Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 16:17

O‘zbek chegarachilari chegaradan o‘tuvchilardan xususiy shirkat yo‘llanmasini sotib olishni talab qilmoqda


Chegaradagi “Farg‘ona vodiy sayyoh” shirkatining shoxobchasi.
Chegaradagi “Farg‘ona vodiy sayyoh” shirkatining shoxobchasi.

O‘zbekiston chegarachilari Farg‘ona viloyatining Vodil tumaniga qarashli Shohimardon eksklavidan 5 kilometr janubdagi Qirg‘iziston hududida joylashgan Ko‘li Qubbon dam olish maskaniga o‘tmoqchi bo‘lgan o‘zbek vatandoshlaridan “Farg‘ona vodiy sayyoh” shirkatining 5 ming so‘m turadigan yo‘lanmasini olishni talab qilayotgani mahalliy aholi va ziyoratchilar noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan o‘zbekistonliklar bu yerda “manfaatlar to‘qnashuvi” bo‘lishi ehtimoliga e’tibor qaratdi. Bu o‘zbek chegarachilari va xususiy turizm shirkatining ziyoratchilar pulini shilish sxemasi bo‘lishi mumkin, degan taxminlarni ham o‘rtaga chiqardi.

Ozodlik suhbatlashgan O‘zbekiston davlat chegara qo‘mitasi hamda “Farg‘ona vodiy sayyoh” shirkati vakillari esa, bu yerda manfaat to‘qnashuvi yo‘qligi, Shohimardondan Qirg‘izistonning Ko‘li Qubboniga “Farg‘ona vodiy sayyoh” shirkatining 5 ming so‘mlik yo‘llanmasi bilan o‘tish tartibi Qirzig‘iston tomoni chegarachilari va sayyohlik shirkatlari bilan erishilgan shartnoma doirasida yo‘lga qo‘yilganini aytishdi.

Qirg‘izistonning Botken viloyati hududlari bilan o‘rab olingan O‘zbekistonning Shohimardon eksklavidan 5 kilometr janubda, Qirg‘iziston hududida joylashgan Ko‘li Qubbon dam olish maskaniga borish uchun bir qancha chegara potstidan o‘tishga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistonliklar avval Qirg‘izistonga, keyin Qirg‘izistondan yana O‘zbekistonga (Shohimardonga) o‘tishi kerak. Ko‘li Qubbonga o‘tish uchun esa, O‘zbek-Qirg‘iz chegarasidan yana bir marta o‘tiladi.

Shohimardondagi O‘zbekiston-Qirziziston chegara punkti
Shohimardondagi O‘zbekiston-Qirziziston chegara punkti

Amaldagi tartibga muvofiq o‘zbek vatandoshlari Qirg‘izistonga 60 kunga vizasiz kirishlari mumkin.

Lekin, Shohimardon anklavidan Beshpanjatog‘ yonbag‘ridagi Qirg‘izistonning Ko‘li Qubbon dam olish maskaniga o‘tishdagi postda o‘zbek chegarachilari qo‘lida “Farg‘ona vodiy sayyoh” shirkatining yo‘llanmasi bo‘lmagan o‘zbekistonlik ziyoratchilarni to‘xtatib, ortga qaytarmoqda.

“Farg‘ona vodiy sayyoh” shirkatining 5 ming so‘mlik yo‘llanmasi.
“Farg‘ona vodiy sayyoh” shirkatining 5 ming so‘mlik yo‘llanmasi.

O‘tgan hafta Ko‘li Qubbonga borib qaytgan farg‘onalik Ma’rufjon chegarada ko‘rgan-kechirganlarini Ozodlikka so‘zlab berdi:

- Chegaradan sal berida “Farg‘ona vodiy sayyoh” shirkatining budkasi qo‘yilgan. Chegaradan o‘tish uchun shu budkadan 5 ming so‘m to‘lab, putyovkani olish kerak ekan. Chegarachilar shu putyovkasiz o‘tkazmaymiz, deyapti. Hamma issiqda sarson bo‘lyapti. Nahotki boshqa davlat hududiga o‘tish uchun sizda putyovka bo‘lishi kerak va nima uchun oddiy agentlik manfaatlarini O‘zbekiston chegarachilari himoya qilishi kerak? Agar sizda putyovka bo‘lmasa chegarachilar "bor orqanga qayt putyovka bo‘lmasa o‘tmaysan.

Farg‘onalik Ma’rufjonning aytishicha, Ko‘li Qubbonga o‘tayotganlarga sotilgan "putyovkalarni" qaytishayotganda chegarachilar yana yig‘ib oladi:

- Xo‘p, mayli 5000 so‘m pul emas, odamlar mayli deb putyovka sotib olyapti. Lekin, meni qiziqtirgan savol shuki, bu putyovka nima uchun kerak? Agentlik oddiy bitta qogoz beradi va sizga hech qanday xizmat ko‘rsatmaydi. Nima uchun hech qanday xizmat ko‘rsatmagan agentlikka kuniga minglab odam 5000 so‘mdan berishi kerak? Yana qiziq xolat shuki, siz Ko‘li Qubbonni ko‘rib qaytayotganda o‘zbek chegarachilari shu sizni qo‘lingizga berilgan qog‘ozni sizdan bering deb so‘raydi va o‘zlari bilan olib qoladi. Nima keragi bor chegarachilarga shu qog‘oz? Ularni vazifasi chegaradan o‘tgan odamlarni ro‘yxatga olish, lekin turizm agentligi qog‘ozini to‘plash emasku?

Bu savolni o‘rtaga tashlayotgan farg‘onalikning aytishicha, har bir o‘zbekistonliklan 5000 so‘mdan yig‘ayotgan “Farg‘ona Vodiy Sayyoh” agentligi olgan puli evaziga hech qanday xizmat ko‘rsatmaydi:

- Qirg‘iziston chegarachilari sizdan umuman bu putyovka qog‘ozni so‘ramaydi, faqat shu o‘zbek chegarachilari talab qiladi. O‘zbek chegarachilari bu putyovkadan manfaatdormi, deyman. Nima uchun oddiy agentlikka xizmat qiladi va har bir turistni putyovka olishga majburlayapti. Putyovka sotish qanchalik qonuniy shu ham savol ostida. Odatda siz pul bersangiz turizm agentligi sizga qandaydir xizmat ko‘rsatishi kerak, lekin Ko‘li Qubbon chegarasida joylashgan “Farg‘ona Vodiy Sayyoh” agentligi hech qanday xizmatsiz har bir kelgan odamdan 5000 so‘mdan olyapti. Hammasidan ham alam qiladigani shuki issiq havoda yarim soatlab navbatda turib shu keraksiz putyovkani sotib olasiz. Hamma odamlar norozi chegarada.

Qirg‘iziston chegarasiga yaqin joyda "Farg‘ona vodiy sayyoh" shirkatining yo‘llanma olish kerakligini eslatuvchi bannerlar osig‘liq.
Qirg‘iziston chegarasiga yaqin joyda "Farg‘ona vodiy sayyoh" shirkatining yo‘llanma olish kerakligini eslatuvchi bannerlar osig‘liq.

O‘zbekistonning Shohimardon anklavidan Qirg‘izistonning Ko‘li Qubbon maskaniga o‘tadigan hududda joylashgan o‘zbek chegara maskani mulozimi Ozodlik bilan suhbatda Qirg‘iziston tomoni bilan kelishuv doirasida o‘zbek vatandoshlari bo‘lgan ziyoratchilarni Ko‘li Qubbonga 5 ming so‘mlik yo‘llanma bilan kiritish yo‘lga qo‘yilganini aytdi:

- Qirg‘izistonga o‘tish uchun putyovka olish kerak. Shusiz o‘tkazmaymiz. Qirg‘iziston bilan kelishuvimiz bor. U yerda kanat yo‘li bor. Mana shu pechat bosilgan putyovka Qirg‘izistonga o‘tish huquqini beradi.

“Farg‘ona vodiy sayyoh” firmasi rahbari Hamidjon Abdurahimov ham Ozodlik bilan suhbatda Qirg‘iziston bilan shunday kelishuv borligini tasdiqladi.

- Bu yerda turistik firma sayyohning xavfsizligini bo‘yniga olyapti. Odamlar o‘ylashi mumkin, 5 ming so‘m qaerga ketyapti, deb. Bu 5 ming so‘mning 1 ming so‘mi sayyohning sug‘urtasiga sarflanadi. Sayyohga biron kor-xol bo‘lsa sug‘urta qoplaydi. Yana bir qismi Shohimardon qishlog‘i obodonlashtirish jamg‘armasiga ajratiladi. Yana bir qismi davlatga soliq uchun to‘lanib, qolgan qismi shirkatlarga qoladi. Endi nimaga bu ishga chegarachilar aralashyapti, deb so‘rasangiz agar, aytaman, bu chegara punktida pasportga kirdi-chiqdi pechat urilmaydi, chunki nazorat punkti bo‘lgani uchun ularda pechat yo‘q. Tartib bo‘yicha payportga pechat urilishi kerak. Shuning o‘rniga putyovka bilan sayyoh sifatida o‘tkazishga ruxsat berilgan, ikki tomon shunga kelishgan, bu yerda hech qanaqa sxema yo‘q, - deydi Hamidjon Abdurahimov.

Lekin, Qirg‘iziston chegarachilari Ko‘li Qubbonga kelgan o‘zbekistonliklardan putyovka so‘rayotgani yo‘q.

Qirg‘izistonning Kurortlar va turizm assotsiatsiyasi xodimi Chinara Vaisova o‘zbek-qirg‘iz chegarasidan o‘tayotgan o‘zbekistonlik sayyohlari yo‘llanma bilan o‘tkazilishi tartibidan xabarsiz ekanini aytdi:

- Bundan xabarim yo‘q, lekin chegaradagi to‘siqlar turizm uchun zarar. Dam olish maskanlarimiz o‘zbekistonlik sayyohlar uchun ochiq va chegaralardan o‘tish yengillashgani sabab O‘zbekistondan turistlar oqimi ko‘paydi.

Ko‘li Qubbon O‘zbekistonning Shohimardon anklavidan 5 kilometr janubda, Qirg‘iziston hududida joylashgan
Ko‘li Qubbon O‘zbekistonning Shohimardon anklavidan 5 kilometr janubda, Qirg‘iziston hududida joylashgan

Dengiz sathidan 3000 metr balandlikda joylashgan Ko‘li Qubbon maskaniga O‘zbekistondan kuniga minglab ziyoratchi keladi.

Qirg‘izistonning Kurortlar va turizm assotsiatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, ikki mamlakat orasida chegaralardan o‘tish tartibi yengillashtirilgani ortidan o‘tgan yili O‘zbekistondan sayyohlar oqimi ikki baravar ortgan.

2016 yilda 350 ming o‘zbekistonlik sayyoh Qirg‘iziston chegarasidan o‘tgan bo‘lsa 2017 yili bu raqam 694 mingga qadar o‘sgan.

XS
SM
MD
LG