Taniqli kinorejissyor, 46 yashar Rustam Sagdiev “yomon mafiya va yaxshi militsiya” haqida “Ota rozi” degan kriminal drama janridagi filmni suratga olish ishlarini tugatdi. Filmning oktabr oyida katta ekranga chiqarilishi kutilmoqda.
Mafiya¸ kriminal dunyo va bu to‘da changaliga tushgan beg‘ubor talaba iztirobu ko‘rguliklari haqida hikoya qiladigan filmga sobiq Ichki ishlar vaziri¸ general Zokir Almatov bosh konsultantlik qildi.
Filmni suratga olgan kinorejissyor, 46 yashar Rustam Sagdiev Ozodlik bilan suhbatda “Zokir Almatov ishtirok qilmaganida¸ bu kino dunyo yuzini ko‘rmagan bo‘lishini” aytdi.
O‘zbekiston tarixidagi ziddiyatli mulozimlardan biri¸ 2005 yil 13 may kuni Andijonda yuz bergan qonli voqealardan keyin YEI sanksiyalariga uchragan sobiq Ichki ishlar vaziri Zokir Almatov bundan oldin “Shaytanat” filmiga ham “bosh-qosh” bo‘lgan edi.
Rejisser Rustam Sagdievga ko‘ra¸ “Ota rozi” filmidagi voqealar bugungi kunlarda sodir bo‘ladi:
- Oddiy talaba mafiya ichiga tushib qoladi. Mafiya to‘daboshilari buyurtma qotil tarafidan o‘ldirilgan joyda tasodifan shu talaba turgan bo‘ladi. Izquvar militsiya ham¸ mafiya ham bu yigitni qotillikka aloqador deb o‘ylydi. Faqat yigitning otasi o‘g‘lini begunoh, deb bladi va o‘g‘lini qutqarishga bel bog‘laydi. Film baxtli yakun topadi, yigit mafiya to‘dasini tark qilib oila bag‘riga qaytadi. Umuman mening filmlarimning hammasi ham ijobiy yakun topadi.
Filmda rossiyalik kinoakter Farhod Mahmudov¸ tojikistonlik taniqli kino yulduzi Sobir Qurbon suratga tushgan.
Shuningdek, filmda Adiz Rajabov¸ Mahliyo Omon¸ Saida Rametova¸ Dilorom Egamberdieva va Baxshullo Fatullaev asosiy rollarni ijro qilgan.
Rustam Sagdievning e’tiroficha¸ kinoning vizual estetikasini tasvirchi Dilmurod Turdiboev ta’minlangan:
- Film ijodiy jamoaning uyg‘un ishi bois samarali bo‘ldi. Bastakor Doniyor A’zamov yaratgan shiddatli ohanglar va rassom Zohidjon Mirrahmedov yaratgan mizanstsenalar film ta’sirchanligini oshirdi.
Rejissyor o‘zi suratga olgan "Ota rozi " (filmning ishchi nomi) filmi MDX ekranlariga chiqishidan umidvor:
- Kriminal drama janridagi bu filmni Markaziy Osiyo va MDHdagi tomoshabinlar tushunib ko‘ra olishiga ishonaman. Film "otalar so‘zi aqlning ko‘zi", degan o‘zbek naqlini tomoshabinlar idrokiga yetkazishidan umid qilaman.