Линклар

Шошилинч хабар
06 декабр 2019, Тошкент вақти: 03:35

OzodDayjest: Parlament onalar va bolalar o‘limi hamon yuqori ekanidan xavotir bildirdi


Illyustrativ surat.

Abdulla Aripov ichki ishlar vazirligi tizimiga ayollarni ko‘proq jalb etish kerak, degan fikrda. Sog‘liqni saqlash vazirining hisoboti deputatlar tomonidan tanqidiy baholandi. Toshkent metropoliteni relsiga tushib ketgan qiz taqdiriga oydinlik kiritildi. Joriy hafta shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Bosh vazir ichki ishlar tizimida ayol kadrlar kamligini “diskriminatsiya” deb atadi

O‘zbekiston ichki ishlar tizimida ayol kadrlar sonini oshirish maqsadida vazirlik akademiyasiga qizlar uchun qabul kvotasi oshiriladi (“Postda”, 26 dekabr). Bu haqda mamlakat bosh vaziri Abdulla Aripov respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi hisobot konferensiyasida ma’lum qilgan. Hukumat rahbariga ko‘ra, IIV akademiyasiga qizlar uchun belgilangan amaldagi 5 foizlik kvota kam. Umuman, ichki ishlar tizimida ayol kadrlar kamligi A.Aripov tomonidan “diskriminatsiya”, deya baholangan. Bosh vazir tizimda ayol kadrlarning ko‘payishi korrupsiyaning kamayishiga xizmat qilishini ta’kidlagan. Ushbu hisobot konferensiyasida lavozimiga qayta saylangan Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboeva ham jamiyatdagi patriarxal qarashlarni tanqid qilgan. “Aholimizning 80 foizi oilada erkak kishi pul topishi kerak, ayol farzandlar tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lishi lozim, deb hisoblaydi. Jamiyatda saqlanib qolgan shu kabi patriarxal qarashlar xotin-qizlarimizning munosib ish o‘rinlariga joylashishiga xalaqit bermoqda”, degan T.Norboeva.

Sog‘liqni saqlash vaziri deputatlar tanqidiga uchradi

Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi hisoboti deputatlar tomonidan tanqidiy baholandi (“Jamiyat”, 21 dekabr). Deputatlarga ko‘ra, mamlakatda onalar va bolalar o‘limi hamon yuqoriligicha qolmoqda. Chaqaloqlarning 25 foizi birlamchi bo‘g‘inda nobud bo‘layotgani, nogiron bolalarning tug‘ilishi kamaymayotgani ham xavotirlidir. Keyinchalik ularga tibbiy xizmat ko‘rsatish ham o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Mamlakatning ayrim tumanlarida bolalar shifoxonalari umuman faoliyat ko‘rsatmayapti. Prenatal markazlarning ham ahvoli maqtagulik emas. Endokrinologiya va kardiologiya markazlaridagi vaziyat ham tashvishli. Bemorlar u yerda yotib davolanish uchun pul to‘lagach, navbati kelishini uch oygacha kutishga majbur bo‘lmoqda. Deputatlarga ko‘ra, sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolar parlament tomonidan hukumat darajasiga olib chiqilsagina hal etilmoqda. Vaholanki, sog‘liqni saqlash vazirligining o‘zi tizimdagi kamchiliklarni bartaraf etishda tashabbus ko‘rsatishi kerak.

Metro relsiga tushib ketgan qiz ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini insofga chaqirdi

​Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metrpoliteni relsiga qiz tushib ketgani aks etgan video tarqalgan edi. Toshkent shahar IIBB ushbu holat yuzasidan izoh berdi (“Darakchi”, 27 dekabr). IIBB axborot multimedia markazi vakili Feruza Elmurodovaga ko‘ra, videoda aks etgan hodisa aslida joriy yil 29 iyul kuni Alisher Navoiy bekatida ro‘y bergan. 20 yoshli Gulbahor B. hushini yo‘qotib elektropoezd yaqinlashib kelayotgan paytda relsga qulagan. Mashinist zudlik bilan favqulodda to‘xtatish chorasini ko‘rgani bois fojianing oldi olingan. Relsga yiqilgan qizning ayrim joylari timdalangan, xolos. Qiz o‘z joniga qasd qilgani haqidagi taxminlar ham rad etilgan. Gulbahorning ma’lum qilishicha, o‘sha kuni imtihoni ballarini bilish uchun yo‘lga chiqqan. Imtihon vaqtidagi hayajon va bobosining vafoti tufayli stressga tushib qolgan qiz metroda hushidan ketgan. Baxtsiz hodisada omon qilgan 20 yoshli Gulbahor ijtimoiy tarmoqda uni “o‘z joniga qasd qilgan irodasiz qiz” deb talqin qilayotganlarni insofga chaqirgan.

XS
SM
MD
LG