Toshkentlik 28 yashar tadbirkor Firuz Allaev buyuk ingliz yozuvchisi Jorj Oruell tarafidan 1949 yilda yozilgan antiutopiya janridagi eng mashhur kitob - “1984” romanini o‘zbek tiliga tarjimasi va nashr qilinishini moliyaladi. Newsweek jurnali tarafidan tuzilgan “Insoniyat tarixidagi eng zo‘r 100 kitob“ reytingida ikkinchi o‘rinda turadigan bu roman Markaziy Osiyoda ilk marta tarjima qilindi.
Joriy yilning 12 noyabrida O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tarafidan bosishga izn berilgan bu asar yozuvchi Karim Bahriev tarjimasida “Nihol” nashriyotida 5000 adadda bosildi. Kitob chiqarishga pul tikkan «Asaxiy Books» loyihasi rahbari Allaevning Ozodlikka aytishicha¸ “adad cheklanmagan”:
- Buyurtma asosida nashriyot bizga kitob chiqarib beraveradi. Hali kitob chiqmasidanoq 700 kishi buyurtma bergan edi.
Kitobni chiqarishda tashkilotchilik qilgan filolog Eldor Asanovning Ozodlikka aytishicha¸ “Jorj Oruell romanidan tashqari Nobel mukofoti sovrindori O‘rxon Pamuqning “Mening otim qirmizi” romani ham ayni loyiha doirasida nashrga tayyorlanmoqda”.
Ayni paytda antiutopik romanning o‘zbek tilidagi tarjimasi tor kitobxon doirasidagina o‘qilib, keng kitobxonlar ommasiga borib yetmasligi haqida ham aytilmoqda.
Eldor Asanovning fikricha, kitobning elektron va audio variantlari ham chiqarilsa “o‘quvchilar doirasi ancha kengayadi”.
"Shuningdek, kitobning lotin yozuvidagi varianti ham chiqarilishi rejalangan", dedi Asanov.
Kitob nima haqda ?
Bu kitobning o‘ta mashhur va muhimligi haqida Ozodlikka gapirgan taniqli yozuvchi Hamid Ismoilovga ko‘ra¸ asar bugungi O‘zbekistonni tahlil qilish uchun “miya xamirturushi rolini o‘ynaydi”:
- Asar tarjimoni Karim Bahrievni muborakbod qilaman. Asar xayoliy totalitar davlatning partiya a’zosi hukumat qudratiga qarshi turishga harakat qilgani haqida. U o‘z tafakkurini “buyuk og‘a” manipulyatsisidan” himoya qilishga tirishadi.
Hamid Ismoilovning fikricha, “kitob 1949 yilning o‘zidayoq o‘zbekchaga tarjima qilingani” ma’qul edi.
Jorj Oruellning "1984" romanidan parcha
«G‘alaba» uyi eskirgan bino edi, 1930 yilda yo shu atrofda qurilgandi, hozir butkul puturdan ketgan edi. Devorlar va shiftdan doim suvoq ko‘chib, to‘kilar, har bir qattiq sovuqda quvurlar yorilar, ozroq yomg‘ir yo qor yog‘sa, tomdan suv sizib o‘tar, isitish tizimi yarim bosimda ishlardi — albatta, agar iqtisod nuqtai nazaridan o‘chirib qo‘yilmagan bo‘lsa. Agar o‘zing tuzata olmasang, tuzatish ishlari olib borish uchun yuqori martabali komissiyalarning farmoyishi zarur bo‘lardi, ular esa oddiy derazaning singan oynasini tuzatish masalasini hal qilish uchun ikki yillab majlis qilardi. (tarjima Karim Bahrievniki)
Nega aynan bu kitob tarjima qilindi?
Bu savolni loyiha rahbari Firuz Allaevga berdik.
- Facebook va ijtimoiy tarmoqlarni kuzatganimizda, odatda ko‘p kitob o‘qiydigan bloggerlarimiz, ziyolilarimiz yoshlarimizga qaysidir kitobni maslahat berganlarida, birinchi bo‘lib odatda «o‘zbek tilida bormi?» degan savol qayta va qayta takrorlanishini ko‘p kuzatdim. O‘sha vaqtlardayoq o‘zbek tiliga qachon tarjima qilinar ekan mashhur kitoblar, kim tarjima qilar ekan deb ko‘p o‘ylardim va asta-sekinlik bilan miyada loyiha shakllanib boshladi. Iyulь oyida Yevropadagi safarim davomida Fransiyadagi kitob bozorini juda katta qiziqish bilan o‘rgandim, ko‘plab savollarga javob topdim va yanada yangi fikrlar, yangi shijoat bilan qaytib keldim. Tanlangan kitoblar tarjimonlarga bo‘lib berildi va jarayon boshlandi. Ilk tarjimasi tugatilgan kirob Jorj Oruellning dunyoga mashhur «1984» romani bo‘ldi¸- dedi Allaev.
Insoniyat tarixidagi eng zo‘r kitoblardan biri
Roman muallifi 1950 yilda olamdan o‘tgan Jorj Oruell bugun keng ishlatiladigan «sovuq urush» atamasining muallifi hisoblanadi.
Kitob 2003-yilda BBC tomondan tuzilgan “Insoniyat tarixidagi eng zo‘r 200 kitob“ reytingida 8-o‘rinni egallagan
2009-yilda “Times“ nashri “1984“ romaning “Eng zo‘r 60 kitob“ reytingiga kiritgan.
“Newsweek“ jurnali “Insoniyat tarixidagi eng zo‘r 100 kitob“ reytingida “1984“ romaniga ikkinchi o‘rinni bergan.
Kitob 1988-yilgacha SSSR hududida rasman taqiqlab qo‘yilgan.
Asarda “ikki karra ikki - besh“ degan mashhur ibora bor. Ushbu ibora Oruellning xayoliga Sovet Ittifoqidagi «pyatiletku v chetire goda» shiorini eshitgandan so‘ng kelgan.
“Apple“shirkati 1984 yili mashhur rejissyor Ridli Skot bilan birga chiqargan reklamada "1984“ romanidan iqtibos keltiriladi.
Rolikda IBM kompyuteri “Katta og‘a“ sifatida taqdim etiladi.
Umuman, jahonda turli film va kitoblarda diktatura va totalitarizm ramzi sifatida bu kitobdan iqtibos keltirish urf bo‘lgan.