AQSh prezidenti Donald Tramp 7 avgust kuni butun dunyoni Eron bilan hamkorlik qilmaslika chaqirdi. Shu kuni Vashington ushbu islom respublikasiga “eng og‘ir sanksiyalar” joriy qildi. Ushbu bayonot Tehronda g‘azab va qo‘rquvga sabab bo‘ldi.
Trampning may oyida Tehron bilan uning yadro dasturi bo‘yicha 2015 yilda imzolangan bitimdan chiqib ketishi sarmoyadorlarni cho‘chitib qo‘ydi. Bu ham yetmaganday, hali sanksiyalar qayta joriy qilinmasidan burun milliy pul birligi rialning qadri tushib keta boshladi.
AQSh dollaridan foydalanish hamda avtomobil ishlab chiqarish va gilamdo‘zlik singari muhim sohalarga qarshi qaratilgan yangi sanksiyalar zum o‘tmay iqtisodiyotni larzaga keltirishi dargumon.
Eron bozorlari bir zarb bilan barbod bo‘ladigan darajada zaif emas. Boz ustiga, yakshanba kuni hukumat chet el valyutasini almashtirish qoidalarini yumshatdi hamda oltin va chet el valyutasini cheklanmagan tarzda olib kirishga ruxsat berdi. Natijada rialning qadri 20 foiz oshdi.
Ammo sanksiyalarning 5 noyabrdan kuchga kiradigan ikkinchi turkumi Eron iqtisodiyotiga ko‘proq zarar yetkazishi mumkin, chunki u neft sohasiga taalluqli bo‘ladi. Xitoy, Hindiston va Turkiya Erondan neft sotib olishni kamaytirmasligini ma’lum qildi. Ammo bu Eronning iqtisodiy tangligi oldini to‘liq olishi qiyin.
“Eronga qarshi sanksiyalar rasman joriy yilindi. Bu shu paytgacha qo‘llangan sanksiyalarning eng og‘iri bo‘ladi va noyabr oyida yangi bosqichga ko‘tariladi. Eron bilan hamkorlik qilganlar Qo‘shma Shtatlar bilan hamkorlik QILA OLMAYDI. Men DUNYO TINCHLIGIdan boshqa hech narsa so‘rayotganim yo‘q”, deb yozdi Tramp Tvitterdagi sahifasida.
2015 yili AQSh qatori Eron bilan bitim tuzgan Yevropa mamlakatlari Trampning rejasidan qattiq g‘azablandi. Chunki endi ularning yirik kompaniyalari AQSh sanksiyalaridan qo‘rqib, Erondan chiqib ketishga shoshilmoqda.
Tramp dushanba kuni Eron bilan “yanada keng qamrovli kelishuv”ga erishish uchun muzokaralarga tayyor ekanini bildirdi.
Lekin Eron prezidenti sanksiyalar amal qilib turgan paytda muzokara qilish g‘oyasini rad etdi va Amerikani Eronni “psixologik urush”ga tortayotganlikda aybladi.
“SHU ISH TO‘G‘RI BO‘LMADI”
AQShning qayta sanksiya joriy qilgani Vashingtonning ittifoqchilariga ham xush kelmadi.
Britaniya tashqi ishlar vaziri Alister Byort “Amerikaliklar shu ishni noto‘g‘ri qildi”, deb aytdi.
Uning Bi-Bi-Siga aytishicha, yadro dasturi bo‘yicha bitim “nafat mintaqa, qolversa, butun jahon tinchligi uchun” muhim ahamiyatga ega edi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili sanksiyalar qayta joriy qilinganidan “hafsalasi pir bo‘lgani”ni yashirib o‘tirmadi. Uning aytishicha, Rossiya 2015 yilgi bitimni saqlab qolish uchun “qo‘lidan kelgan hamma ish”ni qiladi.
“BIR PIYOLA ZAHAR”
Aksariyat eronliklar AQShning o‘z mamlakatiga dushmanligini e’tirof etadi, ammo ular vaziyatni izga sola olmayotgani uchun o‘z rahbariyatidan ham norozi bo‘lmoqda.
Narx-navoning anchadan beri oshib borayotgani, ishsizlik, suv tanqisligi va siyosiy islohot o‘tkazilmayotgani o‘tgan haftada ko‘plab norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi. Axborot olish keskin cheklangani uchun Erondagi haqiqiy vaziyatni bilish qiyin.
Ko‘pchilik Eron rahbarlari “piyola to‘la zaharni ichish”ga va pirovardida AQSh bilan muzokara qilishga majbur bo‘lishini aytmoqda.
Eronning mintaqadagi raqiblari Isroil bilan Saudiya Arabistoni AQShning yangi sanksiyalarini olqishladi.
Xaqlaro ekspertlar yangi sanksiyalar Eron iqtisodiyotiga qattiq zarar yetkazishini bashorat qilmoqda. Lekin Eron rahbariyati ham anoyi emas. Ularning sanksiyalarga qarshi kurashish tajribasi etarli. Binobarin,keyingi ikki yilda Eron hukumati ag‘darilishini tasavvur qilish qiyin.