So‘g‘d viloyati ma’muriy markazi Xo‘jand shahrida joylashgan qattiq rejimli koloniyada ko‘tarilgan isyon oqibatida kamida 22 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda Ozodlik radiosi tojik xizmatiga mamlakat huquq idoralari mulozimlari ma’lum qildi. Hozirgacha ikki soqchi halok bo‘lgani tasdiqlandi. Xo‘jandning 16-mikrorayonida joylashgan koloniyada mahbuslar 8 noyabrga o‘tar kechasi isyon ko‘targan.
Koloniyada halok bo‘lgan soqchilarining biri tug‘ilib o‘sgan qishlog‘ida dafn qilindi.
Isyonni bostirish paytida bir nechta mahbus va soqchi yaralangan. Ozodlik radiosining huquq tizimidagi manbasiga ko‘ra, koloniyaning 6 nafar yaralangan soqchisi shifokorlar nazorati ostida qolmoqda.
Halok bo‘lgan soqchilarning biri 29 yoshli Ehson Yoqubov 8 noyabr kuni Mastjoh tumanining Obburdon jamoatida joylashgan Pastigav qishlog‘ida dafn qilingan.
Ehson Yoqubov armiyada xizmatini o‘tab bo‘lganidan keyin, qattiq rejimli koloniyada ishlay boshlagan. Aytilishicha¸ o‘lgan askarning ikki yosh farzandi yetim qolgan.
Payshanba kuni Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmasligi sharti bilan gaplashgan huquq-tartibot idorasi mulozimi koloniyadagi favqulodda holatni tergov qilish uchun maxsus tergov guruhi tuzilgani va unga Tojikiston Bosh prokurorining o‘rinbosarlaridan biri boshchilik qilishini aytdi.
Isyon sababi hozircha noma’lum bo‘lib qolmoqda.
Hodisa ortidan qamoqqa militsiya maxsus kuchlari yuborilgan va isyon bostirilgan.
- Isyonchilar sovuq qurol bilan qurollangan bo‘lgan. Favqulodda holat sabablarini o‘rganish uchun tergov boshlab yuborildi, - dedi Ozodlik suhbatlashgan mulozim.
Uning so‘zlariga ko‘ra, isyonni bostirish jaraënida jazo muddatini o‘tayotgan mahbuslar ham halok bo‘lgan.
- Hozirgacha o‘lganlar va jabrlanganlar soni ma’lum emas. Bilishimcha, bir necha mahbus qochishga urinish paytida jabrlangan. Ayrimlar koloniya hududidan qochib chiqishga muvaffaq bo‘lgan, - dedi u.
Yo‘llardagi tekshiruvlar
Mahalliy aholiga ko‘ra, koloniya hududida tungi soat 10:30 dan to 11:00 gacha otishma ovozi eshitilgan. Ammo Xo‘jand shahri axloq tuzatish muassasasi boshqarmasida bu ma’lumotni inkor qilishdi, lekin trevoga e’lon qilinganini tasdiqlashdi.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, shahardagi barcha avtomobil yo‘llari, jumladan, qo‘shni O‘zbekiston va Qirg‘izistonga eltuvchi yo‘llarda xavfsizlik xizmati kuchlari nazoratni kuchaytirgan.
Bundan ikki yil oldin isfaralik Amonullohon Nosiri Xo‘jandning 3/3-sonli koloniyasidan qochib ketgan¸ ammo ikki kundan keyin u Isfara tumanida qo‘lga olingan edi. O‘sha yilning yozida, Ramzulloxon Dadoxonov, Habibjon Yusufov va Mirzozarif Qayumovlar qamoqxonadan qochishga uringan edi. Qamoqxona boshqaruv va tarbiyalash bo‘limi boshlig‘i Yormamad Alimamadov qochishga uringanlar tomonidan yaralangan va Alimamadov kasalxonaga olib ketilayotganida vafot etgan edi. Qochishga urinish paytida Iroqdagi harbiy harakatlarda ishtirok etgani uchun 14 yilga kesilgan 30 yoshli Mirzozarif Qayumov o‘ldirilgan. Xo‘jand shahrida tug‘ilgan Habibjon Yusupov esa jarohatlangan va qo‘lga olingan. Pokistondagi janglarda qatnashgani uchun 20 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan Ramzulloxon Dadoxonov qochishga muvaffaq bo‘lgan, ammo uni ham tez orada qo‘lga olishgan edi.
Tojikiston MXDQ izolyatoridan qochish
2010 yilning 23 avgustida Tojikiston tarixidagi eng katta qochish amalga oshirilgan edi. O‘shanda 25 nafar o‘ta xavfli jinoyatchi Tojikiston Davlat xavfsizlik milliy qo‘mitasining bir necha soqchisini o‘ldirib, qochib chiqqan. Ular orasida 14 Tojikiston fuqarosi va 11 nafar chet ellik, jumladan, Rossiya, Afg‘oniston va O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan. Shuningdek, ular orasida sobiq Guantanamo mahbusi Ibrohim Nasreddinov hamda Tojikistonning sobiq Favqulodda vaziyatlar vaziri Mirzo Ziyoevning ikki yaqin qarindoshi – Azamsho va Jonibek Ziyoevlar bo‘lgan.
Yil davomida huquq-tartibot organlari va xavfsizlik kuchlari qator maxsus operatsiya o‘tkazib, qochqinlarning barchasini qo‘lga oldi yoki yo‘q qildi. Yetti qochqin Afg‘oniston maxsus xizmatlari yordami bilan qo‘lga olindi. Amaliyotlar davomida Tojikiston xavfsizlik xodimlari zarar ko‘rmadi.
O‘shanda mahbuslar qochib ketganidan bir necha kun o‘tib, Tojikiston MXDQ rahbari Xayriddin Abdurahimov va uning uch nafar yordamchisi iste’fo bergan edi.
2011 yilning may oyida qochoqlarning biri Abdurasul Mirzoev 30 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.