Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 16:13

OzodTa'sir: Bandlik vazirligi paxtaga terimchi yollash tartibini izohladi


O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Ozodlikda e’lon qilingan "Ishchilar paxtada, imom, otinoyi va dasturxonchilar terim otryadlari tuzmoqda" sarlavhali maqolaga javob e’lon qildi. Unda mahalliy rahbarlar Ozodlikka taqdim etmagan ma’lumot - paxta terimiga terimchi yollash va terim otryadlarini tashkil qilish tartibiga rasman izoh berilgan.

20 sentabr kuni Ozodlik chop etgan maqolada Buxoro va Qashqadaryodagi zavod-fabrikalar, aholiga xizmat ko‘rsatuvchi korxona, tashkilot va muassasalar ishchilari 17 sentabrdan boshlab paxta terimiga chiqarilgani, Farg‘ona vodiysidagi imomlar va dasturxonchilar esa, aholini paxtaga olib kelishga safarbar qilingani xabar qilingandi.

Shuningdek, maqolada buxorolik ayrim ishchilar Ozodlikka ulardan “o‘z ixtiyorim bilan paxtaga chiqdim”, degan tilxat yozdirib olingani haqida aytgani keltirilgandi.

Ozodlik muxbiri bu ma’lumotlarga rasmiy izoh so‘rab, tegishli tashkilotlarga murojaat qilgan, ammo to‘liq rasmiy ma’lumot taqdim qilinmagan edi.

22 sentabr kuni O‘zA agentligi bu maqolaga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bergan rasmiy javobni chop etdi.

Ushbu javobda 20 sentabr kuni mahalliy hokimiyat organlari Ozodlik muxbiriga bermagan to‘liq rasmiy ma’lumot taqdim qilingan.

Quyida ana shu javob matnini o‘qishingiz va shu kunda respublika bo‘ylab davom etayotgan paxta terimiga terimchi yollash bo‘yicha joriy etilgan rasmiy tartib bilan tanishishingiz mumkin:

“Ozodlik” axborot portalida e’lon qilingan “Paxta-2018: Ishchilar paxtada, imom, otinoyi va dasturxonchilar terim otryadlari tuzmoqda” nomli maqolada O‘zbekiston bo‘ylab tashkil etilayotgan terim otryadlari haqida rasmiy ma’lumot berilmaganligi aytilgan edi. Shunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bu yilgi paxta terimida birinchi marta tashkil etilayotgan terim otryadlari haqida quyidagilarni ma’lum qiladi:

1. Paxta mavsumida terim otryadlarini tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 avgustdagi “2018 yil hosili paxta xom ashyosini yig‘ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda joriy yil 5 sentabrda Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida paxta terimi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektr Bayonnomasi asosida amalga oshirildi.

2. Terim otryadi, bu – ​paxta hosilini yig‘ib-terib olish maqsadida ko‘ngilli terimchilar tomonidan tashkil etilgan birlashgan jamoadir. Ko‘ngilli, deb 18 yoshdan katta, muayyan mehnat bilan band bo‘lmagan ishga layoqatli, vaqtincha ishsiz, ayrim hollarda mehnat resurslari yetmagan hududga boshqa hududlardan kelib terimda ishtirok etish istagini bildirgan aholi tushuniladi. Terim otryadlari mahalla faollari hamda aholining taklif va tavsiyalari asosida kamida 80 nafardan 100 nafargacha ko‘ngilli terimchilardan iborat bo‘ladi. Terim otryadlarining faoliyati kunlik paxta terimini tashkil qilish asosida amalga oshiriladi. “Terim otryadi” paxta terimining sifatli tashkil etilishi va hosilning terib topshirilishini, majburiy mehnat va voyaga etmaganlar mehnatining taqiqlangan shakllariga jalb etmaslik bo‘yicha qonun talablariga rioya etilishini, terim puli tarqatilgandan so‘ng terimchilar tomonidan imzolangan ro‘yxatning bir nusxasini Buyurtmachiga taqdim etilishini ta’minlashi zarur.

3. Terim otryadi rahbarligiga nomzodlar aholi orasida obro‘-e’tiborga, ish tajribasiga va tashkilotchilik qobiliyatiga ega mahalla faollari orasidan saylanadi. Otryad rahbari taqdim etgan to‘lov vedomostiga asosan otryadga biriktirilgan bank xodimi tomonidan terimchilarga mehnat haqi (terim puli) tarqatiladi.

Terim otryadi rahbarining asosiy majburiyatlariga:

- terim otryadi nomidan paxta hosilini haq evaziga terib berish yuzasidan shartnoma tuzish;

- terim mavsumida har kuni terilgan paxta hosilini hisob-kitob qilish;

- terim otryadi tarkibidagi har bir terimchining xavfsizligini, oziq-ovqat ta’minotini doimiy nazorat qilib borish;

- paxta hosilining toza va sifatli terilishini ta’minlash kiradi.

4. Mavsum davomida otryad rahbarlariga otryad tomonidan terilgan 80 tonna paxta xom ashyosi uchun 1 million so‘m va 80 tonnadan oshgan har bir tonna paxta uchun 50 ming so‘mdan mehnat ish haqi to‘lanadi. Bunda, terim otryadi tomonidan mavsum davomida 80 tonnadan kam paxta tergan taqdirda, ularga ish haqi amalda tergan paxta xom ashyosi miqdoriga mutanosib ravishda to‘lab beriladi. Tashkil etiladigan terim otryadlari rahbarlariga belgilangan ish haqining kamida 40 foizi oldindan to‘lov tartibida beriladi. To‘lov naqd shaklda amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, paxta terimida qatnashish faqatgina fuqarolarning o‘z ixtiyorlariga ko‘ra amalga oshiriladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

Axborot xizmati

(Vazirlikning javob matni O‘zA agentligi saytidan olindi)

XS
SM
MD
LG