Линклар

Шошилинч хабар
13 ноябр 2019, Тошкент вақти: 14:30

Fermerlarni kaltaklagan militsiya boshlig‘i ustidan sud boshlandi


8 noyabr kuni Samarqand viloyati Urgut tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudida Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani IIB sobiq boshlig‘i Jahongir Rajabov ustidan mahkama boshlandi. Sud majlisi jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi tumani sudi binosida bo‘lib o‘tmoqda.

Sudda jabrlanuvchi sifatida ishtirok etayotgan fermerlarning aytishlaricha, birinchi sud kunida sobiq militsiya boshlig‘i qilgan ishlaridan pushaymonligini aytib, kechirim so‘ragan.

Jahongir Rajabov O‘zbekiston Respublikasi JKning 206-moddasi 1-qismi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan ayblanmoqda.

Jinoyat ishi materiallarida Qarshi tumani IIB sobiq boshlig‘i Jahongir Rajabovning tumandagi bir necha fermerni muntazam kaltaklagani, mansab vakolatini suiste’mol qilib, talon-tarojlikka qo‘l qo‘yganiga oid epizodlar ko‘rilmoqda.

Sud majlisida ishtirok etgan fermer Bahriddin To‘raevning aytishicha, mahkamada ayblov xulosasi o‘qib eshittirilgan, guvohlar ko‘rsatmalari tinglangan:

- Militsiya boshlig‘i bug‘doy plani bajarilmagani uchun bizni muntazam kaltaklab kelganini sudga aytdik va uning harakatlariga qonuniy chora ko‘rishini so‘radik. Sudya Jahongir Rajabovdan ham nega fermerlarni kaltaklagani sababini so‘radi. U davlat planini bajarish uchun qilganman, dedi. Sudya planni bajarish uchun kaltaklash kerakmi, deb so‘rasa, Jahongir Rajabov pushaymonman, tan olaman, meni kechirishsin, dedi. Shunday qilib, sudning birinchi ish kuni tugadi", deydi fermer.

Uning aytishicha, navbatdagi sud majlisi 13 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Sobiq militsiya boshlig‘i ayblanayotgan Jinoyat Kodeksi 206 moddasining birinchi qismi sud majlisida o‘z tasdig‘ini topsa, "u eng kam oylik ish haqining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi" mumkin.

Qarshi tumani IIB sobiq boshlig‘i Jahongir Rajabov bug‘doy rejasini bajrolmayotgan fermerlarni bir safga qo‘yib, muntazam kaltaklab kelganligi haqida Ozodlik joriy yilning 27 iyunida xabar bergan edi.

“Abdug‘afurov Muhammad” fermer xo‘jaligi rahbari¸ 33 yashar Rahmatullo Xo‘jamurodov rayon militsiyasi rahbari zo‘ravonligi haqida shunday degan edi:

- Bundan 10 kuncha oldin uchastkovoy meni Halima opa fermerning dala shiyponiga olib bordi. O‘ntacha fermerni olib kelishgan ekan. Hammamizni bir qator qilib safga terib qo‘yishdi. Militsiya boshlig‘i Jahongir Rajabov keldi-da, bir chetdan “rejani bajardingmi”¸ deb so‘ray boshladi. Kimdir 10 tonna, kimdir 15 tonna yetmadi, deyishi bilan qulochkashlab yuzimizga ura boshladi. Quloqning tagiga, basharaga ikki qo‘li bilan ikki tarafdan urayapti, degan edi Ozodlik bilan 27 iyun kuni gaplashgan fermer.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati shu yilning 9 iyulida Qarshi tuman Ichki ishlar bo‘limining mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini xabar qilgandi.

Ozodlik sud majlisini kuzatib boradi.

XS
SM
MD
LG