Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:31

Toshkentda eskirgan uylarni to‘liq buzish rejasi ochiqlandi. Yutuqlar uchun Kozim To‘laganov olqishlandi


Prezident Mirziyoev, Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev (o‘ngdan birinchi) va Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasi raisi o‘rinbosari Kozim To‘laganov (o‘ngdan ikkinchi) bilan Sergeli tumanida, 21 dekabr, 2018 yil
Prezident Mirziyoev, Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev (o‘ngdan birinchi) va Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasi raisi o‘rinbosari Kozim To‘laganov (o‘ngdan ikkinchi) bilan Sergeli tumanida, 21 dekabr, 2018 yil

O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov poytaxtdagi barcha eski uylar to‘liq buzilib, o‘rniga yangilari qurilishini ma’lum qildi. Xotin-qizlar qo‘mitasining 22 dekabr kungi hisobot yig‘ilishida Aripov qurilish-buzilishlar bo‘yicha yutuqlarni sanarkan, poytaxtning sobiq hokimi Kozim To‘laganov nomini alohida tilga oldi.

Bosh vazir Abdulla Aripovga ko‘ra, tez orada Toshkent shahridagi barcha eskirgan va xaroba turar-joy binolarini to‘liq buzib, o‘rniga ko‘p qavatli qulay turar-joy binolarini qurish rejalanmoqda.

Gazeta.uz nashrining yozishicha, poytaxtda borayotgan tezkor qurilish-buzilish ishlari haqida gapirarkan, Bosh vazir Abdulla Aripov, shu kunda Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i bo‘lgan Kozim To‘laganov so‘zlaridan iqtibos keltirgan.

"Muqaddam bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, Toshkent hokimi, "Toshkentqurilish" trestining boshlig‘i bo‘lib ishlagan Kozim To‘laganov kecha menga shunday raqamlarni aytdi: Sovet ittifoqining eng gullagan paytlarida ham Toshkentda bir yilda 1 million metr kvadrat, O‘zbekistonda esa 5 million metr kvadrat maydonidagi yangi turar-joy foydalanishga topshirilmagan ekan. Bu yil hali tugamadi, ammo biz bu ko‘rsatkichlardan oshdik", deya iqtibos keltiradigan Bosh vazir Aripovdan Gazeta.uz nashri.

Aripovga ko‘ra, prezident Mirziyoev juma kuni shaharni kezarkan, eskirib ketgan uylar o‘rnida qulay ko‘pqavatli turar-joy binolari qurishni vazifasini topshirgan.

"Kecha bizga prezident qattiq topshiriq berdi - Toshkentda kanalizatsiyasi va boshqa narsalari bo‘lmagan hamma eski, xaroba uylar buzilib, o‘rniga hamma sharoiti bo‘lgan yangi uylar quriladi", deya iqtibos keltiradi bosh vazirdan Gazeta.uz nashri.

Shuningdek, Bosh vazir 21 dekabr kuni Sergeli tumanidagi yangi uylarni ko‘zdan kechirarkan, prezident bilan o‘tgan suhbatini ham tilga olgan.

"Prezident mendan so‘radi: "Bu uylarga kir yuvish mashinasini o‘rnatib bermadingizmi? Bu ayol uni sotib ololadimi-yo‘qmi? Eri unga olib beroladimi-yo‘qmi? Nima uchun siz hukumat rahbari safatida bu haqda o‘ylamaysiz?" Biz buni albatta bajaramiz. Prezident bu ayollar uchun ekanini ochiq aytmasa-da, uning har bir so‘zi ortida ayollarga e’tibor turibdi", degan Bosh vazir Aripov hukumat yig‘inida.

21 dekabr kuni prezident Mirziyoev Toshkentning Sergeli tumaniga borib, yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarni ko‘zdan kechirdi.

Prezident matbuot xizmati chop etgan xabarda aytilishicha, tumanda 5 oy ichida 1 ming 176 xonadonga mo‘ljallangan 21 ta uy qurib bitkazilgan, yana yangi uylar qurilishi shitob bilan davom etmoqda.

Darvoqe, prezident matbuot xizmati ham Sergelidagi qurilish ishlarining jadallik bilan olib borilayotgani qayd etilgan xabariga Mirziyoevning Kozim To‘laganov bilan tushgan suratini ilova qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoev, saylanishidan biroz oldin - 2016 yilning noyabr oyida Toshkent shahar sobiq hokimi Kozim To‘laganovni Arxitektura va qurilish nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i etib tayinlagandi.

Kozim To‘laganov 2006 yilda Toshkent shahar sudi tomonidan iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib, 20 yil shartli qamoq jazosiga hukm qilingan.

O‘sha kezda O‘zbekiston hukumatidagi ​Ozodlik suhbatlashgan qator manbalar, prezidentlikka yangi saylangan Mirziyoev Kozim To‘laganovning qurilish sohasidagi katta tajribasini inobatga olib, uni hukumat tarkibiga qaytarganini aytgan edi.

Kozim To‘laganov 1990 yillar boshidan 2000 yillar o‘rtalariga qadar Toshkentdagi yirik inshootlar, jumladan, Oqsaroy va O‘zbekiston Oliy Majlisi binolari qurilishiga rahbarlik qilgan.

XS
SM
MD
LG