Линклар

Шошилинч хабар
21 декабр 2025, Тошкент вақти: 23:21

Turkiya, Rossiya va Eronning avtoritar rahbarlari tashqi “dushman axtarish” bilan ovora


Turkiya¸ Eron va Rossiya rahbarlari bayonotlari tobora bir-biri takroriga aylanib bormoqda.
Turkiya¸ Eron va Rossiya rahbarlari bayonotlari tobora bir-biri takroriga aylanib bormoqda.

Turkiya prezidenti Rejab Toyyip Erdo‘g‘on mamlakat hokimiyatini o‘z monopoliyasiga aylantirib bo‘ldi hisob. Endi iqtisodiyot ham, ommaviy axborot vositalari ham¸ hatto armiya ham uning nazorati ostida.

Erdo‘g‘on Turkiyadagi siyosat cho‘qqisini 15 yildan beri, dastlab bosh vazir, 2014 yildan so‘ng esa prezident sifatida egallab kelmoqda. U liraning qadri keskin pasayib ketgani uchun “ijtimoiy tarmoqlardagi iqtisodiy terrorchilar”ni hamda “siyosiy fitna” uchun NATO bo‘yicha ittifoqchisi AQShni aybdor qildi.

Erdo‘g‘onning ig‘vogarona fikrlari ko‘pchilikni hayron qoldirdi. Jangari rahbarning ko‘pincha do‘ppi tor kelib qolganda “dushman axtarish”ga tushib qoladigan odati bor.

U 2016 yili amalga oshmagan davlat to‘ntarishi uchun aybni hech bir isbot keltirmay AQShda istiqomat qiladigan ruhoniy Fathulloh Gulenga ag‘dardi. So‘ngra u Gulenning o‘n minglab tarafdorini aniqlash maqsadida Turkiyada tozalash o‘tkazdi. Inson haqlari faollari uning bu hatti-harakatlarini hurfikrlilikni bostirish deb atadi.

Erdo‘g‘on o‘z xatolari uchun boshqalarni ayblashga odatlangan yagona rahbar emas.

Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Hameneyi va Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham o‘z mamlakatidagi siyosiy va iqtisodiy muammolar uchun G‘arb mamlakatlari “fitnalari”ni, “ichki xoinlar”ni va “chet el agentlari”ni ayblashga o‘rganib qolgan.

“Iqtisodiy urush”

Turkiyada iqtisodiy inqiroz boshlanishiga oid vahimalardan so‘ng turk lirasining dollarga nisbatan narxi keskin tushib ketdi. Bunga Vashington bilan tobora yomonlashib borayotgan munosabatlar sabab bo‘ldi. Yil boshidan beri lira dollarga nisbatan 45 foiz qadrini yo‘qotdi.

Vashington amerikalik protestant pastorinining Turkiyada qamalishiga javoban Turkiyaning ikki vaziriga nisbatan sanksiya joriy etdi. Pastor terrorchilikda ayblangandan so‘ng Vashington Turkiyadan eksport qilinayotgan po‘lat va alyuminiyga qo‘yilgan tariflarni oshirdi.

Erdo‘g‘on bunga javoban Turkiyaga “iqtisodiy urush” e’lon qilindi deb bayonot berdi hamda vatandoshlarini dollar bilan yevrolarini sotib, qadri tushib ketayotgan lirani qutqarishga da’vat qildi.

Iqtisodchilar tobora oshib borayotgan pul qadrsizlanishiga qarshi chora sifatida foiz stavkasini ko‘tarishni tavsiya qilmoqda, ammo Erdo‘g‘on bunga, islomga to‘g‘ri kelmaydi, deb hozircha unamayapti. Uning fikricha, foiz stavkasining ko‘tarilishi pulning qadrsizlanishi tezlashuviga olib keladi. Ammo aksariyat iqtisodchilar uning gapiga qo‘shilmaydi.

Erdo‘g‘onning bu taktikasi oldin avtokrat rahbarlar boshqarayotgan mintaqadagi yirik mamlakatlar Eron bilan Rossiyada amalga oshirilgan ishlar takroridan boshqa narsa emas. Ularga tizimli korrupsiya va iqtisodiyotni boshqara olmaslik aybi qo‘yilmoqda. Xuddi Anqara kabi Tehron bilan Moskva ham ichki muammolar uchun aybni tashqi kuchlarga to‘nkamoqda.

Davlatdagi muhim masalalar Eronni 1989 yildan beri boshqarib kelayotgan Hameneyining aralashuvisiz hal bo‘lmaydi. U iqtisodiy bo‘hron, milliy pul birligi – riyol qadrsizlanishi, og‘ir iqtisodiy sharoitlar sababli hukumatga qarshi norozilik namoyishlari uchun aybni chet ellik “dushmanlar” zimmasiga yuklab keladi.

Lekin iqtisodchilar Erondagi iqtisodiy muammolarning aksariyatini hukumatning o‘zi keltirib chiqarayotganini aytmoqda. Albatta, AQSh sanksiyalari ham muammolarni chigallashtirayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Eron iqtisodiyotining jilovi davlatning qo‘lida va u neft bilan gaz eksportiga bog‘liq bo‘lib qolgan.

Rossiyaning eksportga bog‘liq iqtisodiyoti 2014 yili pasayish bosqichiga kirdi. Bunga neftning jahon bozoridagi narxi tushib ketishi ham sabab bo‘ldi. Yana G‘arb mamlakatlari Moskva Ukrainaning Qrim yarim orolini bosib olgani va mamlakat sharqidagi urushga aralashayotgani uchun sanksiyalar joriy etdi.

Lekin Putin rubl qadri tushishi va so‘nggi yillardagi iqtisodiy turg‘unlik uchun G‘arb mamlakatlarini “Rossiyani tiyib turish va zaiflashtirish”ga urinishda ayblay boshladi. Ammo ko‘pni ko‘rgan ekspertlar buning sababini Rossiya hukumatining iqtisodiyotni boshqara bilmasligida, uni neftь va gaz eksportiga qaram qilib qo‘yganida ko‘rmoqda.

XS
SM
MD
LG