Линклар

Шошилинч хабар
24 январ 2021, Тошкент вақти: 21:44

Keyingi 20 yil ichida ilk marta Toshkentda o‘g‘riboshilar “sxodkasi” bo‘lib o‘tdi


Toshkentdagi o‘g‘rilar "sxodka"siga Baxtiy Tashkentskiy (suratda) mezbonlik qilgani aytilmoqda.

Toshkent shahrida sobiq sovet hududidagi “vor v zakone” rutbasidagi kriminal avtoritetlarning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda kriminal dunyoga yaqin bir-biridan mustaqil ikki kishi va ularga transport xizmati ko‘rsatgan haydovchilardan biri Ozodlikka ma’lum qildi.

MDHga a’zo davlatlardagi jinoyatchilar haqida tadqiqot olib boradigan va xavfsizlik yuzasidan ismi oshkor bo‘lishini istamagan moskvalik tahlilchining 29 avgust kuni aytishicha¸ 20 avgust kechqurun bo‘lib o‘tgan bunday “sxodka” Toshkentda keyingi 20 yil davomida ilk bora o‘tkazilgan:

- Marhum prezident davrida O‘zbekistondagi kriminal avtoritetlarning aksari qamalgan¸ oz qismi hukumat nazoratida ishlashga o‘tgan edi. Bu sxodka keyingi 20 yilda ilk bora o‘tkazildi.

Ozodlik bu borada suhbatlashgan barcha suhbatdoshlarning aytishicha¸ “sxodka”ga O‘zbekiston hududidagi “vor v zakone” rutbasiga ega bo‘lgan Baxtiy Tashkentskiy laqabli 46 yashar O‘zbekiston vatandoshi Baxtiyor Qudratillaev mezbonlik qilgan.

Toshkentlik haydovchining Ozodlikka aytishicha¸ yig‘ilish “Yangioboddan Panelniyga ketadigan yo‘ldagi mashhur shou-biznes vakiliga tegishli uch qavatli villada o‘tkazilgan".

Ayni “sxodka” haqida Ozodlikka xabar bergan “kriminal dunyoga mansub shaxs”ga ko‘ra¸“o‘g‘rilar yig‘ilishida” O‘zbekiston “kriminal dunyosi va jazoni o‘tash zonalarini Rossiyadagi o‘g‘rilar dunyosi nazoratiga qaytarish masalasi” ko‘rilgan:

- So‘nggi 20 yil mobaynida O‘zbekiston “vorovskoy ponyatie”lardan uzoqlashdi. Zonalarning deyarli hammasi “krasniy”ga aylandi (jinoyatchilar nazorat qilmaydigan zona "qizil zona" deyiladi - tahr.) O‘zbekistondagi “bratva” (jinoyatchilar jamoasi - tahr) “obshchakka” (jinoyatchilarning o‘zaro yordam kassasi -tahr) pul bermay qo‘ydi. Bundan buyog‘iga O‘zbekiston mana shu masalalarda Rossiyadagi jinoyat olami bilan maslahatli ish qilishga kelishildi. Baxtiy Tashkentskiyning “sxodnyaklarda” doimiy qatnashish majburiyati ham eslatilgan.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ “sxodka”da qatnashgan qozog‘istonlik “vor v zakone” 60 yashar Maymushev Aytkali Mukashevich (Maymish Lexa Semipalatinskiy) O‘zbekiston huquq-tartibot organlari tarafidan sxodka o‘tib bo‘lganidan keyin bir muddat hibsga olib, qo‘yib yuborilgan. Suhbatdoshning ishonishicha¸ Maymushev o‘zbekistonlik tadbirkor Salim Abduvalievning “aralashuvi” ortidan qo‘yib yuborilgan. Ammo bu fakt haqida Ozodlik tasmiy tasdiqqa ega emas.

“Sxodka”da “Beslan chechen” laqabi bilan tanilgan kriminal avtoritet Beslan Musaev va yana ismi Ozodlikka ma’lum bo‘lmagan “vor v zakone” rutbali ikki rossiyalik shaxs ham qatnashgan.

Ichki ishlar vazirligining xabari bor

O‘zbekiston Ichki Ishlar vazirining o‘zini "Jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimi", deb tanishtirgan mulozimi Qozog‘iston vatandoshi, 1958 yilning 10 aprelida tug‘ilgan Aytkali Maymushev 21 avgust kuni so‘roq qilinib, o‘sha kunning o‘zida qo‘yib yuborilganini va shu kunlarda bu shaxs O‘zbekiston respublikasi hududida emasligini aytish bilan kifoyalandi.

Mezbon haqida

“Sxodka”ga mezbonlik qilgan Baxti Tashkentskiy 26 yoshida “vor v zakone” tojini kiygan O‘zbekistondagi yagona kriminal avtoritet hisoblanadi.

O‘zbekistonliklar orasida Baxti Tashkentskiy haqida "o‘zbeklar himoyachisi", degan fikr shakllangan.

Baxtiyor Qudratullaev (Baxti Tashkentskiy) 2014 yil noyabrida "Jasliq" qamoqxonasidan Toshkentdagi mahkumlar shifoxonasi - Sangorodga keltirilgan va ayni yilning 27 dekabrida salomatligi yomonlashgani bois ozod qilingan edi.

Baxti Tashkentskiy turli ayblar, jumladan giyohvand moddalarni tashish va iste’mol qilish, qurol-yaroq saqlash va qamoqxona ichki tartibini buzish ayblovlari bilan bir necha bor sudlangan.

O‘tgan yili Toshkent shahri “smotryashchiy”si (jinoyat dunyosining hudud bo‘yicha favqulodda vakili) Abbos Xodjaevning hibsga olingani ortidan o‘g‘rilar dunyosida Baxti Tashkentskiyning obro‘si tushib ketgani aytilgan edi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, Abbos Xodjaev hibsga olinishi ortidan Rossiya jinoyat olamining yuqori vakillari Toshkent "smotryashchiy"si etib, o‘zlariga "sodiq bo‘lgan odamlarini" tayinlashga harakat qilgan, lekin bunga Baxti Tashkentskiy qarshi chiqib kelgan

Suhbatdoshga ko‘ra¸ keyingi 20 yil ichida Toshkentda o‘tkazilgan ilk “sxodka” Rossiya jinoyat olamining O‘zbekistondagi kriminal avtoritetlar bilan murosaga kelgani nishonasidir.

XS
SM
MD
LG