Линклар

Шошилинч хабар
24 октябр 2018, Тошкент вақти: 09:56

Asakalik tadbirkorning militsiya bo‘limida kaltaklangani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi


Tadbirkorning YHX xodimlari tomonidan shikast yetkazilgan "Malibu" mashinasi/

Andijon viloyat, Asaka tuman prokuraturasi tadbirkor Oybek Husanovning Asaka shahar ichki ishlar bo‘limida 11 iyul kuni kaltaklangani va unga bir qancha tan jarohatlari yetkazilgani holati yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 105-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish), birinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati Ozodlikka bildirdi.

Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, jabrlanuvchi Oybek Husanov qayta sud-tibbiy ekspertizasidan o‘tkazilgan.

Asaka shahar ichki ishlar bo‘limi va yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari ustidan xizmat tekshiruvi boshlangan.

Ozodlik 31 iyul kuni asakalik tadbirkor, 39 yashar Oybek Husanov yo‘l harakati xavfsizligi isnpektorlari va Asaka shahar ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan vahshiylarcha kaltaklangani haqida xabar bergan edi.

Милиция томонидан калтакланган ҳайдовчи иши юзасидан прокуратура тергов бошлади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:54 0:00

Oybek Husanov bu kaltaklanish natijasida uning to‘rtta qovurg‘asi singanligi, qaynoq asfaltda 350 metr masofaga oyoqyalang olib borishgani oqibatida oyog‘i kuyib, panjalarini shisha kesib yuborganini aytgan edi.

Oybek Husanovning 2 avgust kuni Ozodlikka aytishicha, maqola nashr qilingan kunning ertasiga Asaka shahri prokurori o‘rinbosari undan bo‘lgan voqea haqida batafsil ma’lumot yozdirib olgan. Bundan tashqari Oybek qayta tibbiy ekspertizadan o‘tkazilgan:

- Avval Shahrixondagi "Tong tashxis" xususiy klinikasi chap tomonimdagi 4 ta qovurg‘am singani haqida xulosa bergan edi. Bugun yana ekspertizaga olib borib, MRTga solib qaytadan tekshrishdi. O‘ng tomonimda yana 2ta qovurg‘am singanligi aniqlandi, deydi tadbirkor.

Oybek Husanov bu ishni tekshirayotgan Andijon viloyat va Asaka tumani prokuraturasi xodimlari xushmuomala ekanligini qo‘shimcha qildi.

O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 105-moddasiga ko‘ra, bu modda bilan ayblangan shaxslarning aybdorligi tasdiqlansa, ular uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Oybek Husanov 31 iyul kuni Ozodlik bilan suhbatda uning Asaka shahar ichki ishlar bo‘limida ayovsiz kaltaklangani haqida, jumladan, shunday degan edi:

- Dejurkadan uch metr ham o‘tgan edikki, bitta melisa qornimga soldi. Bittasi esa, ko‘krak qafasimga qarsilllatib tepdi, bittasi kallamga soldi. Sal hushimni yo‘qotdim. Keyin sudrab tepaga ikkinchi qavatga chiqarishdi-da, zalda o‘rtaga olib urishni boshlashdi. GAI va melisa xodimlari aralash urib, tepa boshladi. Endi qo‘yaverasiz, ikkitasi elkamdan ushlab turibdi, bittasi tepyapti, unisi ushlab turibdi, bunisi tepyapti. Qornimga, ko‘krak qafasimga rosa tepishdi. Keyin o‘zimdan ketib qolibman, bir payt yana o‘zimga kelib, ko‘zimni ochsam, Sardor Toplarov degan melisa gup-gup etib yuragimga mushtlab uryapti ekan. Sen hozir shu erda o‘lasan, deb "nagliy" aytyapti. Keyin o‘zimdan yana ketib cho‘zilib qolgandim, dubinkalar bilan oyog‘imni tagiga urishdi. Dod deyapman, koshki bular quloq solishsa. Vahshiy melisalar bundan ham qoniqmadi shekilli, to‘rttasi oyoq qo‘limda ko‘tarib olib, plitka polga uch marta tashladi. Qo‘lim naruchnikda bo‘lgani uchun, qo‘llarim kesilib ketdi. Hamma joyim qonga belandi, Milisalar urishayotganda hammahallam, tergovchilar boshlig‘i Sherzod Mamajonov ham o‘tib qoldi. Hoy aka, bular meni o‘ldirib qo‘yadi, desam, indamay o‘tib ketdi, degan edi tadbirkor.

Militsiya zo‘ravonligi

O‘zbekistonda militsiya xodimlarining zo‘ravonligi haqida Ozodlik ilgari ham xabar bergan.

Jumladan, Ozodlikning 4 iyul kuni e’lon qilgan "Kattaqo‘rg‘on militsiya bo‘limiga olib kelingan ayollar qip-yalang‘och qilib tahqirlandi" maqolasidan so‘ng, 5 iyul kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi o‘z saytida Kattaqo‘rg‘on shahar IIB tezkor vakili San’at Umarov ushlangani va uning ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida rasmiy bayonot e’lon qilgan edi.

Samarqand shahar sudi 6 iyulda Kattaqo‘rg‘on shahar IIB jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili San’at Umarovga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilishi haqida ajrim chiqardi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining 19 iyul kuni xabar berishicha¸ Jizzax viloyat, Yangiobod tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Ilhom Sulaymonov ustidan O‘zbekiston JKning 206-moddasi(Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

7 iyul kuni hokimlik tomonidan g‘alla o‘rimidagi kombaynga biriktirilgan dehqon bozori pattachisi Sardor Qurbonboevning burnini urib sindirgani haqida Ozodlik 18 iyul kuni xabar bergan edi.

Qarshi tumanidagi bir necha fermerning tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Jahongir Rajabov tomonidan muntazam kaltaklanib kelgani haqida, ularning aytganlariga tayanib, Ozodlik xabar qilganidan so‘ng, IIB boshlig‘i ishdan chetlatilgan va viloyat prokuraturasi bu holat yuzasidan tekshirish boshlagan edi.

Huquq-tartibot idoralaridan biri mulozimining Ozodlikka aytishicha, Qarshi tuman Ichki ishlar bo‘limi sobiq boshlig‘i Jahongir Rajabov ustidan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 206-moddasi(hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

XS
SM
MD
LG