Линклар

Шошилинч хабар
06 декабр 2019, Тошкент вақти: 08:10

OzodDayjest: Metan narxi qimmatlashuviga “O‘ztransgaz” joriy etgan cheklov sabab bo‘lmoqda


Metan gaz uchun navbat kutayotgan haydovchilar (illyustrativ surat).

Moliya tizimi mansabdori katta miqdorda pora olayotganda ushlandi. Senator Maqsuda Vorisova fermerlarga ommaviy ravishda qasam ichirilganini tanqidiy baholadi. O‘zbekistonda metan narxining ko‘tarilib ketishiga “O‘ztransgaz” AJ joriy etgan cheklov sabab bo‘layapti. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Moliya mansabdori byudjetdan ajratiladigan mablag‘ning 15 foizini pora sifatida berishni talab qildi

Qashqadaryo viloyati Muborak tumani moliya bo‘limi rahbari Samad Qo‘yliev katta miqdorda pora olayotganda ushlandi (“Huquq”, 22 noyabr). Mansabdor Qoraqum qishlog‘ida qurilish ishlarini amalga oshirish uchun mahalliy byudjetdan ajratiladigan 302,9 million so‘m ajratish evaziga “Hard working builders” MChJ bosh muhandisidan mazkur summaning 15 foizi miqdorida pora talab qilgan. Ikki tomon o‘zaro savdolashuvdan keyin pora miqdori byudjetdan ajratiladigan mablag‘ning 7 foiziga, ya’ni 21 million so‘mga tushirilgan. Viloyat prokuraturasi tezkor xodimlari boshqa organlar bilan hamkorlikda o‘tkazgan tadbir davomida moliya bo‘limi rahbari ko‘rsatilgan miqdordagi porani tuman hokimi yordamchisi orqali olayotganda ushlangan. Qashqadaryo viloyat prokuraturasi vakili Bahodir Erkaev poraxo‘r amaldorlarga nisbatan huquqiy choralar ko‘rilgani haqida ma’lum qilgan.

Metan narxi qimmatlashuvining asosiy sababi aytildi

Joriy yil 17 noyabridan O‘zbekistonda siqilgan gaz – metan narxi keskin oshib ketdi (“XXI asr”, 22 noyabr). Bunga qadar metanning bir kubometri 1800 so‘mgacha sotilgan bo‘lsa, bu narx birdaniga 400 so‘mga qadar ko‘tarildi. Moliya vazirligi metanni belgilangan narxdan qimmatga sotayotganlarga jarima qo‘llanishi haqida ogohlantirgan bo‘lsa-da, hududlarda gaz qimmatlashuvi davom etmoqda. Qayd etilishicha, metan narxining ko‘tarilib ketishiga “O‘ztransgaz” AJ joriy etgan cheklov sabab bo‘lmoqda. Navoiy shahridagi “Nurota zamini” MChJ rahbari Luqmon Atoevga ko‘ra, “O‘ztransgaz” shirkati avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalariga oylik limit – cheklov joriy qilgan. Limitdan ortiqcha olingan gaz uchun esa qo‘shimcha to‘lov talab etiladi. “Masalan, noyabr oyidan bizga 360 ming kubometr limit berilgan. Uni uzog‘i bilan 15 kunda ishlatib bo‘ldik. Sababi shahardagi 3 ta AGQSh ishlamayapti... O‘zi limit nimaga kerak? Tabiiy gaz chetdan valyutaga sotib olinmaydi-ku! Ana shu limit orqali “O‘ztransgaz” AJ tadbirkorlarga sun’iy to‘siq yaratmayaptimi?” degan Luqmon Atoev. Ma’lum qilinishicha, “O‘ztransgaz” shirkati tadbirkorlar bilan tuzilgan shartnomalarni istagan paytda buzishi holati ham odatiy holga aylangan.

Xalq demokratik partiyasi: Ommaviy qasam ichirish rahbariyatga yoqishga urinishdan boshqa narsa emas!

O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisining o‘rinbosari, senator Maqsuda Vorisova Sirdaryo viloyatidagi fermerlar ommaviy ravishda qasad ichirilganini tanqidiy baholadi (“Oila davrasida”, 22 noyabr). Qayd etilishicha, ommaviy qasam ichirish bilan qishloq xo‘jaligi tizimidagi muammolarni hal etib bo‘lmaydi, bu bilan hosil ko‘payib ham qolmaydi. Senatorga ko‘ra, bu “yangilik” rahbariyat oldidagi obro‘ olishga urinishdir. Hozirgi sharoitda fermerlarga ommaviy qasam ichtirgandan ko‘ra qishloq xo‘jaligi tizimidagi muammolar sabablarini tahlil qilib, tizimli choralar ko‘rish kerak.

XS
SM
MD
LG