Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:48

O‘zbekistondagi Hizb ut-Tahrirning "cobiq amiri" hizbdan chiqqanini e’lon qildi


Hafizullo Nosirov
Hafizullo Nosirov

O‘zbekistonda faoliyati taqiqlangan Hizb ut-Tahrir firqasining ilk rahbarlaridan biri Hafizullo Nosirov ushbu firqani tark etganini e’lon qildi.

Ozodlik ixtiyoriga kelib tushgan videotasvirda 47 yashar Hafizullo Nosirov bunday qarorga "uzoq o‘ylanishlar, o‘ta ziddiyatli kechinmalar va ko‘plab istihoralardan so‘ng" kelganini aytdi.

U o‘zini "ko‘plab insonlar hayotiga mas’uliyatsizlik bilan" yondashganlikda ayblaydi.

1997-1999 yillar mobaynida Hizb ut-Tahrirning O‘zbekistondagi amiri bo‘lgan Hafizullo Nosirov Toshkentda 1999 yil 16 fevralda sodir etilgan portlashlardan ko‘p o‘tmay hibsga olingan va 2000 yil mart oyida 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Faoliyati Markaziy Osiyo davlatlarida taqiqlangan Hizb ut-Tahrir dunyodagi barcha musulmon davlatlarini yagona Xalifalikka birlashtirish maqsadida faoliyat ko‘rsatishini aytib keladi.

Ichki maqsadlar

Hafizullo Nosirovning bayonoti yozilgan videoni Ozodlikka yo‘llagan o‘zbekistonlik dindorning ma’lum qilishicha, Hafizullo Nosirovning “o‘z safdoshlariga yo‘llagan bayonoti” ichki ishlar xodimlari tomonidan noyabr oyi boshlarida yozib olingan.​

Ozodlik suhbatlashgan Ichki ishlar vazirligi yuqori mulozimlaridan biri Hafizullo Nosirovning videosi "ichki maqsadlarda foydalanish" maqsadida ichki ishlar xodimlari tomonidan yozib olinganini aytdi.

"Hizb ut-Tahrir amiri bilan video ichki ishlar xodimlariga ichki maqsadlarda foydalanish uchun yozib olingan. Bu videoni tarqatish rejasi yo‘q edi. Lekin, xodimlardan biri internetda qo‘yib yuborganga o‘xshaydi," dedi ichki ishlar mulozimi.

Yaqinlaridan biri videoda chiqish qilgan inson Hafizullo Nosirov ekanini tasdiqladi.

Ziddiyatli ichki kechinmalar

Hafizullo Nosirov Hizb ut-Tahrirdan chiqish qarorini qamoqxonalarda "jazo muddatini o‘tayotgan safdoshlar"iga murojaatnoma sifatida taqdim etadi:

Uzoq muddat jazoni ijro etish mobaynida, ayniqsa, so‘nggi yillarda uzoq o‘ylanishlar, o‘ta ziddiyatli ichki kechinmalar va ko‘plab istihoralardan so‘ng, 2017 yil yanvar oyida Hizb ut-Tahrir a’zosi sifatida uning dasturi noto‘g‘ri ekanini tushunib yetib, hizbiy faoliyat olib borishdan voz kechganim hamda hizb safini tark etganimni rasman e’lon qildim. So‘zimning tasdig‘i sifatida ushbu murojaatnoma bilan ozodlikdan mahrum etish o‘rinlarida jazo muddatini o‘tayotgan safdoshlarimga murojaatnoma yo‘llamoqdaman," - deydi Hafizullo Nosirov.

Videomurojaatda Hafizullo Nosirov, shuningdek, o‘zi bir paytlar O‘zbekistonda rahnamosi bo‘lgan firqani tanqid ostiga olishga qaror qilganini ta’kidladi:

"Ma’lum bo‘lsinki, Hizb – bu din degani emas. Hizbni tark etish dindan chiqish kabi dahshatli yoki mazhabni tark etish kabi xatarli ish emas... Hizb ut-Tahrir o‘z faoliyati davomida ko‘plab zaruriy ahkomlar qolib, siyosiy masalalarga ko‘p e’tibor berdi, siyosiy masalalarni bosh masala qilib ko‘tardi. Buning natijasida ham ko‘plab muammolarning kelib chiqqani bugungi kunda hech kimga sir emas," deydi Hafizullo Nosirov.

Hizb ut-Tahrirning sobiq amiri "ko‘plab insonlar hayotiga mas’uliyatsizlik bilan" yondashganlikda ayblaydi.

"Insonlar taqdiriga mas’uliyatsizlik bilan yondashganim, buning orqasidan ko‘plab og‘ir oqibatlar kelib chiqqanini ko‘rib dahshatga tushdim," deydi Hafizullo Nosirov.

Xalifalik orzusi

Surxondaryo viloyati Denov tumanida dindor oilasida tavallud topgan Hafizullo Nosirov, videomurojaatda shaxsan o‘zi e’tirof etishicha, Hizb ut-Tahrir firqasiga 1997 yildan 1999 yil oxiriga qadar rahbarlik qildi.

Uch farzandning otasi bo‘lgan Hafizullo Nosirov 1999 yil 16 fevralida Toshkentda 16 inson hayotiga zomin bo‘lgan portlashlardan ko‘p o‘tmay hibsga olingan edi.

2000 yil martida Guliston shahrida sud uni konstitutsion tuzumga tajovuz qilish, noqonuniy tashkilot tuzish va yana bir qator jinoyatlarda aybdor deb topilib, 20 yilga ozodlikdan mahrum etdi.

Ayni mahkamada ishtirok etgan Ozodlik muxbirining eslashicha, sud hukmidan oldin so‘nggi so‘zni olgan Hafizullo Nosirov musulmon davlatlarida yagona Xalifalik qurish orzusini bildirgan edi.

Yaqinlaridan birining aytishicha, 2018 yil bahorida "hukumatdan odamlar kelib, "o‘g‘lingiz yaxshi, kuzda chiqib qolsa ajab emas" deb ketishgan". ​

XS
SM
MD
LG