Rassom Ma’rifat Davlatovaning tojik ayollarning yarim yalang‘och suratlaridan iborat ko‘rgazmasi Tojikiston an’anaviy jamiyatida, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahs-munozaralarni uyg‘otdi.
Ko‘pchilik tojik ayollarining atlas kiyimi bilan yarim yalang‘och tasvirlanishini xotin-qizlarni tahqirlash, or-nomusiga isnod keltirish sifatida baholamoqda.
Ammo ba’zilar, ularning aksarini ayollar tashkil etadi, bu suratlar san’at namunalari ekani va axloqiy qadriyatlarga aloqasi yo‘qligini aytmoqda.
25 yashar rassom Ma’rifat Davlatovaning Dushanbedagi "Serena" mehmonxonasida ochilgan suratlar ko‘rgamasida atlas kiyimidagi yarim yalang‘och ayollar, labida sigaretu boshiga paranji o‘ragan qizlar kartinalari tomoshabinlarni hayratga soldi.
Ushbu ko‘rgazmaga nisbatan Tojikiston an’anaviy jamiyatida e’tirozlar, haqorat va hatto tahdidlar yangradi.
Ma’rifat Davlatova 4 sentabr kuni Ozodlik bilan suhbatda u chizgan yarim yalang‘och ayollar suratlariga Tojikiston jamiyatining munosabatini bilganini aytdi.
“Ilk bor Internetda chizgan rasmlarim paydo bo‘lgandan keyin tojik axloqiy qadriyatlarining himoyachilaridan juda ko‘p noo‘rin gaplarni eshitgandim. Men erkaklarning ayollarni xaqoratlashlarini eshitganman, ochiq libosda bo‘lgan qizlarni muhokama qilishlarini guvohi bo‘lganman. Bu jamiyatdagi tengsizlikka qarshi mening isyonimdir,” - dedi u.
Yosh ayol rassom ijodiga munosabatlar turlicha – kimdir uning jasoratidan hayratga tushmoqda, kimdir tushunmayapti va suratlarni tojiklar madaniyatiga yot demoqda.
Masalan, Jamoliddin Faxriddin ijtimoiy Facebook tarmog‘ida Ma’rifat Davlatovaning yarim yalang‘och ayollar kartinasidan nafratlanganini yozgan.
"Tojik ayolini milliy kiyim bilan yarim yalang‘och, labida sigaret va boshida paranji bilan chizishni ayollarni tahqirlash deb hisoblayman. Zero, rassomning milliy atlas kiyimi bilan yarim yalang‘och ayolni chizishidan maqsad - bu tojik ayoli ekanini kӯrasatish," - deb yozadi Jamoliddin Faxriddin.
Zulfiqor Saidaminiy esa Ma’rifat Davlatova kartinalarini tojik ayollariga nisbatan karikatura deb baholab, yosh rassomni jazolashni talab qilgan.
Unga ko‘ra, tojik ayollarining qalbi pok va tanasi toza bo‘lib, ular o‘zlarning mustaqilliklarini ko‘z-ko‘z qilmaydi, uy o‘chog‘ini saqlovchilari va mehribon onadirlar.
Ayni damda, Sharifamoh Tohirova Facebook tarmog‘ida Ma’rifat Davlatovani qo‘llab-quvvatlab, uning suratlarini "shohona asar va oliy san’at namunasi," baholagan.
Uning yozishicha, yarim yalang‘och yollar surati ko‘rgazmasi Tojikiston an’anaviy jamiyatida bir e’tiroz yoki isyon hisoblanib, xurofotparast shaxslarni asil san’atni pornografiyadan farqlashni o‘rgatadi.
Tojikiston Xalq rassomi Vafo Nazarov ham Ozodlik bilan suhbatda, yalang‘och ayol tanasi inoyatini hech narsa bilan taqqoslab bo‘lmasligi va ayol tanasi aks etgan suratni "pornografiya" deguvchilar qattiq yanglishini aytdi.