Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:51

Mahkumlar Pskentdagi manzil-koloniyada sharoitning ayanchli ekanligidan shikoyat qildi (VIDEO)


Toshkent viloyatining Pskent tumanida joylashgan 64/75 conli manzil-koloniyasidan Ozodlikka murojaat qilgan mahkumlar, bu yerdagi sharoitning juda og‘irligidan shikoyat qildi.

Mahkumlarning iddao qilishlaricha, manzil koloniyaga belgilanganidan "qariyb ikki baravar ko‘p odam joylashtirilgan", hamma "o‘zini-o‘zi boqadi", "gigiena xarob ahvolda", mahkumlar jazo muddati kam qolgani uchun "tishini-tishiga bosib bunday sharoitda yashashga majbur" bo‘lmoqda.

Manzil koloniya mulozimi mahkumlarning normadagidan ko‘p ekanligini inkor qilmadi, davlat tomonidan mahkumlarga ovqat berilmasligini aytdi, sharoit zo‘r ekanligini ta’kidladi.

Toshkent viloyatining Pskent tumanida joylashgan 64/75 conli manzil koloniyada qolgan jazo muddatini o‘tayotgan, ismi sir qolishini so‘ragan bir necha nafar mahkumning Ozodlikka yozishicha, O‘zbekiston prezidenti mahkumlarni avf qilganidan so‘ng, bu muassasa odamga to‘lib ketdi:

“Bizning UYa 64/75 manzil koloniyamiz 450 kishiga mo‘ljallangan, lekin hozirgi davrda 800 dan ortiq mahkum saqlanmoqda, bu o‘z-o‘zidan joy yetishmasligiga va sanitariya-gigienaning xarob bo‘lishiga olib keladi. Mahkumlarning ko‘rpa-to‘shagiga qarab bo‘lmaydi, yuvinish xonalari abgor holatda. Ovqat masalasiga kelsak, manzil koloniyasida davlat tomonidan ovqat umuman berilmaydi, hamma o‘zini o‘zi boqadi, boqolmaganlar va sharoiti yo‘q, orqasidan hech kim yo‘qlamaydigan mahkumlar juda qiynalib, ayanchli ahvolda yashashadi”, deb yoziladi mahkumlarning Ozodlikka yuborgan maktubida.

Маҳкумлар Пскентдаги манзил колонияда шароитнинг аянчли эканлигидан шикоят қилди (ВИДЕО)
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:01 0:00

Bu video Pskentdagi 64/75 manzil-koloniyada shu yilning bahorida olingani aytiladi.

Ismi sir qolishini so‘ragan mahkumlardan birining Ozodlikka aytishicha, mahkumlarning ko‘payib ketganligi sababli, uzoq muddatli uchrashuvga kelgan yaqinlari uch kunlab navbat kutishmoqda:

“Yaqinda mening uyimdagilar ham ko‘rgani kelishdi. Bizda atigi 16 ta uchrashuv xonasi bor. Uch kun navbat kutdik. Xonalarda sharoit juda ham yomon. Qisqa muddatli uchrashuvga kelganlar uchun esa, umuman sharoit mavjud emas va uchrashuv xonasining antisanitar holatiga maymunlar yig‘laydi”, deydi mahkumlardan biri.

"Maslokrat" mazzada, oddiy mahkum azobda"

Uning iddao qilishicha, bu muassasada mahkumlarga puli bor-yo‘qligiga qarab muomala qilinadi:

“Gapning to‘g‘risi, bu yerga kelganimda kinolarda ko‘rganim, konslagerlar esimga tushdi. Maslokrat (qamalishidan oldin taniqli bo‘lgan boy shaxslar, amaldorlar, jinoyat olamiga yaqin bo‘lgan shaxslar – tahr.) mahkumlarga chetroqdan sharoit yaratib berishadi. Masalan, biror fermerga ishchi qilib rasmiylashtiradi. Ular o‘sha yerdan kelmay, jazo muddati tugaguncha maishatda yashayveradi. Qolgan mahkumlarni esa itday g‘isht zavodida ishlatishadi. Maosh 150 ming so‘m. Hamma joyda muttahamchilik, poraxo‘rlik, tanish-bilishchilik. Gap qaytargan mahkumlarni militsiya xodimlari bilganicha haqortalab, urishadi. Mahkumlar esa tezroq oilasi bag‘riga qaytish uchun tishini tishiga qo‘yib chidashga majbur”, deydi mahkum.

Paxta vahimasi

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir mahkumning aytishicha, paxta terish mavsumi yaqinlashgani bois, har bir tutqunni vahima bosa boshlaydi:

“Har yili manzil koloniya mahkumlari paxta terimiga olib chiqiladi. Bu katorganing o‘zi. 120 kilogrammdan paxta terish norma qilib qo‘yiladi. Agar normani bajarmasang, kamsitish, xo‘rlash boshlanadi. Bu ham mayli, lekin vigovor bersa yomon bo‘ladi. Yana avvvalgi qamoqxonaga jo‘natib yuborishi mumkin. Shuning uchun, bu ikki oyni bizlarda do‘zax deb atashadi. Hozirdan koloniyada paxtaga tayyorgarlik boshlangan. Davlatning majburiy mehnatga qarshi chiqargan qonunlari qamalgan mahkumlarga taaaluqli emas, menimcha”, deydi mahkum.

Nega manzil koloniyalarda mahkum ko‘paydi?

Ozodlik suhbatlashgan mahkumning aytishicha, har yilgi amnistiyadan tashqari prezident avfidan keyin manzil koloniyalari odamga to‘lib ketgan:

“Avval amnistiyada har yilda bir marta birinchi sudlanishi bo‘lgan, jazo muddati 2 yarim yildan kam bo‘lgan 7 mingdan ortiq mahkum jazodan ozod etilib ozodlikka chiqardi, qolgan muddati 2 yarim yildan ko‘p bulgan birinchi marta sudlanishi bulgan minglab mahkumlarga jazo muddatini qisqartirish, ya’ni srezka bo‘lardi, ishi tergovdagi mahbuslarning jinoiy ishi tugatilardi, shuning hisobiga zonalarda odam bir xil miqdorda ushlab turilardi. Hozirgi afv esa 2017 yilda 2700 kishini jazodan ozod qildik deya, butun dunyoga jar solmoqda. Lekin avfga tushib, manzil koloniyaga jo‘natiladiganlar uchun sharoit bormi yoki yo‘q, buni hech kim hisobga olmagan. Toshkent viloyati hududidagi manzil koloniyalarida joy yo‘qligi sababli Toshkent shahar, Toshkent viloyati, Farg‘ona, Andijon, Namangan viloyatidan qamalgan mahkumlarni Jizzaxdagi manzil koloniyasiga jo‘natishmoqda”, dedi manzil koloniya rahbarlaridan biri bilan yaxshi aloqada bo‘lgan mahkumlardan biri.

Manzil koloniya mulozimi mahkumlar iddaosini inkor qilmoqda

Ozodlik Pskent tumanidagi 64/75 manzil koloniyasiga qo‘ng‘iroq qilib, mahkumlarning iddaolariga munosabat so‘radi.

O‘zini tanishtirmagan mulozim, mahkumlar normadagidan ikki baravar ko‘p ekanligi haqidagi mahkumlar iddaosini rad etmas ekan, lekin ular uchun barcha sharoitlar muhayyo qilinganini aytdi:

- Kimdir sizlarga noto‘g‘ri ma’lumot beribdi. Sharoitlar yaxshi, kelib ko‘rishingiz mumkin. Ovqat masalasida esa, manzil koloniyada mahkumlarga davlat tomonidan ovqat berilmaydi. Lekin o‘zlarining oshpazlari bor, ikki mahal tushlik va kechquringi ovqat qilib beriladi, dedi mulozim.

Ozodlikning, “ovqat masalliqlari qaysi hisobdan olinadi” degan savolini eshitgandan so‘ng, mulozim telefonni o‘chirib qo‘ydi.

Jazoni ijro etish muassasalari ustidan nazorat qiluvchi maxsus prokuraturaning Toshkent viloyatidagi ishonch telefonini ko‘targan mulozim o‘zini tanishtirishni istamadi.

Mulozim mahkumlarning iddaolarini birma-bir qayd qilib olgach, Ozodlik radiosining telefon raqamini ham yozib oldi va bu masala o‘rganilib, javob berishini aytdi.

Biroq, kun davomida Ozodlikka maxsus prokuraturadan qo‘ng‘iroq bo‘lmadi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartibi qoidasiga ko‘ra, manzil-koloniyalardagi mahkumlar soqchisiz, ammo nazorat ostida saqlanadilar.Ular ertalab o‘rindan turishdan kechki yotishgacha bo‘lgan vaqt mobaynida koloniya hududi doirasida erkin yurish huquqidan foydalanadilar.

Qoidaga ko‘ra, agar mahkum bajarayotgan ish yoki olayotgan ta’lim taqozo etsa, ma’muriyatning ruxsati bilan koloniya hududidan tashqarida nazoratsiz yurishi mumkin, mahkum fuqarolar kiyadigan kiyimda yurishi, yonida pul va qimmatli buyumlar saqlashi, puldan cheklanmagan holda foydalanishi,cheklanmagan miqdorda telefon orqali so‘zlashishi, posilka, yo‘qlov va banderollar olishi hamda jo‘natishi mumkin.

XS
SM
MD
LG