Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:34

Mirziyoev topshirig‘i bajarilmadi – 10 dekabr kuni Jizzaxda Peugeot Citroen zavodi ishga tushmadi (VIDEO)


2018 yilning 10 dekabrida ilk avtomobillarini ishlab chiqarishi e’lon qilingan Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive zavodida mashina ishlab chiqarish tugul¸ zavod qurilishining o‘zi ham to‘xtab qoldi.

Bu haqda Ozodlikka kelgan xabarni Jizzax erkin iqtisodiy hududida boshlangan qurilish ishlariga bevosita aloqador bir necha mulozim tasdiqladi.

Zavodni qurayotgan "12- Trest" MChJsi mutaxassisi Ozodlikka “pul yo‘qligi bois bir oycha oldin qurilish ishlari to‘xtatilib¸ yuzlab ishchi trestning qolgan boshqarmalariga tarqatilgan”ini bildirdi.

Qo‘shma korxonadagi fransuz tomoni - PSA Groupe matbuot xizmati loyihaning davom etayotganini bildirdi¸ ammo zavodning nima uchun belgilangan muddatda ishga tushmaganiga oid izoh berishni istamadi.

Qurilish to‘xtagan

Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive zavodida qurilish ishlarining to‘xtatilgani haqidagi xabarni bu jarayonga bevosita aloqador bir-biridan mustaqil uchta manba tasdiqladi.

Hozir hammasi to‘xtab turipti¸ bu yerda hech qanday ish bo‘layotgani yo‘q. Negaligini bizdan emas¸ avtopromdagilardan so‘rasangiz yaxshi bo‘ladi”¸ dedi Jizzax viloyat hokimligi mulozimlaridan biri.

Sharof Rashidov tumani hududidagi Jizzax erkin iqtisodiy hududi ma’muriyati mulozimi ham¸ “qurilishning to‘xtab yotgani”ni aytish bilan cheklandi.

Mazkur qurilishning pudratchisi - "12 -Trest" MChJ muhandislaridan biri Ozodlikka Jizzaxda avtomobil zavodi qurish to‘xtatilganidan yuzlab quruvchi ishsiz qolganini bildirdi.

Bu zavodni PMK-2 qurayotgandi¸ bir oy bo‘pqoldi¸ taqa-taq to‘xtadi. Pul yo‘q¸ deyishdi. Ishchilarining bari hozir Toshkentga kelgan¸ trestdagi qolgan boshqarmalarga ishga olasan¸ deyapti”¸ degan "12-Trest" muhandisi¸ ishsiz qolgan quruvchilar sonining bir necha yuzlab ekanini bildirdi.

“Fransuzlar loyihani norentabel deb topdi”

Jizzax erkin iqtisodiy hududida O‘zbekiston-Fransiya avtomobil zavodini qurilishi to‘xtatilgani¸ Ozodlikka kelgan norasmiy xabarlarga ko‘ra¸ Fransiya PSA Groupe korporatsiyasining bu loyihadan voz kechish ehtimoli bilan bog‘liq.

“Fransuz tomoni kiritadigan investitsiyasini 30 yilda ham ololmaymiz¸ o‘zini oqlamaydi¸ deb ikkilanib qolgan. Shunga ularning O‘zbekistonga kelish-kelmasligi mavhumroq bo‘lib turipti"¸ dedi bu loyiha taqdiridan bilvosita xabardor mulozimlardan biri.

O‘zbekiston tomondan «Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive» qo‘shma korxonasiga qo‘shilgan “O‘zavtosanoat” rasmiylari Ozodlik savollariga javob berishdan o‘zlarini olib qochdi.

“O‘zavtosanoat”ning bir emas¸ bir necha mutasaddisi Ozodlik muxbirining “10 dekabr kuni ishga tushiramiz”¸ deb va’da qilingan zavodning to‘xtab qolganini qanday izohlaysiz”¸ degan savolini eshitishi bilan telefon go‘shagini ilib qo‘ydi.

Qo‘shma korxonaning fransuz tomoni - PSA Groupe korporatsiyasi matbuot xizmati 17 dekabr kuni O‘zbekistondagi loyihasi taqdiriga oid savollarga qisqa qilib:

-O‘zbekistondagi loyiha saqlanib qolmoqda va biz uning ustida ishlayapmiz¸ degan javob berdi.

Korporatsiya matbuot xizmati¸ zavod ishga tushirilishining nega noma’lum muddatga kechikkani¸ fransuz tomonining bu loyihadan daromad keltirmaydigan sarmoya sifatida voz kechish ehtimoliga oid savollarga "hamma loyihalarda ham nazariy reja amalda ba’zan tuzatishlarga uchraydi"¸ degan mazmunda umumiy javob berish bilan cheklandi.

Loyiha tarixi

2017 yilning 16 may kuni «O‘zavtosanoat» aksiyadorlik jamiyati Fransiyaning «Peugeot Citroen Automobiles S.A» kompaniyasi bilan mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida, ustav jamg‘armasi, ekvivalenti 29,3 mln yevro miqdoridagi «Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive» qo‘shma korxonasini tashkil etish to‘g‘risida bitim imzolanganini xabar qilgan edi.

Bitim imzolangani aytilganidan bir oy o‘tib-o‘tmay 2017 yilning 13 iyun kuni Shavkat Mirziyoev “Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi “ Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive” korxonasini tashkil etish to‘g‘risida” maxsus qaror chiqargan edi.

Qarorda «Jizzax» erkin industrial zona hududida yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarish ob’ektlarini qurish uchun O‘zavtosanoat»ga 45 ga yer maydoniga ega yer uchastkasini ajratish¸ bu zavodni qurishga tendersiz tanlangan «Avtosanoat-Injiniring» MChJ¸ «O‘zog‘irsanoatloyiha» AJ¸ «12-trest» MChJga “O‘zavtosanoat” bilan bir qatorda “qurilish davrida ishlar hajmi va xizmatlar bo‘yicha qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod etish” kabi qator maxsus imtiyozlar berilgan edi.

Umumiy narxi 133,3 mln yevroga teng deb e’lon qilingan bu investitsion loyiha¸ mahalliy ommaviy axborot vositalari tomonidan¸ Markaziy Osiyodagi noyob proekt sifatida ko‘z-ko‘z qilina boshlandi.

(Mazkur videomaterialning 3:30 daqiqasida prezident Mirziyoev loyiha rahbarlariga zavodni 2018 yilning 10 dekabriga qadar ishga tushirishni buyuradi; 7:30 daqiqasida "O‘zavtosanoat" ning o‘shandagi boshqaruvi raisi Umidjon Salimov¸ 10 dekabrdan boshlab zavodda ishlab chiqarilgan avtomobillar xaridorlarga taqdim etilishini va’da qiladi - tahr.)

Shavkat Mirziyoevning 2018 yil oktabr oyida qilgan safari munosabati bilan Ozodlikka shaxsi ochiqlanmasligi sharti bilan gapirgan “O‘zavtosanoat” mulozimi loyihaning amalga oshishdan ko‘ra oshmaslik ehtimoli kuchli ekanini aytgan edi.

Fransuzlar Peugeot brendi bilan zavod ochish uchun garantiya puli so‘ramoqda. Bular ishlab chiqarish texnologiyalari olib kirib¸ mahalliy kadrlarni o‘qitib¸ ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yar-qo‘ymas¸ puliga kuyib qolishdan qo‘rqmoqda. Ular so‘rayotgan kafolat puli katta - yuzlab millionga boradi. Kafolat masalasi hal bo‘lsa¸ Mirziyoev safari davomida moliyalashga oid kelishuv ham imzolanadi. Bo‘lmasa¸ bu reja yo‘qqa chiqadi”¸ degan edi “O‘zavtosanoat” mulozimi 5 oktabr kuni Ozodlik bilan suhbatda.

PSA Groupe avtomobil ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda yetakchilik qiluvchi shirkatlar o‘nligiga kiradi va 2018 yilning birinchi yarmi uchun moliyaviy hisobotida shirkat daromadi 38.6 milliard yevro deb ko‘rsatilgan.

O‘zbekistonda qurilishi e’lon qilingan Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive zavodida yiliga 16 ming dona avtomobil ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

XS
SM
MD
LG