Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:07

GM Uzbekistan ning “qo‘shib yozishdan” bosh tortgan yuqori lavozimli amaldori prokuraturada so‘roq qilindi


GM Uzbekistan shirkatining “qo‘shib yozishdan” bosh tortgan sobiq yuqori lavozimli amaldori Alisher Komilov.
GM Uzbekistan shirkatining “qo‘shib yozishdan” bosh tortgan sobiq yuqori lavozimli amaldori Alisher Komilov.

GM Uzbekistan shirkati muvofiqlashtirish va rejalashtirish direksiyasi direktori bo‘lib ishlagan 40 yashar Alisher Komilov 28 avgust kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasida so‘roq qilindi va tilxat bilan uyiga qo‘yib yuborildi.

“O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruviga yaqin mulozimga ko‘ra¸ Alisher Komilov “ko‘zbo‘yamachilik qilishga rozi bo‘lmagani uchun istalmagan shaxsga aylangan”​.

Ozodlik mavzu yuzasidan izoh olish uchun O‘zbekiston Bosh prokuraturasi¸ GM Uzbekistan va "O‘zavtosanoat" rahbariyati bilan bog‘lanishga urindi. O‘zbekistonda bayram kuni bo‘lgani bois, bu idoralardan izoh olishning iloji bo‘lmadi.

“O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruviga yaqin mulozimning aytishicha, Komilovning xizmat kabinetida prokuratura tergovchilari 28 avustda tintuv o‘tkazgan. Komilov avtomashinalarni navbatsiz rasmiylashtirib sotganlikda gumon qilingan.

Ozodlik muxbiri Komilov haqida uni yaqindan taniydigan hamkasblaridan surishtirib ko‘rganida, uning chet-elda o‘qib kelib, 10 yildan beri avtosanoat sistemasida ishlab kelganini, o‘zida bir dona Lasetti rusumli moshinasi borligini aniqladi. Hamkasblaridan biri uni "aqilli va oylikdan oylikka yashaydigan toza yigit", deb atadi.

Ozodlik suhbatlashgan “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruviga yaqin mulozimga ko‘ra¸ Alisher Komilov shirkat tarafidan avtosalonlarga yuborilayotgan (kontraktatsiya) GM avtomobilari sonini aniq ko‘rsatgani va qo‘shib yozishdan bosh tortgani uchun jazolangan:

- Alisher xizmat vazifasi doirasida shirkat saytiga ma’lumot qo‘yib ham turar edi. Uni avtopromga chaqirib salonlardagi avtomobillar haqida ma’lumotlarni shirkat saytiga qo‘yishni so‘rashgan. Komilov real raqamlardan iborat ma’lumotni qo‘ygan. Rahbariyat esa, unga nega bu raqamlarni qo‘yding¸ nega ko‘paytirmading deb dag‘dag‘a qilgan.

Ozodlikning vaziyatdan xabardor boshqa bir suhbatdoshi - GM Uzbekiston shirkati boshqaruviga yaqin xodimning aytishicha¸ “Komilovni qo‘shib yozishdan rasman bosh tortgani uchun operativ xodimlar tomonidan ularning moshinasida olib ketilgan va prokuratura eshigi oldida unga kishan solingan. Shundan so‘ng korxonaning yana uch xodimi ham olib ketilgan. Ular orasida mashinalar tan narhini pasaytirish bo‘limi boshlig‘i Rustam Bekjonov ham bo‘lgan.

- Rustam aka Komilov kabinetini tintuv qilgan prokuratura xodimlariga orderila bormi, deb so‘ragani uchun "San aqillimisan" deb uni ham olib ketishgan. Uni kechasi 12 da qo‘yib yuborishdi. Alisher Komilov ko‘roq so‘roq qilindi. Kabinetida tintuv o‘tkazilib muxrlab qo‘yildi. Hozir uning ustidan ochilgan jinoyat ishi nihoyasiga yetmagan bo‘lsa ham¸ uni tezda ishdan bo‘shatib o‘rniga yangi odamni ham tayinlab qo‘yishdi.

Ozodlik tasarrufida mavjud hujjatda 29 avgust kuni Alisher Komilov ishdan bo‘shatilib¸ o‘rniga Bahodirjon Rahmonov tayinlangani aytilgan.

“O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruviga yaqin mulozimga ko‘ra¸ Alisher Komilov “Ko‘zbo‘yamachilikka rozi bo‘lmagani uchun istalmagan shaxga aylangan”.

Ozodlik muxbiri¸ ustidan jinoiy ish ochilib shaharni tark etmaslik sharti bilan uyida qolayotgan Alisher Komilovning o‘zi bilan ham gaplashdi. Komilov tergov ostida bo‘lgani uchun vaziyatni izohlamasligini bildirdi.

GM Uzbekistan shirkatining "qo‘shib yozish" mexanizmi

Bir mulozimning ishdan ketishiga sabab bo‘lgan GM Uzbekiston shirkati “qo‘shib yozish” tizimini ayni shirkat boshqaruviga yaqin mulozim Ozodlikka tushuntirib berdi:

- Qarang, konveyerdan chiqayotgan mashinalarning aniq soni bor va avtosalonlarda tarqatilayotgan mashinalarning soni bor. Bu ikki raqam bir-biri bilan bog‘liq. “O‘zavtosanoat” aholi orasidagi e’tirozlarga barham berish va yuqori rahbariyatga yaxshi ko‘rinish uchun avtosalonlarga ajratilgan mashinalarni ko‘paytirib ko‘rsatadi qog‘ozda. Aslida, bu sondagi mashina salonda yo‘q.

Mulozimga ko‘ra¸ muvofiqlashtirish va rejalashtirish direksiyasining sobiq rahbari Alisher Komilov real raqmlarni GM Uzbekistan saytida e’lon qilib qo‘yib, bu “sxema”ni fosh qilgan:

- Albatta, avtomobillarning real soni saytdan olib tashlanib hozir bo‘rttirilgan raqamlar qo‘yildi. Shirkatda ko‘zbo‘yamachilik yana eski o‘zaniga qaytdi.

Avtomobil ishlab chiqarish 10 marta ko‘payadimi?

Kuni kecha GM Uzbekistan AJ tomonidan ishlab chiqarilgan avtomobillar savdosi qayta boshlangani va xaridorlar tomonidan kelib tushayotgan murojaatlarni inobatga olgan holda, talab yuqori bo‘lgan avtomobillar modellarini ishlab chiqarish hajmlarini oshirishning tez moslashuvchan mexanizmini joriy qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu haqda GM Uzbekistanning rasmiy saytida xabar qilindi.

Bu qarorga ko‘ra¸ Nexia va Malibu ishlab chiqarish qariyb 10 barobarga oshadi.

Ozodlik suhbatlashgan “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruviga yaqin mulozimning aytishicha¸ "kuzov zarb qilinadigan sandonning ishlab chiqarish quvvati bu mashinalarning tez orada 10 marta ko‘payishini ta’minlay olmaydi", dedi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ GM Uzbekistan saytidagi bu “ma’lumot reallikdan uzoq bo‘lgan va yuqoriga yaxshi ko‘rinish uchun uydirilgan shirin yolg‘ondan boshqa narsa emas”.

Ozodlik GM Uzbekistan shirkatdidagi vaziyat bo‘yicha o‘z surishtiruvini davom ettiradi.

XS
SM
MD
LG