Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 08:14

Xufyona hujrada 6 yashar bolani "savalab o‘ldirgan domla" yetti yilga qamaldi


O‘zbekiston24 kanalida namoyish etilgan "Hujradagi zulmat" filmidan kadr
O‘zbekiston24 kanalida namoyish etilgan "Hujradagi zulmat" filmidan kadr

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyat sudi o‘tgan oyda noqonuniy hujra ochib olti yashar bolani "yaxshi o‘qimagani uchun savalab o‘ldirgan" Sherali Ibodovni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 104-moddasida (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) aybli deb topib, 7 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Ozodlik suhbatlashgan ba’zi ota-onalar noqonuniy hujralarda bolasi kaltaklanayotganidan shikoyat qildi. Rasmiylar esa, noqonuniy ta’lim bilan shug‘ullanganlar jiddiy nazorat ostida ekanligini aytishdi.

Sirdaryo viloyat jinoyat ishlari sudi kotibining 13 avgust kuni Ozodlikka bildirishicha¸ hozirda jazo muddatini o‘tayotgan mahkum Sherali Ibodov Sirdaryo tumanida «Tariqat» oqimiga mansub hujra ochgan va o‘quvchi bolalarga nisbatan muntazam jismoniy jazo qo‘llab kelgan:

«Savalash oqibatida 6 yashar bola nobud bo‘lgani o‘tkan oy bo‘lib o‘tkan sudda tasdiqlandi va mahkum jazoni ijro etish maskaniga etap qilindi».

Ozodlik muxbiri xujra "domlasi kaltaklab o‘ldirgan" 6 yashar Muhammadsodiq Abdurahmonovning qarindoshlari bilan gaplashdi. Qarindoshlar «zolimning jazolanganidan rozi» ekanligini aytish bilan kifoyalanishdi. Ularning aytishicha¸ xujra ochib bola o‘qitgan Ibodov yaxshi o‘zlashtirmagan barcha bolalarrni kaltaklab kelgan va marhum Muhammadsodiqni ataylab o‘ldirish rejasi bo‘lmagan.

Gavron bilan urilgan bolaning otasi hujradan norozi

Ozodlik suhbatlashgan andijonlik ota ham o‘z o‘g‘lining hujrada gavron bilan kaltaklanganidan shikoyat qildi. O‘zini Olimjon Sobirov deya tanishtirgan andijonlik ota yetti yashar o‘g‘lini hujraga berganidan pushaymonligini Ozodlik muxbiriga aytdi:

- Kecha ko‘rgan bo‘lsalaring televizorda ko‘rsatdi. Nosirbek domlaning hujrasi edi bu . Qo‘shnilarga qo‘shilib mening yetti yashar o‘g‘lim ham iyul oyigacha o‘sha hujraga qatnab yuruvdi. Yaxshi o‘qimagani uchun domla gavron bilan uribdi¸ bo‘ynida shundoq izlari turibdi.

Olimjon Sobirov aytgan hujra haqida O‘zMTRKning «O‘zbekiston 24» telekanali orqali 12 avgust kuni namoyish qilingan «Hujradagi zulmat» nomli maxsus filmda tafsilotlar berildi.

Filmda aytilishicha¸ Andijon shahar Ulug‘bek ko‘chasida na diniy va na pedagogik ma’lumoti bor¸ balog‘atga yetmagan bolalarga «diniy saboq berayotgan » asl kasbi hunarmand bo‘lgan Nosirbek Turg‘unovga qarshi jinoyat ishi ochilgan.

Film davomida jurnalist kamerasiga gapirgan bolalar Nosirbek Turg‘unov ularni hivich bilan tovoniga urgani va qorong‘i yerto‘laga qamab qo‘yganidan shikoyat qilishgan.

Filmda aytilishicha¸ 2017 yil davomida O‘zbekistonda noqonuniy diniy ta’lim beradigan 116 ta xufyona hujra aniqlangan.

Eti sizniki suyagi bizniki

Ozodlik ana shunday hujralarga qatnab ta’lim olgan andijonlik yigit bilan suhbatlashdi. O‘zini Saidazim deb tanishtirgan bu yigit hujralarda bolalarga qori domlalar tarafidan jismoniy jazo berilishi odatiy hol ekanligini aytadi:

- Andijon shahar «uzumzor» mavzeida ochilgan hujrada bolalarning qo‘liga¸ kaftiga urishganini o‘zim ko‘rganman. Endi bu bor gap. Bizda dinga qattiq qaraladi. "Muallimi soniy"ni o‘zlashtirmaganlar jazolanadi. "Muallimi soniy"ni o‘zlashtirgandan so‘ng ota-onasi qori domlani rozi qiladi. Bitta qiyiqchaga ikkita non qo‘yib ustiga yo 50 yoki 100 dollar qo‘yib beriladi.

Xalq ta’lim tizimi falajmi?

Suhbatdoshga ko‘ra¸ bolaning hujraga qatnayotganidan uni o‘qitayotgan maktab yoki kollej o‘qituvchilari habardor bo‘ladi:

- O‘qituvchiga shipshitib qo‘yiladi¸ bola hujrada deb. O‘qituvchi jurnaldagi yo‘qlamada bor qo‘yib turadi. Albatta o‘qituvchi ham rozi qilinadi.

Saidazimning gapidan O‘zbekistondagi asosiy ta’lim tizimi bo‘lgan maktab va kollejlarning ba’zi o‘qituvchilari "yashirin hujralar faoliyatini qo‘llab kelgan", degan fikr paydo bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistop Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati vakili Ozodlikning bu boradagi savoliga umumiy javob berish bilan kifoyaalndi. Matbuot xizmati vakiliga ko‘ra¸ bolalar O‘zbekistonda 11 yillik o‘rta ta’lim doirasidagi maktablarda o‘qishlari kerak:

- O‘zbekiston Konstitutsiyasida yozilganku maxfiy uyushmalar mumkin emas, deb. O‘z oti bilan xufiya hujra. Bu hujralarda bola o‘qitilayotganiga maktab o‘qituvchilari panja orasidan qarayapti degan savolingizga mutaxassislarimiz har tomonlama o‘rganib javob beradi.

Noqonuniy diniy ta’lim prokuratura nazoratida

Ozodlik noqonuniy hujralar haqida O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga ham savol bilan murojaat qildi. Prokuratura vakili hujralarda balog‘atga yetmaganlarga nisbatan jismoniy jazo qo‘lllanishi¸ muqaddam diniy ekstremizmda ayblanib, muddat o‘tagan sobiq mahkumlarning hujra ochishi kabi faktlar «jiddiy va sinchiklab o‘rganilayotganligini» bildirdi.

XS
SM
MD
LG