Линклар

Шошилинч хабар
21 декабр 2025, Тошкент вақти: 14:35

Rossiya joriy haftada mamlakat tarxidagi eng yirik "urush"ni boshlaydi


11-17 sentabrda o‘tkaziladigan “Vostok-2018” mashqlarida 300 ming askar qatnashishi e’lon qilindi.
11-17 sentabrda o‘tkaziladigan “Vostok-2018” mashqlarida 300 ming askar qatnashishi e’lon qilindi.

Rossiya joriy haftada Sibir va Uzoq Sharqda Kreml ta’rifi bilan aytganda mamlakat tarixidagi “eng yirik“ harbiy mashg‘ulotlarni o‘tkazadi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 11-17 sentabrda o‘tkaziladigan “Vostok-2018” mashqlarida sovet davrida o‘tkazilgan eng yirik harbiy mashqlarga qiyoslaganda ikki barobar ko‘p harbiy ishtirok etadi. 1981 yil “Zapad-81“ nomi bilan o‘tkazilgan harbiy mashqlarda 150 mingga yaqin sovet harbiysi ishtirok etgan edi.

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu “Vostok-2018“ mashqlarida Rossiya armiyasi, havo kuchlari, dengiz kuchlari, bundan tashqari, Xitoy va Mongoliya qo‘shinlari ishtirok etishini bildirdi.

4 sentabr kuni Shoygu shunday dedi:

- [Mashqlarda] taqriban 300 ming askar; mingdan oshiq samolyot, vertolyot va dron; 80 tagacha harbiy va yuk tashuvchi kema; 36 mingga yaqin tank, bronetransportyor va boshqa vositalar ishtirok etadi.

Vazir mashqlarning “faol fazasi” Rossiya markazi va sharqidagi besh umumiy, to‘rt havo hamda uch dengiz poligonlarida o‘tkazilishini bildirdi.

Shoyguning aytishicha, asosiy mashqlar Zabaykal o‘lkasining Tsugol poligonida bo‘lib o‘tadi.

Tsugol poligonidagi mashqlarda Rossiya qo‘shinlari bilan bir qatorda taxminan 3200 nafar xitoy harbiysi 900 yer transporti vositasi va 30 uchoq bilan qatnashadi

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov prezident Vladimir Putin “strategik ahamiyatga ega“ mashqlarda qatnashishini bildirdi.

Qarorgohi Londonda joylashgan IHS Markit agentligining Rossiya bo‘yicha tahlilchisi Aleks Kokcharov bundan avval Rossiya hududida Xitoy biror marta ham harbiy mashqlarda ishtirok etmaganini e’tirof etdi:

- Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida qo‘shma mashqlar o‘tkazilgan, ammo ular xalqaro miqyosda o‘tkazilgani uchun boshqacha edi. Bu mashqlar esa o‘zgacha, chunki unga Xitoy va Mongoliya taklif qilingan, ammo Rossiya yetakchiligida o‘tkazilayotgan mashqlardir. Agar Rossiya Xitoyni taklif qilmaganida, Pekin buni Rossiya boshlagan xavfli harakat o‘laroq ko‘rgan bo‘lardi.

Praga Xalqaro aloqalar instituti tahlilchisi Mark Galeottining fikricha, “Vostok-2018“ mashqlari butun dunyoga Rossiya to‘laqonli janglarda butun armiyasi bilan ishtirok etishga tayyor ekanligini ko‘rsatishni ko‘zlaydi.

Ammo Galeotti ushbu mashqlar bir vaqtning o‘zida Moskva Pekinda o‘z do‘stlariga ega ekanligini, bugungi kun geosiyosatida Xitoyning o‘rni ham borligini ko‘rsatmoqchi bo‘layotganini ta’kidladi.

Kokcharov “Vostok-2018“ mashqlarini Suriya va Sharqiy Ukrainadagi konfliktlar tufayli Moskva va g‘arb davlatlari o‘rtasida yuzaga kelgan tanglikka bog‘liq emas, deb hisoblaydi. Uning fikricha, bunday ko‘lamdagi mashqlarni rejalashtirish uchun uzoq tayyorgarlik lozim.

Ammo Kokcharovning fikricha, harbiy mashqlar ko‘lami Kreml iddao qilganchalik katta bo‘lmaydi:

- O‘tgan yilda Rossiya Belarus bilan hamkorlikda “Zapad-2017“ mashqlarini o‘tkazar ekan, xorijiy kuzatuvchilarni chaqirish majburiyatidan qochish uchun harbiylar sonini kichraytirib ko‘rsatdi. Rossiya “Zapad-2017“da qatnashgan qo‘shinlar sonini ancha ozaytirib ko‘rsatganini bilamiz. Shunday ekan, bu safar 300 ming harbiy qatnashishini aytayotgan Moskva so‘zlariga ko‘r-ko‘rona ishonib bo‘lmaydi, deb hisoblayman.

- Qo‘shinlar sonini juda katta qilib ko‘rsatish Rossiyaning Osiyo-Tinch okeani hududidagi harbiy qudrati haqida hammani xavotirga solgan bo‘lardi. Aslida esa mashqlarda bundan ancha oz odam qatnashishini kutish mumkin, - deya so‘zini yakunladi tahlilchi.

XS
SM
MD
LG