Bundan 50 yil oldin -1968 yilning 21 avgustiga o‘tar kechasi Sovet Ittifoqi yetakchiligidagi Varshava shartnomasiga a’zo Polsha, Vengriya, Germaniya Demokratik Respublikasi va Bolgariya Moskva rahnamoligida Chexoslovakiyaga bostirib kirganida fotosuratchi Libor Xayski 20 yoshda edi.
Asosan Sovet Ittifoqi Qurolli Kuchlaridan iborat qo‘shinning tanklar bilan poytaxt Pragaga kirib kelishi chexlar va slovaklarning g‘azab va nafratini qo‘zg‘atgan edi.
Sovet armiyasi bilan to‘qnashuvlarda 137 nafar chexoslovakiyalik halok bo‘lgan, 500 nafardan ko‘prog‘i og‘ir yaralangan edi.
Libor Xayski oradan 50 yil o‘tib, o‘sha voqealar paytida olgan suratlari vositasida o‘z xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.
Xayskining aytishicha, Sovet tanklari Pragaga bostirib kirganidan bir necha kun o‘tib, sovet askarlari u ishlaydigan agentlikda tintuv o‘tkazgan hamda topishga muvaffaq bo‘lgan barcha fotosuratlarni yoqib tashlagan.
Lekin fotosuratchi rangli plenkaga tasvirga tushirgan suratlarini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan. U bu suratlarni yashirib qo‘ygan va ularni 21 yil mobaynida, ya’ni 1989 yilda Chexoslovakiyada bahmal inqilobi ortidan kommunistik rejim qulaguniga qadar qaytib ko‘rmagan.
Libor Xayskining fotosuratlari bilan tanishing.
Chexoslovakiya kompartiyasi bosh kotibi Aleksandr Dubchek rahnamoligida boshlangan va tarixga “Praga bahori” nomi bilan kirgan demokratik o‘zgarishlarni bostirish uchun 1968 yilda 500 ming askar Chexoslovakiya hududiga kiritildi.
Aleksandr Dubchek sotsializmga insoniy qiyofa baxsh etish niyatida senzurani bekor qilgan va mamlakatda ko‘ppartiyaviylik tizimini qaror qilish niyatida edi. Biroq "Danube" deb atalgan bosqin amaliyoti Aleksandr Dubchek boshchiligida boshlangan siyosiy va iqtisodiy islohotlarga chek qo‘ydi. Chexoslovakiya istilosi 1991 yilgacha davom etdi.