Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2025, Тошкент вақти: 02:32

Sut-qatiq ichish yurak xastaliklariga chalinish xavfini ozaytirishi mumkin


Yangi tadqiqot natijalariga ko‘ra, qon bosimi yuqori bo‘lgan shaxslar yogurt iste’mol qilsa, ularda yurak-qon tomir kasalliklariga chalinish xavfi ozayishi mumkin.

Gipertoniya – yuqori qon bosimi yurak-qon tomir tizimi kasalliklariga olib keluvchi muhim xavf omili hisoblanadi. Bundan avval o‘tkazilgan klinik tadqiqotlar sut mahsulotlarini iste’mol qilish yurak-qon tomir tizimiga ijobiy ta’sir qilishini ko‘rsatgan.

Endilikda yogurt iste’mol qilish bilan yurak-qon tomir kasalliklariga chalinish xavfi o‘rtasida bog‘liqlik borligi aniqlandi.

Dunyoda bir milliardga yaqin odam gipertoniyadan aziyat chekadi. Yuqori qon bosimi yurak-qon tomir tizimi kasalliklarining asosiy sababchilaridan biridir.

Bungacha sutli mahsulotlarni iste’mol qilish yurak-qon tomir kasalliklari bilan birga uchraydigan gipertenziya va 2-tipdagi qandli diabet kabi kasalliklar xavfini ozaytirishi aniqlangan edi.

Yangi tadqiqot qatnashuvchilari Nurses’ Health Study tadqiqotida qatnashgan 55 mingdan oshiq ayol hamda Health Professionals Follow-Up Study tadqiqotida qatnashgan 18 mingdan oshiq erkakdan iborat bo‘lgan.

1980 yil Nurses’ Health Study tadqiqoti qatnashuvchilari orasida avvalgi yilda qaysi sut mahsulotlarini qay miqdorda iste’mol qilishgani haqida so‘rov o‘tkazilgan. Buning ortidan ishtirokchilar o‘zlariga qo‘yilgan tashxislar haqida xabar berib turgan. Bundan tashqari, ishtirokchilarning ruxsati bilan tadqiqotchilar ularning tibbiy qaydlarini kuzatib borishgan.

Nurses’ Health Study tadqiqoti ishtirokchilari orasida ko‘proq yogurt iste’mol qilish miokard infarkti xavfi 30 foizga, Health Professionals Follow-Up Study tadqiqoti ishtirokchilari orasida esa, 19 foizga ozayishi bilan bog‘liq bo‘lgani aniqlangan.

Har ikki guruh a’zolari orasida haftasiga kamida ikki marta yogurt iste’mol qilish jiddiy yurak xastaligi yoki insult xavfini 20 foizga ozaytirgani aniqlangan.

Tadqiqot mualliflaridan biri Jastin Buendiya:

- Natijalarimiz yogurt bir o‘zi yoki tolaga boy meva va sabzavotlar hamda yaxlit g‘alla mahsulotlariga boy dietaning doimiy tarkibi o‘laroq yurak-qon tomir kasalliklariga chalinish xavfini ozaytirishini ko‘rsatuvchi muhim yangi dalil bo‘ldi, - dedi.

XS
SM
MD
LG