Nyu-York shahridagi velosiped yo‘lagida yuk mashinasi bilan sakkiz kishini bostirib o‘ldirganlikda ayblanayotgan o‘zbekistonlik Sayfullo Soipovning advokatlari suddan unga nisbatan o‘lim jazosi qo‘llamaslik to‘g‘risida qaror chiqarishni iltimos qilmoqda.
Advokatlarning bildirishlaricha, prezident Donald Trampning Sayfullo Soipovga o‘lim jazosi berilishi shartligi to‘g‘risidagi bayonotlari ayblanuvchiga nisbatan sud jarayoni adolatli va holis bo‘lishiga shubha tug‘diradi.
6 sentabr kuni advokatlar Manxetten federal sudiga kiritgan iltimosnomada ta’kidlanishicha, bosh prokuror Jeff Seyshns Soipovga nisbatan o‘lim jazosi berilishini talab qilish yoki qilmaslik to‘g‘risida holis qarorni qabul qila olmaydi.
“Chunki Tramp Soipovga o‘lim jazosi berishga chaqirgan va bu bilan Seyshnga qaror qabul qilishda bosim ko‘rsatdi”, deyiladi iltimosnomada. Advokatlarga ko‘ra, Seyshns bu masalada “ochiq-oshkora siyosiy mulohazalardan kelib chiqib” qaror qabul qilishi mumkin.
2017 yilning 21 noyabr kuni Nyu-Yorkning Manxetten federal mahkamasida o‘zbekistonlik muhojir Sayfulla Soipovga nisbatan rasmiy ayblov e’lon qilingan edi.
AQSh prezidenti Donald Tramp esa o‘tgan yilning 1 noyabr kuni Tvitter sahifasida: “Nyu-York terrorchisi o‘zini baxtiyor his qilmoqda ekan... u 8 odamni o‘ldirdi, 12 odamni og‘ir jarohatladi. U o‘lim jazosiga hukm qilinishi kerak”, - deb yozgan.
Tramp bundan keyingi bir qator tvitlarida ham Soipovga o‘lim jazosi berishga chaqiriqlarni yozgan edi.
Advokatlarga ko‘ra, prezidentning bu kabi chaqiriqlari bosh prokurorga mustaqil qaror qabul qilishga to‘sqinlik qiladi.
Soipov ishini Manxetten federal sudida olib borayotgan muvaqqat prokuror Jeffri Berman advokatlarning bu bayonotiga munosabat bildirishni istamadi. AQSh Adliya vazirligi ham hozircha bu voqeani sharhlamadi.
2017 yil 31 oktabr kuni Nyu-York shahridagi velosiped yo‘lagida yuk mashinasi bilan sakkiz kishini bostirib o‘ldirganidan so‘ng qo‘lga olingan Sayfullo Soipov 22 ta og‘ir jinoyat¸ xususan¸ "Islom davlati" guruhiga moddiy yordam ko‘rsatish¸ sakkizta qotillik¸ 12 marta qotillikka urinishda ayblanmoqda.
AQShning Manxettendagi ayni jinoyat ishini ko‘rib chiqayotgan muvaqqat prokurori Jeffri Berman o‘lim jazosi talab qilish yoki qilmaslik uchun tavsiya berishi kutilmoqda. Ammo pirovard qarorni AQSh bosh prokurori Jeff Seyshns chiqarishini alohida qayd etish lozim.
Bermanni ham, Seyshnsni ham Tvitterda “Sompovga o‘lim jazosi berilishi”ni talab qilgan prezident Donald Tramp tayinlagan.
Soipov 2010 yili O‘zbekistondan Qo‘shma Shtatlarga ko‘chib, Paterson shaharchasida yashab kelgan.
Soipov politsiyaga bergan ilk ma’lumotlarida "Islom davlati" ekstremistik tashkilotiga sodiqligini aytgan edi. O‘z navbatida tashkilot uni “xalifalik askari” deb iddao qildi.
Hujum qilishidan oldin Qo‘shma Shtatlarda tijorat yuk mashinasi va Uber taksi hadovchisi bo‘lib ishlagan Soipov sudda “Islom davlati” guruhi videolaridan ilhomlanganini gapirib bergan.