Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 13:28

Toshkentning hududi kengayib borayotgan hokimi Davlat raqobat qo‘mitasi binosini oldi


Toshkent shahar hokimining yangi qarorgohi - temir panjara ortidagi uch qavatli binoni Jahongir Ortiqxo‘jaev o‘z shirkati uchun qurgan. Uning yonidagi Davlat raqobat qo‘mitasi binosini ham hokim o‘z tasarrufiga oldi.
Toshkent shahar hokimining yangi qarorgohi - temir panjara ortidagi uch qavatli binoni Jahongir Ortiqxo‘jaev o‘z shirkati uchun qurgan. Uning yonidagi Davlat raqobat qo‘mitasi binosini ham hokim o‘z tasarrufiga oldi.

18 iyuldan Toshkent markazidagi Islom Karimov ko‘chasida joylashgan 17 qavatli binodagi tashkilotlarni ko‘chirish va binoni bo‘shatish jarayoni boshlandi.

O‘tgan oy ayni ko‘chadagi yangi qurilgan uch qavatli binoga ko‘chishni boshlagan Toshkent shahar hokimligi boshqaruvi yangi ofisga to‘liq o‘rnashmay turib¸ 90-yillar oxirida Davlat Mulk qo‘mitasi uchun qurilgan 17 qavatli qo‘shni bino ham hokimlik tasarrufiga o‘tmoqda.

Davlat raqobat qo‘mitasi binosida joylashgan tashkilot va muassasalar xodimlaridan ayrimlari Ozodlikka huquqiy-normativ hujjat bo‘lmagan holda¸ o‘zlarini ko‘chishga majburlashayotganini shikoyat qildi.​

Toshkentdagi eng baland imoratlardan bo‘lgan bu binoda¸ Ozodlikka ma’lum qilishlaricha¸ sobiq Davlat Mulk qo‘mitasi (hozirgi nomi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi¸ qisqa shakli Davlat raqobat qo‘mitasi)dan ​tashqari¸ Sanoatqurilish banki mintaqaviy filiali¸ Siyosiy tadqiqotlar markazi kabi boshqa tashkilotlar ham joylashgan.

Qurilishi boshlangan Tashkent City qarshisida joylashgan bu binodan chiqish buyurilganlar¸ Toshkent yangi hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaevni o‘z vakolatidan foydalanib¸ 500 dan oshiq odamni sarson qilayotganlikda ayblamoqda. Bu e’tirozlarga javob bergan hokim vakili esa¸ Raqobat qo‘mitasi balansidagi binoning Toshkent shahar hokimligiga berilayotganiga Ortiqxo‘jaevning aloqasi yo‘qligi¸ bunday ko‘chish¸ “aholiga qulaylik yaratish maqsadida” Vazirlar Mahkamasi tashabbusi bilan amalga oshayotganini bildirdi.

E’tiroz

Islom Karimov ko‘chasidagi Davlat raqobat qo‘mitasi binosida ishlab kelayotgan qo‘mita¸ bank va markaz xodimlaridan ayrimlari Ozodlikka huquqiy-normativ hujjat bo‘lmagan holda¸ o‘zlarini ko‘chishga majburlashayotganini bildirdi.

“Hech kimning qo‘lida biror hujjat yo‘q¸ qaerga¸ nima uchun ko‘chishimiz kerakligi haqida yozma qaror yoki tushuntirish ham yo‘q. O‘tgan oy bu binoni shahar hokimi olarkan¸ shunga ko‘chishga tayyor bo‘p turinglar deyishdi. Kechadan mana ko‘chiruvchilar kelib¸ pastki qavatlarni bo‘shatishni boshlashdi”¸ - dedi 19 iyul kuni Ozodlikka gapirgan 17 qavatlik binodagi tashkilotlardan biri xodimasi.

Goldenpages MChJ ko‘chishni boshlab berdi¸ deydi Davlat raqobat qo‘mitasi binosida ishalb kelgan mulozim 19 iyul kuni.
Goldenpages MChJ ko‘chishni boshlab berdi¸ deydi Davlat raqobat qo‘mitasi binosida ishalb kelgan mulozim 19 iyul kuni.

Rasmiy manbalardan olingan ma’lumotga ko‘ra¸ Toshkent shahar hokimligi uchun bo‘shatib berish so‘ralgan bu binoda jami 560 odam ishlaydi. Ularning 125 nafari Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xodimlari bo‘lsa¸ qolgani qo‘mita tizimidagi tashkilotlar va boshqa xususiy xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar ishchi-xizmatchilaridir.

“Bu yerda joylashgan tashkilotlar soliq to‘laydi, xar yili turli jarimalar undiradi, davlat mulkini sotib davlat byudjetiga katta mikdorda tushum tushiradi. Qandaydir notijorat tashkilotlar joylashgan bo‘lganda boshqa gap edi. Hokimiyat birvarakayiga bank¸ turli markazlar¸ vazirlik maqomiga tenglashtirilgan qo‘mita va bir qator tadbirkorlik sub’ektlarini chiqarib yubormoqda! Bu tashkilotlar qayoqqa boradi¸ joy topish¸ ko‘chish¸ ko‘chib borilgan joyda hamma narsani boshqattan tashkil etish – bularning hammasi mablag‘¸ vaqt talab qiladiku! Bu reja shuncha odamni sargardon qilish va soliq to‘lovchining shuncha pulini sovurishga arziydimi?” dedi davlat qo‘mitasining shaxsi ochiqlanishini istamagan mulozimlaridan biri.

Ozodlik hozircha Davlat raqobat qo‘mitasi tasarrufida bo‘lib kelgan 17 qavatli binoni Toshkent shahar hokimligi balansiga topshirishga oid hukumat qarorini ko‘rgani yo‘q. Adliya vazirligining bundan hujjatlarni tayyorlashda ishtirok etadigan boshqarmasi rasmiylari ham Ozodlikka bunday hujjatni ko‘rmaganliklarini bildirdilar.

26 aprel kuni Toshkent shahriga hokim etib tayinlangan Jahongir Ortiqxo‘jaev O‘zbekiston qurilish bozoridagi yirik ishlab chiqaruvchiga aylangan Artel shirkati mulkdori¸ Shavkat Mirziyoev davrining eng yirik qurilish loyihasi bo‘lgan Tashkent City direksiyasining oldingi rahbari.

Davlat raqobat qo‘mitasining 17 qavatlik binosi aynan Tashkent City qarshisida joylashgan.

“Ortiqxo‘jaevning Artel shirkati bizning binomiz yonida 4-5 yil davomida o‘ziga ofis qurdi. Bu binoga artel-akfachilarning ko‘chib kirishi kutilganda Ortiqxo‘jaev hokim bo‘ldi va Artel binosi bahorda 125 milliard so‘mga sotuvga qo‘yildi. Orada nimalardir bo‘ldiyu¸ bu bino go‘yo beg‘araz ravishda Toshkent hokimligi balansiga berildi. Ortiqxo‘jaev unga endi Artel xo‘jayini emas¸ balki Toshkent hokimi sifatida ko‘chib kirdi. Hali ko‘chib kirmay turib¸ Tashkent City ro‘parasidagi qo‘shni binolarni o‘zlashtirishga kirishdi. Agar Artelga qurilgan uch qavatlik bino hokimlikka kichiklik qilayotgan bo‘lsa¸ City hududidan joy olib¸ qursin¸ nima qiladi shuncha odamni sarson qilib?”deb e’tiroz bildirdi o‘z idorasi ko‘chishga buyurilgan mulozimlardan yana biri.

Toshkent shahar hokimligi tasarrufiga o‘tgan binolar qurilishi boshlangan Tashkent City ro‘parasida joylashgan.
Toshkent shahar hokimligi tasarrufiga o‘tgan binolar qurilishi boshlangan Tashkent City ro‘parasida joylashgan.

Hokimlik javobi

Ozodlik Islom Karimov ko‘chasidagi Davlat raqobat qo‘mitasi tasarrufida bo‘lib kelgan 17 qavatli binoning Toshkent shahar hokimligiga berilishini taqozo qilgan sabablar va bu jarayon yuzasidan bildirilayotgan e’tirozlarga munosabat so‘rab¸ Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatiga bog‘landi.

Xizmat mulozimi bu tashabbusga shahar yangi hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaevning umuman aloqasi yo‘qligi¸ taklifning respublika rahbariyati tomonidan berilganini ta’kidladi.

“To‘g‘ri¸ 17 qavatli bino bizga berildi. Birinchi qavatga Toshkentturizm¸ Xalq qabulxonasi kecha va bugun ko‘chib kirayapti. Farmoyish bor-yo‘qligini bilmayman¸ ammo bizga ko‘chish topshirig‘i berildi – bino Toshkent shahar hokimligi tasarrufiga o‘tdi. Davlat qo‘mitasi eski hokimiyatga ko‘chadi. Hokimning bu tashabbuslarga aloqasi yo‘q”¸ dedi hokimning matbuot vakili.

Bu rasmiyning ta’kidlashicha¸ shahar markazidagi eng katta va baland binolardan birini olish¸ shahar hokimligining har xil hududda joylashgan idoralarini bir joyga to‘plash ehtiyojidan kelib chiqqan.

“Issiq suv¸ sovuq suv¸Toshkentturizm¸ Xalq qabulxonasi bularning hammasi har qaerda edi. Endi shular bitta joyda jamlanadi. Bu yerga hali Kadastr keladi¸ Arxitektura boshqarmasi keladi. Odamlargayam¸ xodimlarimizgayam yaxshi bo‘ladi. Hamma papka ko‘tarib har tarafga yugurib yurmaydi¸ bitta joyda hamma ishini bitirib ketadi. Maqsad shu!”¸ dedi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati rasmiysi.

Bu suhbatdoshga ko‘ra¸ hozirda shahar hokimligi apparatini kengaytirish taklifi ham berilgan va bu taklif ijrosi ham hokimlikka katta bino berilishini taqozo qiladi.

Ayni paytda hokimlik rasmiysi¸ hozirda hokimlik boshqaruvi¸ markaziy apparati va hokimlikka qarashli turli tizimlarda jami qancha odam ishlashi va ular sonini qanchaga oshirish taklif etilganiga oid aniq raqamlardan bexabarligini bildirdi.

Ozodlik ixtiyorida davlat qo‘mitasi binosida ishlab kelgan 600 ga yaqin davlat va xususiy shirkat ishchi-xizmatchilarining qaerga ko‘chishiga oid aniq ma’lumot hozircha yo‘q.

XS
SM
MD
LG