Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2019, Тошкент вақти: 14:00

Tabobat akademiyasi a’zosi litsenziyasiz ishlayotgan shahrixonlik tabibni firibgar deb atadi


Hasan tabib qariyb $60 mingga sotib olgan ob’ektidagi shu inshootni bemorlar uchun yotoqxonaga aylantirmoqchi.

O‘zbekiston Xalq tabobati akademiyasi a’zosi 4 dekabr kuni Yutyubdagi o‘nlab videoroliklarda “Tabibi mutlaq Hasan domla”, deb tanishtiriladigan shahrixonlik Hasan Ismoilovning qabulida bo‘lib qaytdi.

Akademiya a’zosining Ozodlikka aytishicha, tabib bir soniyadayoq unga “miyangizda o‘sma bor” degan tashxis qo‘ygan va “ikki oyda o‘lasiz”, degan.

Andijon viloyat prokuraturasi taqdim etgan ma’lumotga qaraganda, litsenziyasiz ishlayotgan tabib ayni paytda faoliyatini kengaytirmoqda: bemorlar uchun yotoqxonalar qurish maqsadida yaqinda umumiy qiymati taqriban 95 ming dollarlik ikkita ko‘chmas mulk sotib olgan.

Tabib tabibga bordi

Ozodlikka 7 dekabr kuni ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston Tabobat akademiyasi a’zosi, “Malham” tabobat markazi rahbari Abduqodir Sattorov 4 dekabr kuni Hasan tabib bilan tanishish, agar tabib sifatida tan olish mumkin bo‘lsa, uni Akademiya ro‘yxatiga olish masalasini hal qilish uchun Shahrixonga borgan.

Hasan tabib bilan "bemor sifatida" uchrashib qaytgan Akademiya vakili Ozodlik bilan suhbatda Hasan tabibni “qip-qizil firibgar ekan”, dedi.

Mingga yaqin odam turgan ekan. Zo‘rg‘a kirdim ichkariga. Kimdir birov “yangi kelgan bo‘lsangiz, qo‘lingizda 5 ming so‘mlikni ko‘rsatib ushlab turing. Bu yangi kelganlarning paroli. Shunday qilsangiz, navbatsiz qabul qiladi”, dedi.

Abduqodir Sattorov Hasan tabibning qabulida bo‘lganini hikoya qilar ekan, jumladan, bunday dedi:

“Ertalab soat 8 larda bordim. Mingga yaqin odam turgan ekan. Zo‘rg‘a kirdim ichkariga. Ikki soat navbatda turib, tabibga etdim. Kimdir birov “yangi kelgan bo‘lsangiz, qo‘lingizda 5 ming so‘mlikni ko‘rsatib ushlab turing. Bu yangi kelganlarning paroli. Shunday qilsangiz, navbatsiz qabul qiladi”, dedi. Keyin Hasan tabib paydo bo‘ldi. Boshim ustidan qo‘lini o‘tkazdi, “miyangiz rak, ikki oyda o‘lasiz” dediyu shart qo‘limdan pulimni oldi”, dedi suhbatdoshimiz.

U Hasan tabibning uyida ko‘rganlariga tayanib, “u tabib emas, asal va pistafurush ekan”, dedi:

“Har biri 50 kilo chiqadigan 20 ta plastmassa bochkada asal ko‘rdim. Sotuvchisi bilan gaplashdim. Har kuni ikki bochka bo‘shayapti, dedi. Men o‘zim asalfurushman. Kitob ham yozganman asal to‘g‘risida. Shuning uchun qaraboq bilaman asalmi-asalmasligini. Hasan tabibning uyidagi bochkalarda shakar qiyomi - soxta asal. Bundan tashqari 1 tonnacha qurt bosgan xandon pista ko‘rdim”.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:08 0:00
Бевосита линк

Hasan tabib kim?

Shahrixonda Hasan domla degan tabib “ming dardni davolayotgani” to‘g‘risidagi gaplar paydo bo‘lganiga bir necha oy bo‘lib qoldi.

O‘tgan davr davomida ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan reklama roliklari tabibning shuhratini butun mintaqaga yoydi. Natijada shu kunda nafaqat O‘zbekistonning o‘zi, balki qo‘shni mamlakatlardan ham bemorlar shifo ilinjida Shahrixonga kelmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tabibni reklama qiluvchi videolardan tashqari uning “firibgarligini fosh qiluvchi” roliklar ham ko‘p.

O‘shanday videolardan birida tabib bemorlarni bir qatorga tizib qo‘yib, o‘ng qo‘lini har bir bemorning boshi uzra o‘tkazadi va hammasiga deyarli bir xil gap aytadi:

“Bosh miyada bosim bor, chap tomonga uryapti, tushunarlimi?”

“Chap miyada bosim bor, o‘ng tomonga uryapti, tushunarlimi?”

​Shu yo‘sinda bir necha bemorga “tashxis” qo‘yib bo‘lgach, videoda boshqa bir ovoz paydo bo‘ladi. Ovoz egasi har bir bemorga “kuniga uch mahal asal choy ichish va 11 donadan xandon pista chaqishni” buyuradi.

Andijon viloyat prokuraturasidan Bosh prokuratura matbuot xizmati orqali olingan ma’lumotda bunday deyilgan:

“Muolaja uchun tabib tomonidan barcha turdagi bemorlarga xandon pista va toza asal tavsiya qilinadi. Ushbu mahsulotlar tabib ko‘rigiga kelgan turli kasalliklar uchun bir xil darmon hisoblanadi. Uning xonadoniga kelgan va belgilangan muddatda davolanayotgan fuqarolar orasidan davolanish holatlari ham uchrab turadi”.

Yutyubdagi o‘ndan ortiq videolarda bemorlar tabibdan shifo topganini aytadi. Ularning so‘zlariga qaraganda, bir bemorning bir kurs muolajasi 21 kundir. Chimkentdan kelgan bir ayol esa, 80 kundan buyon davolanayotganini aytadi.

Hasan tabib haqidagi mish-mishlarda uning pul olmasligi aytiladi. Lekin videolardan birida uning shaxsan o‘zi pul yig‘ayotganini ko‘rish mumkin.

Kuni kecha tabibning qabulida bo‘lib kelgan “bemor”ning Ozodlikka aytishicha, birinchi marta kelgan bemor 5 ming so‘m to‘laydi, qolgan kunlar uchun kuniga 1000 so‘mdan.

Andijon viloyat prokuraturasidan olingan ma’lumotda bunday deyilgan:

“H.Ismoilov xonadoniga kelgan bemorlarga 2-3 soat davom etadigan bir martalik seans jarayonida faqat Qur’oni Karimning “Yosin” surasini o‘qib qiroat qiladi. Davolanishga kelgan fuqarolar bir martalik seansdan so‘ng xizmat xaqi uchun imkoniyatiga qarab 1000 so‘mdan 5000 so‘mgacha bo‘lgan mablag‘ beradi. Har bir fuqaro davolanish uchun o‘rtacha 10-20 kun muddat davomida kelib ketadi”.

Hasan tabib asal choy va xandon pistadan tashqari “so‘z bilan ham davolaydi”. Videolarda uning xonadonida yuzlab erkak va ayolning masjidda o‘tirganday o‘tirib, va’zini eshitayotganini ko‘rish mumkin.

O‘zining "tibbiy va’zlarida" Hasan tabib u yoki bu kasallik genezisi, insonning u yoki bu ruhiy holati sabablarining ekzotik versiyalarini uqtiradi. Masalan, uning aytishicha, "qo‘rquv bosh miya travmasining", "vahima dumg‘aza travmasining" oqibatidir.

Yoshi 50 dan oshib qolgan, qotma jussali Hasan tabib savdo xodimi, asl kasbi tovarshunoslik ekanini uning hamqishloqlaridan so‘rab bildik.

Hasan tabib reklama roliklarida o‘zi e’lon qilgan telefon raqamlariga kun davomida qo‘ng‘iroq qildik, lekin telefonni hech kim ochmadi - tabib bilan bog‘lana olmadik.

Doktorlar Hasan tabib haqida nima dedi?

Shahrixonning Markaziy kasalxonasida ishlaydigan vrachlardan biri Hasan tabib haqidagi savolga “Tabibmas u, kuf-suf bilan odamlarning pulini olayaptida”, deb bepisand javob berdi.

Bas, shunday ekan, nega vrach bo‘laturib norozilik bildirmayapsizlar, axir odamlarning hayoti, salomatligi xavf ostida qolayaptiku, degan savolga vrach javob berishni istamadi.

Boshqa bir shahrixonlik, dorishunos, kimyo fanlari doktori, professor Rustam Nuriddinovga Hasan tabibning davolash metodikasidan kelib chiqib quyidagi savollarni berdik:

- Bemorning boshi uzra qo‘lni bir marta o‘tkazish bilan tashhis qo‘yish mumkinmi?

- Mumkin emas, aslo mumkin emas.

- Hasan tabib hammaga bir xil: asal choy ichish va xandon pista yeyishni tavsiya qilayapti. Shular dori bo‘la oladimi?

Qandli diabetda, saratonda asal umuman mumkin emas. Axir saratonning 300, qandli diabetning 4 xil turi bor. Hasan tabibning oldiga har kuni minglab odam borayapti. Qanday qilib hammaga bir xil dori buyurish mumkin axir?

- Yo‘q. Masalan, qandli diabetda, saratonda asal umuman mumkin emas. Axir saratonning 300, qandli diabetning 4 xil turi bor. Hasan tabibning oldiga har kuni minglab odam borayapti. Qanday qilib hammaga bir xil dori buyurish mumkin axir?

Shahrixon tuman va Andijon viloyat sog‘liqni saqlash rasmiylaridan Hasan tabib bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan kommentariy olishning imkoni bo‘lmadi. Ular, aftidan, kuni kecha Shahrixonda sodir bo‘lgan is gazidan zaharlanish voqeasi ortidan jurnalistlar bilan gaplashishdan bezillab qolgan ko‘rinadi.

Hasan tabibning ishi litsenziyasiz ham yurishayapti

Yutyubga joriy yilning 24 noyabrida qo‘yilgan videoda Hasan tabib sotib olgani - yirik ob’ektda qayta qurish ishlarini boshlab yuborganini hikoya qiladi. Tabibning aytishicha, uzuni 100 metrlik, eni esa, kamida 10 metrlik, ko‘rinishidan yirik sex uchun temir-beton bloklardan qurilgan kapital inshoot bemorlar uchun yotoqxona qilib jihozlanadi.

Bu binodan tashqari, tabibning aytishicha, sotib olgani ob’ektning hovlisi perimetri bo‘ylab yana 100 ta xona qurmoqchi. “Hammasiga akfa eshik, akfa deraza o‘rnatamiz”, deydi tabib. Shundan so‘ng u 3 qavatli katta binoni ko‘rsatadi. “Unda ham 36 ta xona bo‘ladi, ayollar uchun yotoqxona bo‘ladi”, - deydi.

Bulardan tashqari Hasan tabib hammomlar, tahoratxonalar, oshxonalar qurilajagini aytadi.

Tabibning aytishicha, davo izlab kelgan bemorlar shu yerda yashaydi. “Har kuni bittadan novvos so‘yamiz”, - deydi tabib.

Aytishicha, unga "O‘zbekiston davlati juda katta yordam berdi, tanlash uchun 280 ta joy berdi, biroq bittasi ham yoqmadi va oxir-oqibat shu ob’ektni tanladi".

Shahrixon tuman yer resurslari va kadastr bo‘limi boshlig‘i Doniyor (familiyasini aytmadi) Ozodlik muxbiri tasvirlab bergan ob’ektning Hasan tabibga berilayotganidan xabari borligini, lekin bu ob’ekt unga tegishli ekanligiga oid hujjat uning boshqaruvi ostidagi tashkilotda yo‘qligini aytish bilan cheklandi.

Andijon viloyat prokuraturasidan olingan ma’lumotga qaraganda, Hasan tabib videoda namoyish qilayotgan ob’ekt Shahrixon tuman, Qumtepa MFYda joylashgan sobiq MPMZ binosi va yer maydonlaridir.

Prokuraturaga ko‘ra, Hasan Ismoilov bu ob’ektni “2018 yilning oktabr oyida auksion savdolarida 485 mln. so‘mga (taqriban $60 ming) sotib olgan va ushbu joyda kelgusida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun qurilish-ta’mirlash ishlari olib bormoqda”.

Bundan tashqari tabib “ATB “Hamkorbank” Shahrixon filiali balansida bo‘lgan Shokirboy MFY hududidagi eski magazinni 2018 yil oktabr oyida 295 mln. so‘mga (taqriban $35 ming) sotib olgan".

"Tabobat akademiyasi Hasan tabibni tan olmaydi"

Maqolamiz boshida tilga olganimiz Tabobat akademiyasi vakili Shahrixondan “Hasan tabibga litsenziya berib bo‘lmaydi”, degan xulosa bilan qaytganini, o‘z xulosasini akademiya rahbariyatiga bildirganini aytdi Ozodlik bilan 6 dekabr kungi suhbatda.

Tabobat akademiyasi - davlat qaydidan o‘tgan rasmiy muassasa. O‘zbekistonda rasmiy qayddan o‘tmagan Xalq tabobati akademiyasi ham mavjud. Bu tashkilot rahbari Mehriniso Muhammad Sodiq qizining 6 dekabr kuni Ozodlikka aytishicha, shahrixonlik Hasan tabib Xalq tabobati akademiyasining reestrida ham yo‘q, ya’ni tan olinmagan.

Demak, Hasan tabibni tabiblarning norasmiy Akademiyasi tan olmagan, rasmiy Akademiya esa, tan olmoqchi emas.

Ayni paytda, Andijon viloyat prokuraturasi Hasan Ismoilovning soliq to‘lovchi sifatda Davlat soliq inspeksiyasida ro‘yxatdan o‘tgani “hamda yuqorida qayd etilgan faoliyat asosida daromad olayotgani uchun 2016-2017 yillarda “Jismoniy shaxs sifatida daromadlar uchun deklaratsiya” topshirib, 16.4 mln so‘m daromad solig‘ini to‘lagan”ini qayd etib, davomida bunday degan:

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 12.10.2018 yildagi “O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobati sohasini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida xalq tabobati usulida xizmat ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash belgilangan. Fuqaro X.Ismoilov kelgusida tabiblik faoliyati bilan tegishli tartibda litsenziya olib shug‘ullanishi to‘g‘risida rasman ogohlantirildi”.

Bugungi maqolada javobsiz qolgan birgina savol

Nima uchun etagi qisqaroq ko‘ylak kiygani uchungina u yoki bu xonanda litsenziyasidan mahrum qilinadiyu minglab sodda bemorlarni asal choy va xandon pista bilan aldab pulini olayotgan, ularning sog‘lig‘i va hayotini xavf ostida qoldirayotgan “tabib” litsenziya olib shug‘ullanishi to‘g‘risida ogohlantirilib qo‘yiladi, xolos?

XS
SM
MD
LG