qilingan bo‘lsa ham, so‘kong‘ichligi uchun jarimaga ham tortilgan bo‘lsa ham, Bosh vazir majburiy mehnat uchun so‘nggi bor ogohlantirgan bo‘lsa ham, hech qanday o‘zgarish bo‘lmadi. O‘qituvchilar hokimiyatning mardikori sifatida qolmoqda”, deydi maktab direktori.

Andijon shahridagi ismi sir qolishini so‘ragan mahalla oqsoqollaridan biri ham 11 iyul kuni kechqurun soat 7da o‘tkazilgan yig‘ilishda ishtirok etganini aytar ekan, shahar xalq ta’limi bo‘limi mudirasini hokim yig‘latganini aytdi:

"Mudirani nega direktorlaring aytgan topshiriqni bajarmayapti, tvar-pvar deb so‘kdi. Mudira yig‘lab yubordi. Hozir mening mahallamda ham to‘rtta o‘qituvchi uyma-uy ro‘yxat qilib yuribdi", dedi mahalla oqsoqoli.

Andijon shahar hokimligining Ozodlik bog‘langan rasmiysi o‘zini tanishtirmadi, u shahar hokimi tomonidan bunday topshiriq berilganini inkor qildi:

"Hokimlikda bu voqeadan hech kimning xabari yo‘q, hokim tomonidan bunday topshiriq berilmagan", dedi mulozim.

O‘zbekiston Bosh vaziri 21 iyunda o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida maktablarni hokimlar nazoratidan chiqargan va endilikda faqat Xalq ta’limi vazirligiga bo‘ysunishini aytgan edi.

Bundan avval esa, O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov o‘qituvchi va shifokorlarni majburiy mehnatga jalb qilish masalasida 17 aprel kuni o‘tkazgan selektor yig‘ilishida, bir necha hokimga hayfsan e’lon qilib, Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaevni oxirgi marta ogohlantirayotganini aytgan edi.

So‘kong‘ich va hukumat qarorlarini nazar-pisand qilmaydigan hokim

Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaev o‘tgan yili kuzda paxta terimiga kam odam odam chiqargan tashkilot rahbarlarini qattiq haqoratqilgan va bu haqoratlari uchun ma’muriy javobgarlikka tortilib, unga 5 million so‘m jarima solingan edi.

Lekin, bu jarimadan so‘ng, joriy yilning fevral oyida Dilmurod Rahmatullaev metallolom topshirig‘ini bajarmagan va bolalar sporti jamg‘armasiga pul o‘tkazmagan rahbarlarni yana “iflos, shakal, tvar, hayvon”kabi so‘zlar bilan tahqirlagan edi.

O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov 17 aprel kuni o‘qituvchi va shifokorlarni majburiy mehnatga jalb qilish masalasida o‘tkazgan selektor yig‘ilishida, bir necha hokimga hayfsan e’lon qilib, Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaevni oxirgi marta ogohlantirayotganini aytgan edi.

Ammo, bu ogohlantirishdan keyin ham Dilmurod Rahmatullaev 15 may kuni obodonlashtirish ishlariga yetarli e’tibor bermagan mahalliy tashkilot rahbarlari va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislarini "iflos, xudo urgan, maraz, pes, moxov, harom va latta" kabi so‘zlar bilan haqorat qilgan edi.

Ozodlik tasarrufida bu haqoratlarning hamma audioyozuvlari saqlangan.

Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaev so‘kong‘ichligi uchun jazo olganiga va Bosh vazir tomonidan so‘nggi ogohlantirilganiga qaramay, tashkilot rahbarlarini haqorat qilishda davom etyapti.

Bunga qonun nima deydi?

Ozodlik, o‘zbekistonlik huquqshunoslardan biriga bu masalaga huquqiy baho olish uchun murojaat qildi.

Huquqshunosning aytishicha, ma’muriy jazoga tortilgan mansabdor shaxs, agar bu harakatini yana davom ettirsa, O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 140- moddasi bilan javobgarlikka tortiladi.

Bu moddada shunday yozilgan:

“Haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash, basharti, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin sodir etilgan bo‘lsa, — eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi”.

Huquqshunosning aytishicha, agar mansabdor shaxsning haqoratiga da’vogar shaxs bo‘lmasa ham, bu voqea ommaviy axborot vositalarida yoritilgan bo‘lsa prokuratura jinoiy ish qo‘zg‘atishi shart. Aks holda jinoyatni yashirayotgan hisoblanadi.

Huqushunos bu gapini O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksining 327-moddasi bilan asoslaydi:

“Muayyan jinoyat to‘g‘risida matbuot, radio va televidenie, hujjatli kinofilmlardagi, shuningdek, ommaviy axborot vositalariga yo‘llangan, lekin e’lon qilinmagan xatlardagi xabarlar jinoyat ishini qo‘zg‘atishga sabab bo‘ladi”.

Huquqshunosning aytishicha, agar prokuratura bu holatni bilib turib jinoyat ishi ochmasa uning xatti-harakatini O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 2411-moddasi (jinoyatni hisobga olishdan qasddan yashirish) bilan malakalash mumkin.

XS
SM
MD
LG