Линклар

Шошилинч хабар
21 январ 2021, Тошкент вақти: 22:45

Farg‘onaliklar Irkutskka endi samolyotda borib-kelishi mumkin


IrAero uchog‘i

Shu yilning 18 dekabridan “IrAero” aviakompaniyasi Irkutsk-Farg‘ona-Irkutsk yo‘nalishida doimiy qatnovlarni yo‘lga qo‘yadi.

Ayni paytda O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasida boshqa transport vositalari harakatlanadigan boshqa yangi yo‘nalishlar ham ochilmoqda.

Rossiyaning “IrAero” aviashirkati Irkutsk-Farg‘ona-Irkutsk yo‘nalishi bo‘yicha qishki mavsumda o‘z uchoqlari parvozlarini yo‘lga qo‘yishini ma’lum qildi.

Irkutskdagi “IrAero” kompaniyasi vakili Vladislav Ozodlikka Farg‘ona yo‘nalishi bo‘yicha uchoqlar haftasiga bir marta amalga oshishi tasdiqlab, dedi:

- Bilishimcha, Irkutskdan faqat Toshkentga parvozlar uyushtirilgan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, bizning aviakompaniya Irkutskdan Toshkentga parvozlarni tashkillashtirgan “Yakutiya” aviakompaniyasidan bu yo‘nalishni oldi. Allaqachon ikki marotaba Toshkentga borib keldik. Endi doimiy ravishda “IrAero” O‘zbekistonga borib keladi. Mana, dekabrdan endi Farg‘onaga uchoqlar borib kelishi to‘g‘risida kelishuvlar bor.

“IrAero” rasmiy xabariga ko‘ra, Irkutsk-Farg‘ona yo‘nalishi bo‘yicha aviaqatnov 2018 yilning 18 dekabridan boshlanadi: parvozlar haftasiga bir marta - seshanba kuni amalga oshirilishi rejalashtirildi.

“IrAero” rasmiy saytida uchoq ertalabki 8:50-da Irkutskdan chiqib, Farg‘onaga mahalliy vaqt bilan soat 9:30-larda yetib kelishi ma’lum qilindi. “3 soatu 40 daqiqa vaqtni oluvchi parvozlar Rossiyaning zamonaviy Superjet100 aviamashinalarida amalga oshiriladi”, deyiladi xabarnomada.

Aviakompaniya bu yo‘nalish bo‘yicha qatnov faqat qishki mavsumga tashkillashtirilgani va kelasi yilning 26 martigacha amalga oshishini ma’lum qildi. Mutaxassislar Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi oxirgi paytlarda aviaqatnovlar sonining oshishini Rossiyaga borib kelayotgan o‘zbek muhojirlari oqimi kattaligi bilan izohlamoqda.

“IrAero” shirkati​ Irkutsk-Farg‘ona yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qiladigan uchoq uchun chipta narxi (bir tomonga) o‘rtacha 15,5 ming rublni (~230 AQSh doll.) tashkil etishini e’lon qildi.

Bundan oldinroq “IrAero” shirkati Krasnoyarsk-Farg‘ona yo‘nalishi bo‘yicha yangi reyslarni yo‘lga qo‘yayotganini xabar qilgandi, biroq hozirga kelib bunday reyslar yo‘qligi ma’lum.

Bugunga kelib “IrAero”dan tashqari Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi aviaqatnovlarni “O‘zbekiston havo yo‘llari”, “Aeroflot”, UTair, S7 Airlines va “Nordvind” aviashirkatlari amalga oshirib kelmoqda.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi ham joriy yilning 2 noyabridan Namangan - Sankt-Peterburg - Namangan yo‘nalishi bo‘yicha muntazam yo‘lovchi qatnovlarini qayta tiklashi borasida Ozodlik xabar bergan edi.

Shu yilning oktabri oxirlarida “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasi birinchi marta o‘z reyslarini Moskvaning Vnukovo aeroportidan Toshkentga bajara boshladi. Aeroport ma’muriyati mehnat migrantlari faollashgan qishki mavsumda Vnukovodan Samarqand, Namangan, Termiz, Farg‘ona, Urganch, Nukus va Navoiy shaharlariga ham marshrutlar bo‘lib turishini ta’kidladi.

O‘zbekiston va Rossiya temir yo‘l va avtobus qatnovini ham rivojlantirmoqda

Oxirgi paytlarda ikki davlat o‘rtasida temir yo‘l va avtobus qatnovi soni oshgani ham kuzatilmoqda.

Jumladan, 14 dekabrdan boshlab, Toshkent-Moskva-Toshkent yo‘nalishida haftada bir marta - har juma yangi poezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

"O‘zbekiston temir yo‘llari" shirkatining ma’lum qilishicha, 8 dekabrdan boshlab Rossiyaning Qozon shahriga ham poezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Poezdning platskart vagonlariga chipta narxi 1 mln 175 ming so‘mni, kupe uchun esa - 1 mln 570 ming so‘mni tashkil qilishi bildirildi.

Rossiya va O‘zbekiston Qozon-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro avtobus marshrutini ham ochgani xabar qilindi. Shu yilning 23 noyabrida 2,6 ming kilometr yo‘l bosgan avtobus 43 soat yo‘l yurib, Toshkent shahriga yetib keldi. Tashuvchi kompaniya haftasiga ikki marta qatnayotgan avtobuslar chiptasi 500 ming so‘m yoki 5,5 ming Rossiya rubliga sotilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi muntazam avtobus qatnovi shu yilning 14 sentabrida ochilgan bo‘lib, birinchi reys Rossiyaning Nijniy Novgorod shahriga amalga oshirilgan edi.

XS
SM
MD
LG