Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:07

Bekobodda kesak ko‘tartirilganlardan biri hibsda saqlanmoqda


O‘zbekiston Bosh vazirining sobiq o‘rinbosari Zoyir Mirzaevning Toshkent viloyatiga safari paytida kesak ko‘tartirib, jazolangan mulozimlardan biri hibsda saqlanayotgani xabar qilindi.

​Kun.uz nashrining yozishicha, izza qilingan 6 kishidan biri bo‘lgan tuman Qishloq xo‘jaligi bo‘limi rahbari 26 oktabr kuni hibsga olingan va tergovga tortilgan.

Kesak ko‘tartirishga "aloqasi bo‘lmagan" hibs

Kun.uz nashrining 4 noyabr kuni bergan xabariga ko‘ra, Bekobod tumani Qishloq xo‘jaligi bo‘lim boshlig‘i kesak ko‘tarib izza qilingan kuni - 26 oktabrda uyiga qaytmagan.

Oilasi bu mulozimning qaerda ekanini 2 kun o‘tib bilganini aytmoqda.

"Tuman prokuraturasidan qo‘ng‘iroq bo‘lib, erimning issiq kiyimlarini keltirishimizni so‘rashdi. Shundan so‘ng, biz uning qaerda ekanidan xabar topdik. Issiq ust-bosh berayotganimda erimning egnidagi kostyum tuproq aralash kir bo‘lib qolganidan shubhalandim. Keyinroq, internetda tarqagan surat orqali aslida nima bo‘lganini bilib oldim", deya iqtibos keltirdi mulozimning rafiqasidan ushbu nashr.

Nashrning tuman prokuraturasiga tayanib yozishicha, hozirda mulozim JK 167-moddasi 3 qismi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205- (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 211- (Pora berish) moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etganlik gumoni bilan tergovga tortilgan va ehtiyot chorasi o‘laroq, tergov davomida hibsga olingan.

Ammo, tuman prokuraturasi, mulozimning hibsga olinishi uning kesak ko‘tartirib, izza qilinishi bilan bog‘liq emasligini aytgan.

Ozodlikning Toshkent viloyati hukumat idoralaridan biridagi manbasi, bu holatdan xabari borligini aytarkan, hozirda bosh vazir sobiq o‘rinbosarining viloyatga safari paytida suvga bo‘ktirib, kesak ko‘tartirib yoki kaltaklab jazolangan qator mulozimlarga JKning 205-moddasi bilan ish ochilishiga hozirlik ko‘rilayotgani haqdagi xavotirlar borligini bildirdi.

Ismini sir saqlagan mulozimga ko‘ra, izza qilingan yoki kaltaklangan fermer, oqsoqol va boshqa mulozim bo‘lmagan shaxslardan esa "hech kimga davoim yo‘q" mazmunida tilxat yozdirib olingan.

Zoyir Mirzaev kimlarga kesak ko‘tartirgan edi?

6 kishining paxta dalasida kesak ko‘tarib turgani aks etgan surat, boshqa 6 kishining suvga bo‘ktirilgani aks etgan surat bilan bir kunda - 27 oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi.

Suratda bug‘doy o‘sayotgan dalada 6 kishi boshi baravarida kesak ko‘tarib turgani tasvirlangan. Suratdagilardan ikki nafari ikkitadan katta kesak ko‘tarib olgan. Qo‘lidagi kesagi katta bo‘lgani uchun chapdan uchinchi odam uni mayishib ko‘tarib turgani ko‘rinadi.

Ozodlik surishtiruvi davomida, kesak ko‘targan oltovlon Toshkent viloyatining Bekobod tumanidan bo‘lgan mulozimlarning ism-familiyalarini aniqlash, ulardan ikkisi bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘lgan.

Ularning aytishlaricha, bug‘doy ekilgan maydonning kesagi maydalanmagani uchun Bosh vazir o‘rinbosari 26 oktabr kuni 6 mulozimni shu tariqa jazolagan.

Mulozimlardan 5 nafari Bekobod tumani hokimligida turli rahbarlik vazifalarni bajarayotgan shaxslar va biri Toshkent viloyati Suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘idir.

Bekobod tumani hokimligi mulozimiga ko‘ra, suratdagi olti kishidan bir nafari o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shagan.

"Kesak maydalanmagan bo‘lsa, o‘zing ko‘tarib tur"

Voqeani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, ammo jazolanish ehtimolidan qo‘rqib ismi sir qolishini so‘ragan Bekobod tumani hokimligi mulozimiga ko‘ra, Bosh vazir sobiq o‘rinbosari Zoyir Mirzaev g‘alla ekilgan maydonlarni kuzata turib, dalada kesakning ko‘pligidan g‘azabga kelgan:

“Nega, shudgordan keyin kesagini maydalamay bug‘doy ekdilaring, hammang anaqasan, bunaqasan, deb baqirib, so‘kdi. Keyin tuman qishloq xo‘jalik bo‘yicha o‘rinbosari Farhod Hotamovni, tuman fermerlar kengashi raisi Ulug‘bek Xudoyberdievni, qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Qosim Bozorboevni, kadastr boshlig‘i Abdulla Umarovni, tuman suv xo‘jaligi boshlig‘i Ibrohim Berdiqulovni, viloyat suv xo‘jaligi boshlig‘i Baxtiyor Qurbonovni g‘allazordan katta kesaklarni terib boshi baravar ko‘tarib turishni buyurdi, deydi mulozim.

Uning ma’lum qilishicha, Zoyir Mirzaev "yonidagi odamga boshqalarga o‘rnak bo‘lishi uchun" ularni suratga olib tarqatishni buyurgan.

Uning aytishicha, bu voqea Bekobod tumanining "Botir Malik" fermer xo‘jaligi dalasida sodir bo‘lgan.

Ozodlik kesak ko‘tarishga majburlangan Bekobod tumani Suv xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Ibrohim Berdiqulov bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi.

U g‘allazordagi kesaklarga hech qanday aloqasi bo‘lmasa ham, asossiz jazolanganini aytdi:

- Bug‘doy ekish uchun dala yaxshi tayyorlanmagan, kesaklar maydalanmagan ekan. Biz suv xo‘jaligi bo‘lsak, shunisi alam qilyaptida, suv yetmay qolganda edi boshqa gap edi. Bizni ham o‘sha yerda bo‘lganimiz uchun tushib qoldikda, kimsan deb ham so‘ramay, kesak ko‘targizib qo‘ydi. Zamministr yordamchisi suratga olib bo‘lganidan keyin kesaklarni tashladik, deydi Ibrohim Berdiqulov.

Bekobod tumani Yer resurslari va kadastr bo‘limi boshlig‘i Abdulla Umarov kesak ko‘tarishga majburlangach o‘z ixtiyori bilan ishdan bo‘shaganini Ozodlikka aytdi.

Tuman hokimligining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimiga ko‘ra, qolgan mulozimlar hozirda o‘z ishini davom ettirmoqda.

Bug‘doyga suv qo‘ymagan aybdorlar suvga bo‘ktirilgan edi

Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida 6 kishining ariqdagi suvda tizzasigacha bo‘kib turgani aks etgan surat 27 oktabrda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, qizg‘in muhokamalarni qo‘zg‘atgandi.

Uzbekistan - Punishment for farmers, Cotton 2018
Uzbekistan - Punishment for farmers, Cotton 2018

Ayni kuni Ozodlik bu surat ortidan hodisani o‘rgangan hamda suvga bo‘ktirilgan mulozimlar shaxsi, voqea tafsilotlarini aniqlagan edi.

Ko‘zlarida norozilik alomatlari sezilgan va suvning sovuqligiga zo‘rg‘a chidab turgan 6 kishining surati, ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Zoyir Mirzaevning 25 oktabr kuni Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumaniga safari paytida olingan.

Voqeaga bevosita guvoh bo‘lganlarning Ozodlikka aytishicha, bug‘doyga suv qo‘yilmagani uchun bosh vazir o‘rinbosari hokimlik mulozimlari, fermer, mahalla oqsoqoli va fermer ishchisini shu tariqa jazolagan.

Suvdan shalabbo bo‘lib chiqqanlar yana mashina oldiga solib bir kilometr yugurtirilgan

28 oktabr kuni Ozodlikka ushbu hodisaga bevosita guvoh bo‘lganini aytgan va shaxsini sir saqlashni so‘rgan oqqo‘rg‘onliklardan biri bog‘landi.

Uning iddaosicha, 6 kishi suvda 40-45 daqiqa ushlab turilgach, keyin avtomobil oldiga solinib, shalabbo holida yugurtirilgan.

"Bitta menmas, ko‘pchilik ko‘rib turdi buni - ularni suvda 40-45 minut ushlab turishdi-da, keyin suvdan chiqarib, mashinani oldiga solib, yugurtirib olib ketishdi. Qaerga olib ketdi - bilmadim, lekin. Bunaqasini men umrimda ko‘rmaganman. Juda dahshat bo‘ldi", dedi ismini sir saqlagan oqqo‘rg‘onlik.

Zoyir Mirzaev va bu jazoga tomoshabin bo‘lib turgan mulozimlar jazolandi

Zoyir Mirzaev
Zoyir Mirzaev

​Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida 6 kishining ariqdagi suvga tushirib, tahqirlanishi ortidan O‘zbekiston Bosh vazirining Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Zoyir Mirzaev ishdan olindi.

O‘zbekiston prezidenti rasmiy sayti 29 oktabrda tarqatgan xabarga ko‘ra, Zoyir Mirzaev "g‘alla ekish va sug‘orish ishlarini tashkil etish jarayonida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani bois" ishdan olingan. ​

29 oktabrda Abdula Aripov raislik qilgan hukumat videoselektrida Oqqo‘rg‘on hodisasiga guvoh bo‘lgan Toshkent viloyati prokurori o‘rinbosari va boshqa mutasaddi rahbarlar ham o‘z lavozimlaridan ozod etilgan.

XS
SM
MD
LG