Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 03:08

"Antibiotik" Mirag‘lam Mirzaev tergov izolyatoridan IVV kasalxonasiga o‘tkazildi


Mirag‘lam Mirzaev
Mirag‘lam Mirzaev

Toshkent shahar prokurorining korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha sobiq o‘rinbosari, joriy yil fevralidan beri tergov izolyatorida hibsda saqlanayotgan «Antibiotik» laqabli Mirag‘lam Mirzaev og‘ir kasalligi bois IVV kasalxonasiga o‘tkazilgan.

Bu ma’lumotni Ozodlik IVV kasalxonasi xodimidan va Mirzaevning oilasiga yaqin kishidan oldi.

Har ikkala suhbatdoshga ko‘ra¸ Mirag‘lam Mirzaev insult oqibatida harakatlanishi qiyin bo‘lib qolgani va malakali shifokor nazorati zarurligi uchun IVV kasalxonasining qattiq qo‘riqlanadigan palatasiga joriy yilning 17 sentabr kuni o‘tkazilgan.

Mirag‘lam Mirzaevga qo‘yilgan tashxislardan xabari bo‘lgan vrach Ozodlik bilan suhbatda “Mirzaev jazodan qutulib qolish uchun o‘zini kasal qilib ko‘rsatmoqda”, deb iddao qildi.

Sobiq Bosh prokuror jinoyat ishi doirasidagi hibs

Sobiq prokuror Mirag‘lam Mirzaev joriy yil 23 fevralida hibsga olingan edi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining 22 martda tarqatgan bayonotiga ko‘ra¸ “Mirag‘lam Mirzaevga nisbatan juda ko‘p miqdorda pora olish, boshqa mansabdorlik jinoyatlarini sodir etganlik holatlari yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.”

Ayni bayonotda Mirzaev «Bosh prokuratura tomonidan sobiq Bosh prokuror R.Qodirovga nisbatan o‘tkazilayotgan jinoyat ishi tergovi doirasida” tergov qilinayotgani bildirilgan edi.

Ozodlik tasarrufidagi ma’lumotlarda Mirag‘lam Mirzaevga nisbatan Jinoyat Kodeksining 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 210-moddasi (Pora olish) bo‘yicha jinoyat ishi ochilgani aytiladi.

O‘zbekiston huquq-tartibot organlarida ishlovchi zobitning Ozodlikka aytishicha¸ “Mirzaevga qarshi sobiq bosh prokuror Qodirov ko‘rsatma bergan”:

- Rashid Qodirov ko‘rsatmalaridan keyin adliya maslahatchisi Mirag‘lam Mirzaev, uning turmush o‘rtog‘i, «Yunusobod advokatlar kollegiyasi» rahbari Muhabbat Hasanova, ularning o‘g‘li, MXXning Toshkent shahar boshqarmasi huzuridagi Terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmasi sobiq boshlig‘i Abdurashid Mirzaev, Mirag‘lam Mirzaevning jiyani (Mira’zam Mirzaevning o‘g‘li), MXX Toshkent viloyat boshqarmasi huzuridagi Terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmasi boshlig‘i Mansur Mirzaev qo‘lga olinib, ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 210-moddasi (Pora olish) bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan edi.

O‘zbekiston huquq-tartibot organlarida ishlovchi zobitning aytishicha¸ Mirag‘lam Mirzaevning xotini Muhabbat Hasanova va boshqa qarindoshlari tergov izolyatorida qolmoqda.

- Yaqinda ish sudga oshiriladi Mirzaev¸ Xasanova va yana ularning to‘rt qarindoshi o‘z aybiga iqror bo‘ldi. Eng ko‘p ayblov Muhabbat Xasanovaga nisbatan qo‘llanildi. Ayblov isbot va boshqa guvohlar ko‘rsatnmalari bilan dalillandi.

Sobiq prokuror uyidagi tintuv

Joriy yilning 18 iyun kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Ozodlikka Toshkent shahar prokurorining sobiq 1-o‘rinbosari Mirag‘lam Mirzaev va uning yaqinlari ustidan ochilgan jinoiy ish doirasida tintuv o‘tkazilganligini bildirgan edi:

"Tergovning Mirzaevlar oilasiga oid epizodida M.Mirzaev¸ M.Mirzaeva¸ A.Mirzaev va Z.Inog‘omov (M.Mirzaevaning jiyani) ushlangan. Mirzaev oilasiga qarashli turar-joy va noturar-joy ob’ektlarida tintuv o‘tkazildi¸ turli predmetlar¸ hujjatlar¸ avtotransport vositalari va boshqalar olib qo‘yildi”, deyilgan Ozodlikka yuborilgan ma’lumotnomada.

Mirag‘lam Mirzaev va uning yaqinlari

Uzoq yillar rasman Toshkent shahar prokurorining 1-o‘rinbosari lavozimida ishlaganiga qaramay¸ amalda butun prokuratura tizimini boshqaruvchi “o‘zgarmas va qudratli” shaxs sifatida nom chiqargan Mirag‘lam Mirzaev (laqabi "Antibiotik") prezident Shavkat Mirziyoev 2017 yilning 9 fevral kungi selektor yig‘ilishida IIV va prokuratura tizimlarini tanqid qilganidan bir necha kun o‘tib ishdan olingan edi.

Mirag‘lam Mirzaevning ushbu tasviri ilk bora Eltuz.comnashrida e’lon qilingan
Mirag‘lam Mirzaevning ushbu tasviri ilk bora Eltuz.comnashrida e’lon qilingan

​Mirzaevning xotini Muhabbat Hasanova (laqabi "Kardinal")¸ Yunusobod advokatlar kollegiyasini boshqargan¸ MXXning sobiq raisi¸ general Rustam Inoyatovning xotini Flora Inoyatovaning yaqin do‘sti va qarindoshidir.

Mirzaevlarning o‘g‘li Abdurashid Mirzaev MXXning Toshkent shahar boshqarmasi huzuridagi Terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmasini boshqargan.

Mirag‘lam Mirzaevning ukasi Mira’zam Mirzaevning o‘g‘li Mansur Mirzaev (laqabi "Malish") MXXning Toshkent viloyat boshqarmasi huzuridagi Terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmasini boshqargan.

Toshkent mulozimlari¸ qolaversa Ozodlikka o‘z hikoyasini aytib berayotgan tadbirkorlar MXX sobiq raisi Inoyatov qanoti ostida ish yuritgan Mirzaevlar sulolasining uzoq yillar davomida MXX¸ IIV¸ prokuratura va hokimiyat amaldorlarini terrorda ushlab¸ ulardan muntazam pora talab qilib kelganlik barobarida¸ ishi yurishgan tadbirkorlarni ayovsiz qaqshatib kelganini iddao qilishadi.

XS
SM
MD
LG