"O‘zavtosanoat" AJ raisining Asakadagi GM Uzbekistan zavodiga amaliy tashrifi davomida zavoddagi lavozimlarini uzoq vaqt davomida egallab kelgan hamda faoliyati ko‘p yillar davomida ishlab chiqarishda turg‘unlik va zararga sabab bo‘lgan qator xodimlar ishida jiddiy xatolar va kamchiliklar aniqlandi. Bu haqda "O‘zavtosanoat" aksiyadorlik jamiyati rasman xabar qildi.
"Xodimlar bo‘shatildi, ularning o‘rniga mahalliy avtomobil sanoatini rivojlantirishning yangi konsepsiyasini qo‘llab-quvvatlaydigan, o‘zlaridan oldin ishlaganlarning xatolari ustida tegishli ishlarni amalga oshira oladigan yosh va maqsadga intiluvchan mutaxassislar tayinlandi", - deyiladi "O‘zavtosanoat" bayonotida.
Yangi tayinlovlar:
1. Azimov Alisher Mirabbosovich - bosh direktorning umumiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchisi;
2. To‘xtaboev Akramjon Hoshimjonovich - ishlab chiqarish bo‘yicha boshqaruvchi direktor vazifasini bajaruvchi;
3. Akbarov Kozimjon Komiljonovich - kommunal xizmat ko‘rsatish va kapital qurilish direksiyasi direktori vazifasini bajaruvchi;
4. Abdurahmonov Dilshodbek Avazovich - muhandislik mahsulotlari va ta’minotchilar sifati direksiyasi direktori vazifasini bajaruvchi;
5. To‘raqulov Elyor Baxtiyorovich - global xaridlar bo‘yicha boshqarma direktori vazifasini bajaruvchi;
6. Mamadaliev Alisher Murodilovich - muhandislik mahsulotlari va ta’minotchilar sifati direksiyasi direktori o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi;
7. Mamajonov Anvarjon Mamajonovich - transport tashuvlari bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi;
8. Murodov Akmal Boyqobilovich - ishlar boshqaruvchisi vazifasini bajaruvchi;
9. Shonazarov Shavkat Shuhratovich - presslash sexi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi;
10. Musaev Abdurahim Pataxovich - bosh direktorning maslahatchisi - markaziy yuklash maydonchasi rahbari vazifasini bajaruvchi.
"O‘zavtosanoat" bayonotida ishdan olinganlar to‘g‘risida ma’lumot berilmagan.
Ma’lumotlarga qaraganda, 2016 yilda zavodga rahbarlik qila boshlagan Rustam Rajabov hamon direktor vazifasini bajaruvchi bo‘lib turibdi.
Gazeta.uz nashriga kuni kecha bergan intervyusida "O‘zavtosanoat" shirkati boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov mamlakatda avtomobil taqchilligi sun’iy ravishda vujudga keltirilgani, bunga kerakli miqdorda avtomobil ishlab chiqarilmagani sabab bo‘lganini aytgan edi.
"Agar aholining avtomobillarga egalik darajasini hisoblasak, 1000 kishiga 70 ta avtomobil to‘g‘ri keladi. Qo‘shni Qozog‘istonda bu ko‘rsatkich 217 tani tashkil etadi. Agar zavodlarimiz to‘liq quvvatda ishlasa va yiliga 300 mingta mashina sotsa, ularni ortda qoldirishimiz uchun 13 yil kerak bo‘ladi. Bu ko‘rsatkich bozorimiz qanchalik "och qolgani"ni ko‘rsatadi", degan Shavkat Umurzoqov.
Ozodlik "O‘zavtosanoat"da kechayotgan o‘zgarishlar jarayonini o‘rgangan va 12 sentyabrda "Avtosanoat “prokurorlashtirildi”. Ijobiy o‘zgarishlar sezilayotgani yo‘q", degan sarlavha ostida maqola yoritgan edi.