Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 07:16

OzodDayjest: O‘zbekistonda yiliga 1 tonna oltin noqonuniy ravishda qazib olinmoqda


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Qizil kitobga kiritilgan noyob jonivorlar och qolishi mumkin. Dori-darmonga qimmat narx belgilayotgan insofsizlar tanqid qilindi. O‘zbekistonda har yili o‘rtacha 1 tonnaga yaqin oltin noqonuniy tarzda qazib olinmoqda.

_____________________________________________________________

Dorixonalar mahsulotga insofsizlarcha qimmat narx belgilamoqda

O‘zbekistondagi dorixonalarda dori-darmonni qimmat narxlarda sotish avj olgan (“Oila davrasida”, 13 dekabr). Qolaversa, dorixonalar belgilangan narx o‘rtasida 30 foizgacha tafovutni ko‘rish mumkin. Bu hol esa gazeta tomonidan insofsizlik, deb baholangan. Gazetaning bu boradagi yozma murojaatiga Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tayinli javob bermagan. O‘zbekiston prezidentining sohaga doir qarorida 299 nomdagi (ulardan 98 tasi mahalliy, 201 tasi xorijniki) dori preparati narx-navosi bo‘yicha cheklov o‘rnatilgan. Bunga ko‘ra, ro‘yxatga kiritilgan farmatsevtika mahsulotlarining ustamasi ulgurji savdoda – 15, chakana savdoda 20 foizdan oshmasligi kerak. Amalda esa ustama miqdori bundan oshib ketishi kuzatilmoqda.

Buxoroda minglab noyob jonivorlar qishda ozuqasiz qolishi mumkin

Buxorodagi “Jayron” ixtisoslashtirilgan pitomnigida saqlanayotgan noyob jonivorlar qishdan talafotsiz chiqishi uchun katta miqdorda oziq-ovqat zaxirasi zarur (“Jamiyat”, 7 dekabr). Qayd etilishicha, pitomnikda 997 bosh jayron, 48 bosh Buxoro tog‘ qo‘yi, 3 bosh bug‘u, 24 bosh prjeval oti va 138 bosh qulun bor. Bundan tashqari, bu yerda yana yuzlab turdagi sut emizuvchi va sudralib yuruvchi hayvonlar saqlanadi. Yil davomida faqatgina 1-hududdagi jonivorlarni oziqlantirish uchun 35 ming kg arpa doni, 3 ming dona press beda zarur. Bu jonivorlarni qutqarib qolish uchun shart bo‘lgan ozuqaning bir qismi, xolos. Qayd etilishicha, pitomnikning sim to‘rlarini ta’mirlash uchun ham bir necha yuz million so‘m mablag‘ talab etiladi. Pitomnik vakillari mutasaddi idoralarni yordamga da’vat etgan.

O‘zbekistonda bir yilda noqonuniy ravishda bir tonna oltin qazib olinmoqda

O‘zbekistonda har yili o‘rtacha 1 tonnaga yaqin oltin noqonuniy tarzda qazib olinmoqda. Bu haqda Davlat geologiya qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Azimjon Xoliqov “Darakchi” nashriga ma’lum qilgan. Qayd etilishicha, ayni mavsum qizigan paytda 10 ming odam ushbu ish bilan band bo‘ladi. Noqonuniy oltin qazib olish asosan Navoiy, Samarqand va Buxoro viloyatlarida avj olgan. Bu esa davlat iqtisodiyotiga jiddiy ziyon yetkazmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, 2015-2018 yillar davomida oltin va boshqa qazilma boyliklarni noqonuniy qazib olish bo‘yicha 547 kishiga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Mazkur holatni inobatga olib, Davlat geologiya qo‘mitasi qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini tadbirkorlik tavakkalchiligi asosida amalga oshirish tizimini taklif etmoqda. Bunga ko‘ra, 2019 yil 1 martdan boshlab qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish bilan shug‘ullanishni istagan yuridik va jismoniy shaxslar elektron auktsion asosida litsenziya olishi mumkin.

XS
SM
MD
LG