Линклар

Шошилинч хабар
25 январ 2021, Тошкент вақти: 06:46

Sirdaryoda fermerlar "nopok ishga qo‘l urmaslikka" ommaviy ravishda qasamyod qildi


Boyovutlik dehqonlar qasamyod paytida («Sirdaryo haqiqati» gazetasidan olingan surat)

Sirdaryoning Boyovut va Guliston tumanlaridan bo‘lgan g‘allakor fermerlar "nopok ishga qo‘l urmaslikni ezgu niyat qilib", ommaviy ravishda qasamyod qabul qildi.

Viloyat hokimligi nashri bo‘lgan "Sirdaryo haqiqati" gazetasining yozishicha, fermerlarning qasamyod marosimi boshqa tumanlarda ham bo‘lib o‘tgan.

"Sirdaryo haqiqati" gazetasining yozishicha, g‘allakor fermerlar viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzaev, viloyat prokuraturasi va huquqni himoya qilish organlarining vakillari qarshisida qasamyod qilgan.

"Guliston shahri hokimligi qarshisidagi yurt bayrog‘i maydonida g‘alladan mo‘l hosil yetishtishtirishga azmu qaror qilgan Boyovut va Guliston tumanlari fermerlari o‘z ahtlariga, shon-shavkatlariga sodiqligini ifodalab, yurt taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shishni, nopok ishlarga qo‘l urmaslikni ezgu niyat qilib, qasamyod qabul qildilar", deb yozadi ushbu nashr 16 noyabr kungi sonida.

Xabarda bunday marosim ilk bor o‘tkazilayaptimi yoki avvalgi yillarda ham bo‘lganmi, marosimning o‘tkazilishiga sabab nima - bu haqda hech qanday ma’lumot berilmagan.

O‘zbekistonda fermerlarning ommaviy ravishda qasamyod qilishlariga oid holat Ozodlikka ilk bor ma’lum bo‘lmoqda.

"Sirdaryo haqiqati" gazetasining Telegram tarmog‘idagi kanalida xabarga ilova qilingan surtatlarda qasamyod marosimiga o‘nlab fermerning yig‘ilgani, qo‘lida chop etilgan qasamyod matnini tutganicha, safda turganini ko‘rish mumkin.

Bu yil mamlakatda suv tanqisligi kuchli bo‘lgani va hashorotlarning favqulodda ko‘paygani bois, qishloq xo‘jaligi og‘ir ahvolda qolgani kuzatilmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev shu yilning oktabr oyida Toshkent viloyatiga qilgan safari paytida, bu ikki muammo bois, paxta yig‘im-terimi kech qolgani va hosilning oz bo‘lganini qayd etdi.

Bu esa, o‘z navbatida, bug‘doy ekilishi va sug‘orilishining ortga surilishiga sabab bo‘ldi va natijada, Ozodlik birinchi bo‘lib yoritgan "Oqqo‘rg‘on ishi"ga sabab bo‘ldi.

Shu yilning 25 oktabrida Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida bug‘doyni vaqtida sug‘ormagani uchun 6 kishi ariqdagi suvga tushirilib, tahqirlangani kuzatildi. O‘sha kuni viloyatning Bekobod tumanida yana 6 kishi dalada kesak ko‘tartirilib tahqirlandi.

Bu voqealar ortidan O‘zbekiston Bosh vazirining Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Zoyir Mirzaev lavozimidan olinib, Jizzaxning Sharof Rashidov tumaniga hokim qilib qo‘yildi.

Shuningdek, prezident Mirziyoev 29 oktabr kuni barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari rahbarlari majburiy mehnatning har qanday shakl va ko‘rinishlariga yo‘l qo‘ymasligi uchun javobgarlikni oshirish to‘g‘risida maxsus farmoyish qabul qildi.

O‘zbekistondagi g‘allakor fermerlarning aksariyati, ayni paytning o‘zida paxta ham yetishtiradi. Shu bois, qishloq xo‘jaligining asosiy yo‘nalishi bo‘lgan har ikki sohadagi muammolar natijasiga, odatan, faqat fermerlar javobgar qilinishi kuzatilmoqda.

Ozodlikka murojaat qilayotgan fermerlar bundan norozi ekani, ayniqsa, joriy yilda paxtachilik va g‘allachilik bilan shug‘ullanish og‘ir bo‘lganidan shikoyat qilmoqdalar.

XS
SM
MD
LG