Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 02:51

NASA “Soyuz” halokatiga qaramasdan rus raketalaridan foydalanishda davom etadi


NASA direktori Jim Braydenstayn Rossiyaning fazo dasturini olqishlab, hafta boshida “Soyuz” raketasi avariyaga uchragan bo‘lishiga qaramasdan, dekabr oyida reja bo‘yicha “Soyuz” raketasi bortidan Xalqaro fazo stansiyasiga (XFS) yangi ekipaj yuborilishiga ishonishini bildirdi.

Moskvada AQSh elchixonasida muxbirlar bilan suhbatlashgan Braydenstayn:

- Yana bir bor “Soyuz” raketasida uchishimizga to‘liq ishonaman. Ayni damda rejadan kechikamiz, deb o‘ylashga ham asos yo‘q, - dedi.

11 oktabr kuni Qozog‘istondagi Boyqo‘ng‘ir kosmodromida uchirilgan “Soyuz” raketasi start chog‘ida avariyaga uchradi. Raketa bortida XFSga yo‘l olgan “Roskosmos” kosmonavti Aleksey Ovchinin va NASA astronavti Nik Xeyglar omon qoldi.

Rossiya fazo dasturida Sovet Ittifoqi parchalanib ketganidan beri bunday halokat sodir bo‘lmagan edi.

Joriy yilda NASA direktori etib tayinlangan Braydenstayn rossiyalik hamkasbi Dmitriy Rogozin bilan Boyqo‘ng‘irda “Soyuz” startini tomosha qilgan.

Braydenstayn reja bo‘yicha dekabr oyida XFSga yangi ekipaj yuborilishini aytar ekan, AQSh va Rossiya fazo agentlari o‘rtasidagi “ajoyib“ hamkorlikni olqishladi.

“Soyuz” avariyasidan oldin 20 dekabrda XFSga yangi ekipaj yuborish rejalashtirilgan edi.

Juma kuni “Roskosmos“ XFSga keyingi missiyani o‘z vaqtida yuborishi mumkinligini bildirdi.

NASA direktori “Soyuz” loyihasining bardoshliligini olqishlar ekan, halokatni AQSh vitse prezidenti Mayk Pens bilan muhokama qilganini qo‘shimcha qildi.

Braydenstayn, shuningdek, maxsus kapsula yordamida omon qolgan amerikalik astronavt Xeyg bilan suhbatlashganini, u yaxshi kayfiyatda ekanligini ta’kidladi.

NASA direktori Rossiya va AQSh fazo agentliklari o‘rtasidagi aloqa mustahkam ekanligini aytar ekan, ikki davlat fazo sohasida hamkorlikda ko‘proq natijaga erishishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Soyuz” avariyasi ortidan kosmonavtlarni XFS eltish xizmati vaqtincha to‘xtatib qo‘yilgani xabar qilingan edi.

2011 yildan beri fazogirlar XFSga faqat “Soyuz“ raketalari bortida chiqarilib keladi. NASA o‘zining Space Shuttle dasturini 2011 yilda to‘xtatib qo‘ygan.

Payshanba kuni prezident Donald Trampdan “Soyuz” halokati haqida so‘ralganda, prezident amerikaliklar fazoga chiqish uchun Rossiya xizmatlaridan foydalanayotganidan xavotirda emasligini ta’kidladi.

XS
SM
MD
LG