Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:08

G‘ofur Rahimov Yoshlar Olimpiadasi-2018da ishtirok etish huquqidan mahrum qilindi


G‘ofur Rahimov (o‘rtada) sportchilar bilan. 2010 yilda olingan surat.
G‘ofur Rahimov (o‘rtada) sportchilar bilan. 2010 yilda olingan surat.

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) Xalqaro boks assotsiatsiyasi (AIBA)ning vaqtinchalik prezidenti G‘afur Rahimovni Argentinaning Buenos Ayres shahrida 6 oktabrdan 18 oktabrgacha o‘tkaziladigan Yoshlar Olimpia o‘yinlarida ishtirok etish huquqidan mahrum etdi.

Ғофур Раҳимов Ёшлар Олимпиадаси-2018да иштирок этиш ҳуқуқидан маҳрум қилинди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:52 0:00

Bu haqda Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi Bosh direktori Kristof De Kepper 4 oktabrda maxsus bayonot berdi. Kepper AIBA bilan ish yuzasidan tashqari bo‘lgan barcha munosabatlar muzlatilishini ham ma’lum qildi.

Kristof De Kepper G‘ofur Rahimov Yoshlar Olimpia o‘yinlarida ishtirok etish huquqidan mahrum etilgani to‘g‘risida AIBAga a’zo bo‘lgan 203ta milliy federatsiyaga ogohlantirish xati ham jo‘natgan.

“Biz bu ma’lumotni to‘g‘ridan-to‘g‘ri barcha milliy federatsiyalarga yetkazishni muhim deb hisoblaymiz. Chunki sizlar XOQ Ijroiya kengashi muhokama qilayotgan mavzu naqadar jiddiy ekanini aniq tushunib yetishingiz va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan anglashilmovchiliklardan olis turishingiz zarur”, deyiladi Britaniyadagi Inside the Games nashri e’lon qilgan rasmiy maktubda.

Mazkur maktub Xalqaro olimpiya qo‘mitasi 3 oktabrda G‘afur Rahimov AIBA prezidenti etib tayinlanadigan bo‘lsa, Olimpiada o‘yinlari dasturidan boks chiqarib yuborilishi mumkinligi to‘g‘risida bayonot bergani ortidan Milliy federatsiyalarga jo‘natilgan.

XOQ xavotiriga AQSh tomonidan jinoyatchi atalib, qora ro‘yxatga kiritilgan G‘ofur Rahimov tashkilot prezidentligiga yagona nomzod etib ko‘rsatilgani sabab bo‘ldi. AIBA prezidentligiga saylov tashkilotning 3 noyabrda Moskvada o‘tadigan kongressi doirasida bo‘lib o‘tadi.

Avvalroq Rahimovning saylovdagi raqibi bo‘lgan tashkilot vitse-prezidenti Serik Qonaqbaev AIBA a’zolarining yetarlicha qo‘lloviga ega bo‘lmagani ortidan prezidentlikka nomzod sifatida tasdiqlanmagani xabar qilingan edi. Qonaqbaev mazkur qaror ustidan Xalqaro sport arbitraj sudiga shikoyat kiritishini bildirgan.

Ayni paytda XOQ prezidenti Tomas Bax AIBA vitse-prezidenti lavozimini vaqtincha bajarib turgan Franko Falchinelli 4 oktabrda AIBA ijroiya kengashi qarori bilan ishdan chetlatilganini tanqid qildi.

Franko Falchinelli tashkilot a’zolarini Serik Qonaqbaev nomzodini qo‘llab-quvvatlashga chaqirib kelayotgan edi. Ijroiya kengash bu holatni “tartib-intizomni buzish”, deb baholagan va Falchinelli ishini ko‘rib chiqish uchun Intizom komissiyasiga yuborgan.

“Biz mantiqiy jihatdan tushunish qiyin bo‘lgan qarorlar qabul qilinayotganini ko‘rib turibmiz. Falchinelli o‘z hamkasblariga XOQ bayonotlarini e’tiborga olishni tavsiya qilgan xolos. Nega bu holat uning vaqtincha chetlatilishiga sabab bo‘lganini anglab etish, haqiqatan ham juda qiyin”, dedi Tomas Bax o‘z tanqidida.

AIBA prezidenti Vu Chjing Guo 2017 yilning noyabr oyida iste’fo bergan edi. Uning o‘ringa G‘ofur Rahimov 2018 yilning 27 yanvar kuni vaqtincha prezident qilib saylangan.

Rahimov O‘zbekistonni 2010 yilda tark etgan edi. 2013 yilning 6 fevralida G‘afur Rahimovga tovlamachilik, jinoiy faoliyatda olingan daromadlarni legallashtirish va hujjatlarni qalbakilashtirishda ayblanib, O‘zbekiston tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan.

Joriy yilning 12 iyul kuni Ozodlik G‘afur Rahimovga qidiruv to‘xtatilgani va uning O‘zbekistonga qaytishiga huquqiy izn berilgani haqda xabar qilgan. 27 iyul kuni 67 yoshli G‘ofur Rahimov Toshkentga kelgani bildirilgan.

XS
SM
MD
LG