Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2019, Тошкент вақти: 16:37

OzodDayjest: Adliya vazirligi soliq idorasining qonunga zid talabini fosh qildi


Soliq idorasida navbatda turgan o‘zbekistonliklar (illyustrativ surat).

Matbuot porani rad etgan organ xodimlarini rag‘batlantirish taklifi o‘rinligini yozmoqda. Senator Maqsuda Vorisova fermerlarga ommaviy ravishda qasad ichirilganini tanqidiy baholadi. Surxondaryodagi qo‘lga o‘rgatilgan ayiq qo‘shnilarnikiga o‘g‘irlikka tushdi.

_____________________________________________________________

Porani rad etgan organ xodimlariga mukofot berish “mantiqsiz hol” deb baholandi

So‘nggi paytlarda davlat organlari va huquqni muhofaza qilish idoralari vakillariga pora taklif qilgan shaxslarga javobgarlikka tortilayotgani, pora rad etgan mas’ullarga esa mukofot berilayotgani haqida xabarlar ko‘plab tarqalmoqda (“Jamiyat”, 16 noyabr). Gazetaga ko‘ra, bu mantiqsiz holatdir. Negaki, organ xodimi porani rad etib, jinoyatni ochar ekan, o‘z xizmat vazifasini bajargan bo‘ladi. Shunday ekan, uni rag‘batlantirishga hojat yo‘q. Qayd etilishicha, pora taklif etayotgan barcha shaxslarni javobgarlikka tortish emas, ularni ogohlantirish kerak. 2017 yilda “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi “O‘zbekistonda korrupsiya mavjudmi?” degan savol asosida so‘rov o‘tkazgan. Respondentlarning 37,6 foizi sog‘liqni saqlash va ta’limi tizimini eng korrupsiyalashgan soha sifatida ko‘rsatgan. So‘rovda qatnashganlarning har to‘rtinchisi huquq idoralari korrupsiyalashgan, degan fikrni bildirgan.

Adliya vazirligi: Ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimida byurokratik sansalorlik davom etmoqda

Keyingi paytlarda ayrim davlat idoralari xodimlardan soliqdan qarzdorligi yo‘qligi haqida ma’lumotnoma olib kelishni talab qilmoqda (“Darakchi”, 22 noyabr). Bunga esa soliq idoralarining yer va mulk soliqlarini undirishda amaliy yordam so‘rab, xat bilan murojaat qilayotgani sabab bo‘lmoqda. Adliya vazirligi mas’ul xodimi Jo‘rabek Abdulazizovga ko‘ra, soliqdan qarzdorlik yo‘qligi haqida ma’lumotnoma talab qilish fuqarolarning huquq va manfaatlarini poymol qilish sanaladi. Qolaversa, bu hol davlat xizmatlari markazlarida sun’iy navbatlar ortishiga olib kelmoqda, byurokratik sansalorlikni bartaraf etish yo‘lidagi harakatlarga to‘siq bo‘lmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, so‘nggi besh oyda davlat xizmatlari markazlarida 81 mingdan ortiq shu mazmundagi ma’lumotnoma berilgan. Monitoring asosan tibbiyot muassasalari, maktab va bog‘chalarda qonunga zid ma’lumotnomalar talab etilayotganini ko‘rsatdi.

Surxondaryodagi xonadonda boqilayotgan ayiq qo‘shninikiga o‘g‘irlikka tushdi

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani Vochex qishlog‘ida yashovchi Mirzaumar Merganov ikki yil davomida xonadonida ayiq boqib kelgani ma’lum bo‘ldi, deb yozadi “Darakchi” nashri. Merganov ayiq bolasini ikki yil avval cho‘pon qo‘shnisidan katta echki evaziga olgan. Ikki yil davomida ayiq bahaybat ko‘rinish kasb etgan. Zanjirdan bo‘shatilgan vaqtlarda esa qo‘shnilarnikiga o‘g‘irlikka tusha boshlagan. Bu hol ko‘pchilikning joniga tekkan. M.Merganov ayiqni bir necha marta toqqa tashlab kelgan, ammo jonivor shu kunning o‘zida xonadonga qaytib kelgan. Merganov ikki yarim yoshga etgan Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘ini boqa olmay qolgani uchun o‘z ixtiyori bilan Termiz hayvonot bog‘iga topshirdi. Qayd etilishicha, ulkan jonivor endi tog‘da mustaqil yashay olmaydi, chunki u inson qo‘liga qarab katta bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG