Bo‘ka tumanida yotib paxta terishga yuborilgan Qibray tuman Jomiy MFY raisi Yo‘ldosh Ashurov 10 oktabr kuni dalaga ketish oldidan yurak xurujidan vafot etdi.
Paxta terayotgan mahalla faollaridan kelgan bu xabarni Bo‘ka kasalxonasi va Qibray hokimligi mulozimlari tasdiqladi.
61 yashar Ashurovning jasadi Bo‘ka tuman markaziy kasalxonasiga olib kelingan¸ bu yerdan esa tibbiy ekspertiza o‘tkazish uchun darhol To‘ytepa o‘likxonasiga yuborilgan. Qibray hokimligi rasmiysi¸ mahalla raisining infarktdan o‘lganini bildirdi.
"Kazarmada o‘lib qoldi"
11 oktabr kuni Ozodlikka Yo‘ldosh Ashurovning paxtada o‘lgani bilan bog‘liq tafsilotlarni bildirgan Toshkent viloyat hokimligi tizimida ishlovchi mulozim uning “bu yil yangicha tus olgan majburiy mehnat qurboni” bo‘lganini ta’kidladi.
“Bular Bo‘kadagi madaniyat uyi binosida yotib paxta terayapti. Kechqurun paxtadan kelib¸ o‘zlari ovqat qilishgan. Ertalab dalaga ketishayotganda Yo‘ldosh aka mazam bo‘lmayapti¸ deganda yiqilgan. Kazarmaning o‘zidayoq tamom bo‘lgan¸ Bo‘ka bolnitsasiga o‘ligini olib kelishgan. Insult bo‘ldi deyishayapti¸ obshirniy infarkt ham bo‘lishi mumkin. O‘lik bugun tushgacha morgda edi¸ men bilganim¸ prokuror kelishini kutib o‘tirishgan edi”¸ dedi bu ma’lumotni yoyinlash vakolati yo‘qligi bois shaxsi va lavozimi sir qolishini so‘ragan mahalliy mulozimlardan biri 11 oktabr kuni.
12 oktabr kuni Ozodlik gaplashgan Qibray tuman hokimligi rasmiysi Yo‘ldosh Ashurovning 11 oktabr kuni tushdan keyin dafn etilganini bildirdi.
O‘lim sababiga to‘xtalgan mulozim ekspertiza “obshirniy infarkt”dan o‘ldi¸ degan xulosaga kelganini bildirdi.
Ozodlik, hozircha, Ashurovning o‘limi sababiga oid tibbiy tekshiruvning rasmiy xulosasini ko‘rgani yo‘q.
Hokimiyatning pensiyadagi mahalla raislariga bosimi nihoyatda kuchaygan!
Bu gapni Ozodlikka shaxsi sir qolishini so‘ragan qibraylik faollardan biri aytdi.
Unga ko‘ra¸ hokimlar “ko‘ngilli terimchilar otryadi” tashkil etish uchun 4 ta ish shtati bo‘lgan mahalla fuqarolar yig‘ini raislaridan kamida 8 kishini paxtaga chiqarishni talab qilayapti¸ aniqrog‘i majburlayapti.
“Hokimiyatning yangi majburlash taktikasiga ko‘ra¸ raislar¸ xotin-qizlar vakili¸ kotiba va posbon o‘z mahallasida uyma-uy yurib ishsiz fuqarolar bilan tushuntirish ishlarini olib borib¸ davlat imtiyozlaridan foydalanib paxta terib berish va bu bilan pul topishni agitatsiya qilish kerak. Qizig‘i¸ bularning hammasi o‘z ixtiyorim bilan boraman¸ degan yozma xat yozib berishi kerak. Mahallaqo‘mlar kimni bunga ko‘ndiradi? Bu shartlarni qilolmayapti ko‘p raislar¸ shuning uchun o‘zlari sog‘lig‘i ko‘tarsa-ko‘tarmasa dalada paxta terib yuribdi va planni to‘ldirish uchun yonidan paxta sotib olib topshirayapti. Yo‘ldosh aka ham shu ishni qilayotgan bo‘lgan”¸ dedi qibraylik faollardan biri.
Uning aytishicha¸ ayni kunlarda Toshkent viloyatining aksar tumanlaridagi kabi Qibraydagi hamma mahalla qo‘mitalarida paxta terimi bois ish to‘xtagan va mahallaga ishi tushayotganlar “sarson bo‘lmoqda”.
60 dan oshgan ayollar ham dalada
Ozodlik Qibray tumani mahallaqo‘mlariga bo‘layotgan bosim tafsilotlarini surishtirish maqsadida mahallalardan birida hokimlikning xotin-qizlar bo‘yicha vakili bo‘lib ishlayotgan ayolga telefon qilganida¸ uni ham Bo‘kadagi paxta dalasidan topdi.
“23 kundan Bo‘kadagi Saymoqov jamoa xo‘jaligida yotib paxta terayapmiz. Qibray tumani hokimining Xotin-qizlar buyicha muovini Saodat opa ham shu yerda. Xotin-qizlar bo‘yicha Qibrayda 48 ta maslahatchi bor. 23 kun oldin hammamizni hokimiyat binosiga chaqirtirib¸ “ixtiyoriy” degan xatni majburlab yozdirib¸ avtobusga bosib Bo‘kaga olib kelishdi. Shundan beri uyimizga bormay¸ shu yerda yotib paxta terayapmiz”¸ dedi Ozodlik gaplashgan Qibray mahallalaridan birida xotin-qizlar bo‘yicha hokimlik vakili bo‘lib ishlayotgan ayol.
Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ mahallalardagi “jensovet”lardan tuzilgan bu otryadga “Tashabbuskor ayollar otryadi” deb nom berilgan.
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan hokimlikning xotin-qizlar bo‘yicha vakili etib oliy ma'lumotli¸ uzoq yil davlat idoralari¸ maktab va ta'lim maskanlarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan va nafaqaga chiqqan ayollar tayinlanadi va ular boshqalardan farqli bu lavozimda nafaqasi kesilmaslik imtiyozi bilan ishlaydi.
Shundan kelib chiqib¸ Bo‘kada 23 kundan beri yotib paxta terayotgan “Tashabbuskor ayollar otryadi”ning pensiyaga chiqqan¸ keksa ayollardan tuzilganini tushunsangiz bo‘ladi¸ deydi Ozodlik gaplashgan paxtadagi faollardan biri.
“Tasavvur qiling¸ yoshi 60 dan oshgan¸ orasida norigironligi ham bor ayollarni yomg‘irdan keyingi loyli¸ zax dalaga olib chiqib paxta terdirishayapti. Ko‘pchiligi kasal¸ zo‘rg‘a inqillab o‘tirib-turadi. Hamshira qo‘yishgan¸ lekin noshpadan boshqa dorisi yo‘q. Qon bosimi oshadimi¸ yuragi pristup beradimi¸ farqi yo‘q bularga. Yo‘ldosh aka ana shunaqa vaziyatda o‘lib qolganda!”¸ deydi Ozodlik suhbatdoshi.
Shtabda jimlik
Ozodlik qibraylik mahalla raisining Bo‘kaga paxtaga yuborilganida o‘lib qolgani bo‘yicha ma’lumot va izoh olish maqsadida Bo‘ka tuman hokimligiga ajratilgan telefon raqamlariga 11 va 12 oktabr kunlari ko‘p marta qo‘ng‘iroq qildi.
Qo‘ng‘iroqlarga ikki marta javob bergan rasmiylar¸ o‘zlarining Vazirlar Mahkamasining Bo‘ka tumanida joylashgan paxta shtabi vakillari ekani¸ Ashurovning o‘limidan bexabarliklarini aytib¸ tafsilotlarni 15 daqiqadan keyin o‘rganib¸ bildirishni va’da qildi.
Ammo bu telefon raqamiga kun davomida qilingan keyingi qo‘ng‘iroqlarga na 11 va na 12 oktabr kuni hech kim javob bermadi.