Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:23

OzodDayjest: M.M.Do‘st - Karimovni xushomadgo‘ylar yo‘ldan urgandi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Matbuot Chirchiq daryosi ustidagi ko‘prik qulab tushishidan ogohlantirdi. Sobiq matbuot kotibi marhum Karimovni kimlar yo‘ldan urganini aytdi. Jizzaxda qabrlarni tahqirlagan shaxs ushlandi.

_____________________________________________________________

Matbuot: Chirchiq daryosi ustidagi ko‘prik qulashi mumkin!

Toshkent viloyati bo‘ylab o‘tgan yangi halqa yo‘lning Sergeli tumani yaqinida bunyod etilgan ko‘prik foydalanishga topshirilganiga 2 yil bo‘lmasdan achinarli ahvolga kelib qoldi (“Oila davrasida”, 1 noyabr). Chirchiq daryosi ustiga qurilgan ko‘prikning tutib turuvchi ustunlari tagidagi shag‘al o‘pirilib, uch metrgacha ochilib qolgan. Bu esa ko‘prik yaqin muddatda qulab tushishi mumkin, degan xavotirlarni kuchaytirmoqda. Qolaversa, ko‘prik osti chiqindixonaga aylangan bo‘lib, undan anqiyotgan badbo‘y hid va vujudga kelgan ayanchli manzaradan odamlarning ta’bi xira tortmoqda. Gazeta juda katta mablag‘ sarflab qurilgan inshoot qisqa muddatda nobop ahvolga kelganini qayd etar ekan, bir necha oy ilgari Buxoro viloyati ko‘prik qulaganini yodga solgan. “Yangiyo‘l tumanidagi yangi ko‘prikka jiddiy e’tibor qaratilishi uchun yana kimdir jabr ko‘rishi kerakmi?” deb yoziladi maqolada.

Yozuvchi Murod Muhammad Do‘st: Islom Karimovni xushomadgo‘ylar yo‘ldan urgan edi

Marhum Islom Karimov davrida prezident matbuot kotibi lavozimida ishlagan yozuvchi Murod Muhammad Do‘st “Turon24” agentligiga intervyusida adabiyotga doir masalalar bilan bir qatorda ijtimoiy-siyosiy muammolarga ham e’tibor qaratgan (www.turon24.uz, 29 oktabr). Adib, xususan, jamiyatda hamon qo‘rquv muhiti mavjudligini taassuf ila qayd etgan. “Bilasizmi, sho‘ro davridan boshlab jamiyatni hadik bilan yashashga o‘rgatib qo‘ydik. Bu hadik hali ko‘ngildan chiqib ketgani yo‘q. Ijtimoiy-siyosiy passivlikni oqlaydigan o‘zbek xalqining maqollari ko‘p: “Och qornim – tinch qulog‘im” , “Yarimta non – rohati jon”. Bularni fazilat sanashadi. Aslida bu fazilat emas, qusur”, deydi Murod Muhammad Do‘st. Sobiq matbuot kotibiga ko‘ra, prezident Islom Karimov hokimiyatga kelgan dastlabki yillarda boshqalarning fikriga quloq solgan, ammo maddohlar xushomadu maqtovlar bilan tuppa-tuzuk odamni yo‘ldan urgan. “Bir kun Islom aka rahmatli: “Murod, men ba’zida qo‘rqib ketaman, hech kim menga e’tiroz bildirmaydi. Axir, men Xudo emasman-ku!” deb qoldi. “Chekingizga tushgani shu, sizga hech kim rost gapirmaydi”, dedim. Balkim odam o‘zini o‘zi ko‘proq tergashi kerakdir”, deya marhum davlat rahbarini yodga olgan M.M.Do‘st.

Sharof Rashidov tumanida qabrtoshlarni o‘g‘irlagan shaxs ushlandi

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani “G‘oyib ota” qabristonidagi bir necha qabrni tahqirlangan shaxs qo‘lga olindi. “Darakchi” nashri xabariga ko‘ra, marhumlar qabri ustiga yaqinlari tomonidan qo‘ydirilgan, narxi 1,2 million so‘mga qadar bo‘lgan qabrtoshlar o‘g‘irlangan. Tergov jarayonida qabrtoshlarni 1993 yilda G‘allaorol tumanida tug‘ilgan Amir Fayzullaev o‘g‘irlagani aniqlangan. A.Fayzullaev o‘g‘irlangan qabrtoshlarni Samarqanddagi ustaxonaga olib borib, ulardagi yozuvchilarni o‘chirtirgan va sotib yuborgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Sharof Rashidov tuman sudi raisi G‘iyosiddin Yalgashevga ko‘ra, A.Fayzullaev Jinoyat kodeksining 134-moddasi (qabrni tahqirlash) bo‘yicha aybdor deb topilib, unga nisbatan 3,5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Ushbu ishga aloqador Samarqanddagi qabr toshi ustaxonasi vakillariga jazo tayinlangan-tayinlanmagani ochiqlanmagan.

XS
SM
MD
LG