Линклар

Шошилинч хабар
15 декабр 2018, Тошкент вақти: 21:22

Halokat qurbonlari: Tojikistonliklar samimiy, ular birovga yomonlik tilamaydi


Xorijiy sayyohlar o‘ldirilgan joy

Niderlandiyalik psixolog, dunyoni velosipedda kezayotgan ikki amerikalik va shveysariyalik bir sayyoh - to‘rt chet ellikni Tojikiston janubidagi xushmanzara shosseda mahalliy haydovchi o‘z mashinasida urib o‘ldirdi.

Voqea joyida halok bo‘lgan sayohatchilar Tojikistonda tanishib qolgan va xushmanzara Pomir etaklariga birga sayr qilishni kelishib olgan yetti sayyohning to‘rtovi edi. Qolgan uch kishi hujum oqibatida jarohatlandi.

29 iyul kuni Tojikiston poytaxtidan taxminan 150 kilometr janubda hujumni uyushtirgan kishilar avtomobilni velosipedchilar ustiga haydagan, so‘ngra undan tushib, sayyohlarni pichoqlab o‘ldirgan. Bu haqda davlat idoralari vakillari xabar tarqatdi.

Islom davlati (ID) ekstremistik guruhi ushbu fojia uchun javobgarlikni zimmasiga oldi va 31 iyul kuni bir videolavhani tarqatdi. Unda tashkilotning qora bayrog‘i ostida turib, IDga sodiqligini izhor qilayotgan besh kishi tasvirlangan. Ular Tojikiston hukumatini mamlakatni “kofirlar ishg‘ol qilgani”ni aytib, tanqid qiladi.

Tojikiston hukumati ushbu iddaoni rad etib, ID o‘rniga Tojikiston islom uyg‘onish partiyasi tarafdorlari javobgar ekanini aytmoqda. Ilgari ushbu partiya vakillari hukumat lavozimlariga ega edi, ammo prezident Emomali Rahmonning avtoritar rejimi 2015 yili ularni hokimiyatdan butunlay chetlatdi.

Ushbu hujum Tojikiston hokimiyat idoralarini tang ahvolga solib qo‘ydi, chunki sayyohlik mamlakatning qashshoq iqtisodiyotiga ancha-muncha tushum keltirishi ko‘zlanayotgan edi.

Tojikiston va qo‘shni Qirg‘izistonning go‘zal tabiat manzaralari kun sayin ko‘proq velosipedchilar va boshqa sarguzashtsevar sayyohlar e’tiborini tortmoqda. Joriy yilning o‘zidayoq Tojikistonga 900 mingga yaqin sayyoh keldi va 2017 yilgi jami ko‘rsatkichdan 400 foiz ko‘p demakdir.

Sayyohlarning 7 kishilik guruhi uch er-xotin va bir fransuzdan iborat edi.

Amerikalik Jey Ostin bilan Loren Jeogegan ishdan bo‘shab, dunyo bo‘ylab velosipedda bir yilcha oldin sayohatga chiqqan edi. Ular Yevropaga o‘tishdan oldin Afrika mamlakatlariga sayohat qildi, so‘ngra Markaziy Osiyoga otlangan edi.

Ularga Tojikistonga kelishdan oldin Qozog‘iston va Qirg‘izistonga safar qildi. Ostin boshdan kechirganlarini blog tarzida yoritib, er-xotinning velosipeddagi sayohatlariga oid fotosuratlarini ham e’lon qilib bordi.

Hujum vaqtida o‘ldirilgan va jarohatlangan kishilar haqida ma’lumot:

Jey Ostin:

29 yashar Ostin AQShning Uy-joy qurilishi va shaharlarni rivojlantirish departamentida yetti yil xizmat qilgandan so‘ng jahon bo‘ylab velosipedda sayohat qilish uchun ishdan bo‘shagan. U bir blogida “velosipedda sayohat qilish o‘ta xavfsizdir. Tarqatilayotgan xabarlarga qanchalik ishonmang, dunyo juda go‘zal... o‘g‘irlab ketilgan sayyohlar va mayib bo‘lgan velosipedchilar haqidagi gap-so‘zlar juda kam uchraydi... Biz uchun eng xavfli narsa.. avtomobil haydayotgan kishilardir. Odamlari samimiy, birovga yomonlik tilamaydi”, deb yozgan edi.

U to‘rt o‘ldirilgan kishining biridir.

Loren Jeogegan

Vashington shahrida istiqomat qilgan Jeogegan Jorjtaun universitetini bitirgan va o‘sha yerda qabul hay’atining yetakchi xodimi bo‘lib ishlayotgan edi. Asli Kaliforniya janubidan bo‘lgan bu ayol AQSh Kongressida ham ishlagan. Jeogegan velosiped haydash bilan besh yil oldin jiddiy shug‘ullana boshlagan. So‘nggi yillarda Ostinga bir necha marta jahon bo‘ylab sayohatlari chog‘ida hamrohlik qilgan.

U ham o‘ldirilgan sayyohlarning biridir.

Rene Uokke va Kim Postma

Niderlandiyalik 56 yashar psixolog Uokke uzoq yillik sherigi Kim Postma bilan Tailanddan Eronga ketayotib, Tojikistonga kelgan edi. Ular xatarli Afg‘onistondan yurmaslik uchun Tojikiston orqali o‘tib ketmoqchi edi. Uokke Postma bilan ko‘plab velosiped sayohatlarida qatnashgan. Ukasining aytishicha, dunyoning 130 ga yaqin mamlakatiga borgan.

Uokke bilan Postma Amsterdamdagi qayiq-uyiga uzoq yillar ko‘plab muammosi bor bolalarni olib kelib tarbiyalash bilan shug‘ullangan. Bolalar ular doimiy uy topguncha ularnikida yashab turgan. Uokke hujum vaqtida halok bo‘ldi. Postma esa Dushanbe shahridagi shifoxonada davolanib chiqdi. Ayni paytda u poytaxtdagi xavfsiz uyda dam olmoqda.

Markus Hummel va Mari-Kler Diemand

Shveysariyalik velosipedchilar – asli Surix kantonidan. 62 yashar Hummel va sherigi, 59 yashar Diemand “Ushalayotgan orzular” nomli blogida yozishlaricha, Xitoyning Sian shahridan Qirg‘izistonga Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab velosipedda kelgan. Ular 25 iyul kuni yuritayotgan blogiga Tojikistondan, “sukunatdan va tushga o‘xshagan tabiat manzarasidan bahra olyapmiz, kunbo‘yi Pomir daryosi va vodiyning afg‘on tomoniga tikilib o‘tiribmiz”, deb yozgan edi.

Hummel hujum vaqtida halok bo‘ldi, Diemand esa omon qoldi va Dushanbe shahridagi shifoxonaga yotqizildi.

​Giyom Kazabat

Ushbu frantsuz guruhning quyrug‘ida velosiped haydab ketgan edi va u dastlabki hujumning nishoni bo‘lmagan. Xabarlarda aytilishicha, yengil jarohat olgan. Fransiyaning Dushanbedagi elchixonasi u haqda bundan ortiq ma’lumot bera olmadi.

XS
SM
MD
LG