Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2018, Тошкент вақти: 19:26

Islom akademiyasi qizlari hijobga taqiq bois parik kiya boshladi


Akademiya rahbariyati nafaqat hijob, balki jinsi shimda yoki kalta yubkada o‘qishga kelgan qizlar ham darsga qo‘yilmasligini ma’lum qildi.​

Toshkentdagi Xalqaro Islom akademiyasida hijobi yechtirilgan talaba qizlar o‘qishga parik kiyib kelishga majbur bo‘lmoqda. Ozodlik mobil muxbiri akademiya qarshisida olgan videotasvirlarda, ayrim talaba qizlarning bilim yurtiga yaqinlashgach, ro‘molini yechib, boshiga parik va bo‘yniga sharf bog‘lab o‘qishga kirib ketayotganini ko‘rish mumkin. O‘tgan hafta akademiyaning 4 talabasi o‘qishga hijobda kelgani uchun o‘qishdan haydalgani haqida BBC O‘zbek xizmati xabar qilgan edi. Akademiya rahbariyati nafaqat hijob, balki jinsi shimda yoki kalta yubkada o‘qishga kelgan qizlar ham darsga qo‘yilmasligini ma’lum qildi.​

Toshkentdagi Xalqaro Islom akademiyasida o‘qiyotgan talaba qizlardan biri Ozodlik bilan suhbatda hijobga taqiq bois o‘qishga ro‘molini yechib, parik kiyib borishga majbur bo‘layotganini aytdi.

- Chunki hijob va ro‘molda o‘qishga qo‘ymayapti. Tasdiqlangan kiyinish qoidasiga zid ekan bu. Shuning uchun, yuzimizni qisman bo‘lsa ham to‘sish uchun parik, bo‘ynimizga esa sharf o‘rab kelishga majbur bo‘lyapmiz, - deydi Islom akademiyasining ismini aytmagan talabasi.

Ayrim boshqa talabalar esa o‘qishga ro‘mol o‘rniga do‘ppi kiyib bormoqda.

O‘tgan hafta BBC O‘zbek xizmati akademiyaning kamida to‘rt talabasi hijobni yechishdan bosh tortgani uchun o‘qishdan haydalgani, ellikdan ziyod talaba esa hijobsiz o‘qishga borishni xohlamayotgani bois, akademiyadan haydalish tanlovi qarshisida qolgani haqda xabar bergan edi.

Ozodlik suhbatlashgan akademiya talabasi bu xabarni tasdiqladi.

- Chunki bizda ko‘pchilik islomiy tarbiya olgan qizlar, ular ochiq xolda o‘qishga borishni xohlashmayapti, dars qoldirsa o‘qishdan haydaladi, - deydi talaba.

Xalqaro Islom akademiyasidagi kiyinish qoidalari.
Xalqaro Islom akademiyasidagi kiyinish qoidalari.

Ro‘mol ham kalta yubka ham mumkin emas!

Toshkentdagi Xalqaro Islom akademiyasi rektori yordamchilaridan biri Ozodlik bilan suhbatda talabalar o‘qishga hijobda yoki ro‘molda qo‘yilmasligini tasdiqladi.

Ismini aytishni istamagan rektor yordamchisiga ko‘ra, kalta yubka kiygan yoki shortik kiygan abiturientlarga ham ochiq kiyinmaslik talabi qo‘yilgan.

- Oliy ta’lim vazirligi tasdiqlagan umumiy forma bor, hamma talaba, jumladan bizni talabalar ham shu formada o‘qishga kelishi shart va shu formada kelishyapti, - dedi rektor yordamchisi.

Lekin, rektor yordamchisi hijobda kelgani talaba o‘qishdan haydalgani xolati bo‘lmaganini aytdi.

- Noto‘g‘ri xabar berishibdi, hammasi o‘qiyapti hozir, hech kim o‘qishdan haydalgani yo‘q, - dedi Xalqaro Islom akademiyasi rektorining yordamchisi.

Ozodlik muxbirining ayrim talaba qizlarga istisno tariqasida o‘qishga ro‘molda kelishiga ruhsat beriladimi?, degan savoliga rektor yordamchisi: “Bu savolingizga javob berolmayman”, - dedi.

Toshkentdagi Xalqaro Islom akademiyasi 2018 yilning aprel oyida prezident Shavkat Mirziyoevning farmoni bilan tashkil qilingan.

Sobiq Islom universiteti negizida tashkil qilingan bilim yurtiga O‘zbekiston musulmonlari idorasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita muassislik qiladi.

Akademiyada Qur’oni karim, hadislar, tasavvuf kabi Islom imlari bilan bir qatorda moliya, xalqaro munosabatlar kabi fanlar, shuningdek arab, fors, ingliz, rus, urdu, turk tillari o‘qitiladi.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 31-moddasida “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi.

Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega” deya belgilangan.

O‘zbekiston ma’muriy javobgarlik kodeksining 184-moddasi 1-bandiga ko‘ra, diniy tashkilotlar xizmatchilaridan tashqari fuqarolarining jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlari jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq bilan jazolanishi mumkin.

“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning 14-moddasida ham “fuqarolarning jamoat joylarida diniy libosda yurishlariga yo‘l qo‘yilmasligi” aytilgan.

Bilim dargohlari esa jamoatchilik joyi hisoblanadi.

O‘zbekistonda so‘nggi kunlarda ro‘mol yoki hijobga taqiqlar ijtimoiy tarmoqda qizg‘in munozara mavzusiga aylandi.

Samarqandning Nurobod tumanida militsiya zobiti do‘kon sotuvchisini ro‘mol o‘ragani uchun idoraga olib bormoqchi bo‘lgani haqida Ozodlik 14 sentabr kuni xabar qildi.

Hijob va soqolga taqiqlarga juma namozida e’tiroz bildirgan Toshkentdagi Omina masjidining imomi Fazliddin Parpiev esa o‘tgan hafta ishdan olindi.

O‘zbekiston oliygohlarida talabalarning kiyinishi borasida qat’iy talablar borligi haqida Ozodlikning avvalgi maqolalarida ham aytilgan.

Jumladan, Toshkentdagi oliygohlar jinsi shimda yoki kalta yubkada o‘qishga kelgan qizlar ham darsga qo‘yilmagan.

XS
SM
MD
LG