Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:19

Paxtaobodda aholi aralashuvi bilan chinorlar saqlab qolindi


Andijon viloyati Paxtaobod tumanida 23 noyabr kuni kesilgan chinorlar
Andijon viloyati Paxtaobod tumanida 23 noyabr kuni kesilgan chinorlar

Andijonning Paxtaobod tumanidagi “Madaniyat” istirohat bog‘ida 50-60 yillik chinorlar aholining aralashuvi bilan saqlab qolindi.

Tuman hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, 23 noyabr kuni bir necha shaxs noqonuniy ravishda chinorlarni kesishni boshlagan, ammo voqea joyiga yig‘ilgan norozi aholining aralashuvi bilan bu harakat vaqtida to‘xtatilgan.

Ozodlikka xabar yo‘llagan va ismini oshkor qilmagan paxtaobodlikka ko‘ra, juma kuni tushga yaqin 5-6 nafar ishchisi bilan istirohat bog‘iga kirib borgan noma’lum shaxslar, kutilmaganda, chinorlarni arralay boshlagan:

“Men o‘sha kuni ishdan qaytganimda ko‘rib qoldim. 50-60 yillik chinorlarni aylanasiga o‘lchab, kesib, yuk mashinalarga ortib ketishayotgan ekan. Keyin oqsoqollar chiqib: “Kesmanglar, sog‘lom turgan bo‘lsa, yozda issiqda buni tagida katta yoshdagilar dam oladi, bolalarimiz o‘ynaydi”, deb janjal qilishdi”.

Paxtaobodlikning aytishicha, chinorni kesgan shaxslar, hokimiyatning ruxsati bilan kelishgani va daraxtni “bog‘chaga o‘tin qilish uchun” kesishayotganini aytishgan:

“Biri: "Men tuman Ekologiya bo‘limidan Iqboljonman, hamma tashkilotlardan ruxsatimiz bor, bog‘chaga o‘tinga kesayapmiz", dedi. Keyin odamlar quruq daraxtlar qolib, sog‘lom daraxtlarni kesishganidan norozi bo‘lib, melisani chaqirishgan. Melisa bilan tuman Ekologiya bo‘limining rahbari odamlarni tarqatib yuborishgan. Kesganlar 2 ta katta chinorni yuklab olib ketishgan. 3 oy oldin ham shunaqa katta bir chinorni kimligi noma’lum odamlar kesib, olib ketib qolishgandi”.

Paxtaobodlik yana bir tinglovchi kesilgan chinorlarning yuk mashinalarga ortilib, Farg‘ona viloyatiga olib ketilayotgan aytilgan foto-videomateriallarni Ozodlikka taqdim qildi.

Ozodlikka taqdim qilingan videoda daraxt ortilgan yuk mashinalarini ta’qib qilgan bir necha kishi, kadr ortidan turib, uning Farg‘ona viloyati, Buvayda tumanidagi bir manzilga olib borilayotganini gapiradi.

“Mana qarang, taxta tiladigan sex ekan, shu yerga olib kelishayotgan ekan”, deydi videoda kadr ortidan turib so‘zlagan ovoz sohibi.

Ozodlik bu videoni jo‘natgan manbalar orqali nomi va manzili oshkor qilinmayotgan sex rahbarining ismi-familiyasi va telefon raqamini topdi, u bilan ulanishga harakat qildi, ammo muvaffaq bo‘lmadi.

Paxtaobod tuman hokimligining o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, juma kuni istirohat bog‘ida bo‘lgan hodisadan o‘sha kuniyoq hokimiyat xabar topgan va hozirga kelib, bu harakatning noqonuniy bo‘lgani aniqlangan.

“Ekologiya bo‘limining rahbari chinorlar kesilayotganini eshitib borgan va to‘xtatib qolgan. 2 ta chinor noqonuniy kesilgan . Keyin to‘xtatib, protokollarni tuzib, ishni tuman prokuraturasiga topshirishgan. Hozir prokuratura ishlayapti”, dedi tuman hokimligi mulozimi.

Hokimlikdan olingan ma’lumotga ko‘ra, istirohat bog‘idagi chinorlarning kesilishiga aloqasi bor, deb ko‘rilgan shaxslar va bu boqqa mas’ul "Madaniyat" qishloq fuqarolari yig‘ini rahbarlaridan tushuntirish xati olingan.

"Noqonuniy harakat bo‘lgani aniq bo‘ldi. Daraxtlar sog‘lom bo‘lgan. Bu shaxslarga nisbatan ma’muriy chora qo‘llansa kerak", dedi tuman hokimligi mulozimi.

Ammo, Ozodlik tuman hokimligi rahbariyatidan kesilgan chinorlarning ma’lum manzildagi yog‘och sexiga olib borilganiga oid tahririyatga kelib tushgan iddaolarga biror izoh ola olmadi.

O‘zbekiston shaharlarida keng ko‘lamda daraxt kesish boshlanganiga bu yil 9 yil bo‘ldi. 2009 yilda Toshkentning Amir Temur xiyobonidagi 100 yillik chinorlar kesilgan, shundan so‘ng mamlakatning deyarli barcha yirik shaharlarida chinorlar kesilgani haqda Ozodlik o‘z vaqtida o‘nlab xabarlarni e’lon qilgan.

Xususan Andijon viloyatida o‘tgan oyda 10 yil oldin kesib tashlangan chinorlar o‘rniga ekilgan qarag‘aylar ham kesilgani kuzatildi. Farg‘ona.ru nashri chop etgan fotojamlanmada kesilayotgan daraxtlarning sog‘lom ekani aks etgan edi. 10-12 metrlik sog‘lom daraxtlar, ishchilarga ko‘ra, "yuqorining buyrug‘i bilan" kesilgan.

O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi e’lon qilgan so‘nggi raqamlarga ko‘ra, 2018 yilning birinchi yarmida daraxt kesilishiga oid 600 dan ortiq murojaat tushgan va ularda 4500 dan oshiq daraxtning kesilishiga norozilik bildirilgan.

Odatan, norozi bo‘lgan aholi, daraxtlar alohida guruhlar manfaatdor bo‘lgan mebel sexlariga sotib yuborilayotgani, hokimiyat organlari esa, bunday guruhlarga tegishli chora ko‘rmayotganini da’vo qilib keladi.

XS
SM
MD
LG