Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:54

Boshiga 9-qavatdan beton parchasi tushgan sergelilik ayol olamdan o‘tdi


Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi ko‘p qavatli uyning 9- qavatidan boshiga suvoq-beton parchasi tushib, jarohatlangani bois og‘ir ahvolda kasalxonada yotgan 55 yashar Dilbar Yunusova 10 avgust kuni olamdan o‘tdi.

Yaqinlariga ko‘ra, 5 avgust kuni kasalxonaga yotqizilgan Dilbar Yunusova olti kun davomida komada yotgan va o‘ziga kelmasdan olamdan o‘tgan.

Respublika Shoshilinch tibbiy yordam kasalxonasining jonlantirish bo‘limida olti kun davomida koma holatida yotgan sergelilik 55 yashar Dilbar Yunusova 10 avgust, juma kuni tunda olamdan o‘tgan va marhuma jasadi 11 avgust kuni dafn qilingan.

Bu haqda Ozodlikka marhumaning yaqinlaridan biri ma’lum qildi:

“Operatsiya qilinib, tomog‘idan zont qo‘yildi. Operatsiya oddiy bo‘ldi, ammo organizmi ko‘tara olmadi. Juma kuni kechasi soat 20larda operatsiyani ko‘tara olmasdan olamdan o‘tdilar. Shanba kuni soat 2da janozasi bo‘ldi. "Teshik qopqoq" qabristoniga dafn etildi”, deya Dilbar Yunusovaning yaqinlaridan biri dafn marosimidan olingan suratlarni ham Ozodlikka yo‘lladi.

1963 yilda tug‘ilgan Dilbar Yunusova 5 avgust, yakshanba kuni, tushdan keyin Toshkentning Sergeli tumanidagi 9 qavatli 26-uy yonida jarohatlangan edi.

Marhumaning yaqinlariga ko‘ra, o‘sha kuni Dilbar Yunusova 6 yashar nevarasi bilan ketayotgan payti shu voqea sodir bo‘lgan.

Voqea guvohlariga ko‘ra, 9-qavatdan ko‘chib tushgan beton parchasi avval konditsionerlar ustiga tushib ikkiga bo‘lingan va keyin bir bo‘lagi Dilbar Yunusovaning boshiga tushgan.

Voqea joyidan olinib, Ozodlikka yo‘llangan suratda domning 9-qavati bilan uy tomi to‘sig‘i tutashgan joydagi yoriqni yopish uchun ishlatilgan suvoq-beton parchasi o‘rni bo‘shligini ko‘rish mumkin.

26- uy. Yuqori chap burchakda qorayib turgan chiziq suvoq-beton parchasi tushgan joy.
26- uy. Yuqori chap burchakda qorayib turgan chiziq suvoq-beton parchasi tushgan joy.

Suratda binoning yon devori aks etgan bo‘lib, suvoq-beton parchasi ko‘chgan joy bilan bitta chiziqda, 2 va 3 qavatlarda ikkita konditsioner ko‘rinib turibdi.

Respublika Shoshilinch tibbiy yordam kasalxonasiga og‘ir ahvolda yetkazilgan Dilbar Yunusova o‘sha kuni 5 soat atrofida operatsiya qilingan.

7 avgust kuni Ozodlik bilan suhbatda shifokorlar Dilbar Yunusova operatsiyadan so‘ng koma holatiga tushgani va jonlantirish bo‘limida qolayotganini aytgandi.

Sergeli tumanidagi 9 qavatli 26-uy yonida sodir bo‘lgan bu voqeada jabrlangan ayolning qo‘shnilari aybni uyni sifatsiz ta’mirlagan quruvchilarga to‘nkashdi.

Sergeli tuman, Charog‘on MFY hududidagi 26- uy yo‘laklaridan biri.
Sergeli tuman, Charog‘on MFY hududidagi 26- uy yo‘laklaridan biri.

Ammo, 26-uy joylashgan Charog‘on mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Abduqodir Ahadov 7 avgust kuni Ozodlik bilan suhbatda mazkur uy, aholi aytayotganday, kapital remont qilinmaganini ta’kidladi.

Ahadovning aytishicha, 1992 yilda qurilgan dom shu paytgacha kapital ta’mir qilingan emas. 2016 yili fasadi – old tarafi pardoz-ta’mir qilingan, xolos. Suvoq-beton parchasi esa, domning yon tarafidan ko‘chgan.

Mahalla oqsoqolining fikricha, bu voqeada hech kimni ayblab bo‘lmaydi, Dilbar Yunusova baxtsiz tasodif qurboni bo‘lgan, xolos.

7 avgust kuni Sergelidagi voqeani o‘rganish jarayonida Ozodlik Iste’molchilar jamiyatining shu tumandagi bo‘limi vakili Shohruh Eshonxo‘jaev bilan bog‘langanida, u agar Dilbar Yunusova bilan bog‘liq voqeada ularga murojaat qilinsa, qonun doirasida yordam berishga tayyorligini aytgan edi.

12 avgust kuni Dilbar Yunusova yaqinlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, ushbu voqea bo‘yicha hali biror joyga shikoyat yoki ariza berilmagan.

XS
SM
MD
LG