Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:11

Xorijga chiqish pasportini olish ham ur-yiqit bilan boshlandi


Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida pasport uchun navbat.
Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida pasport uchun navbat.

O‘zbekistonda xorijga chiqish pasportlariga ariza topshirish ur-yiqit bilan boshlandi. Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari oldida uzun navbatlar yuzaga keldi.

Toshkentning 11 tumanida yangi joriy etilayotgan xorijga chiqish pasporti uchun hujjatlarni qabul qilish 4 yanvardan, 7 yanvardan esa, viloyatlarida yangi pasport uchun arizalarni qabul qilish boshlandi.

1 yanvardan xorijga chiqmoqchi bo‘lganlar ikki yilga beriladigan OVIR stikerlari o‘rniga 10 yilga beriladigan xorijga chiqish pasportini olishlari kerak bo‘ladi.

O‘zbekistonning deyarli barcha hududlaridagi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish (MFR) bo‘linmalari oldida shu kunlarda turnaqator navbatlar yuzaga kelgan.​

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fotosuratlarda Samarqand, Guliston, Urganch, Termiz shaharlaridagi MFR bo‘linmalari oldida tiqilinch yuzaga kelganini ko‘rish mumkin.

Xorijga chiqish pasportini olish uchun ariza topshirgani Samarqand shahar MFR idorasiga borgan samarqandlik Baxshullo Oripov o‘z boshidan kechirganlarini Ozodlikka so‘zlab berdi:

“Bugun saharda, soat 6ga kelib navbatga 169inchi bo‘lib yozildik. 70 odamga ariza topshirishga talon berdi, qolganlarga javob berib yubordi, ertaga kelasizlar dedi. Odamlar bir kun oldin borib, OVIRni (idoraning eski nomi - tahr.) oldiga yotib olishyapti. Oldin OVIR stikeri uchun navbatga turgan bo‘lsak endi huddi shu idorani oldida xorij pasporti uchun turibmiz”.

O‘zbekistonning boshqa shaharlaridagi MFR bo‘linmalarida ham xorij pasportiga ariza topshirish asabbuzarliklar bilan kechmoqda.

Sirdaryo viloyati Guliston shahri MFR bo‘linmasiga borgan sirdaryolik Orif Inog‘omov:

“Bardak, ur-to‘polon bo‘lib yotibdi. Pasportga anketani 20 ming so‘m to‘lab to‘ldiryapmiz. O‘zimiz to‘ldirib borsak, qabul qilmas ekan. Pasport uchun pul to‘lagani "Ipoteka bank"ga jo‘natyapti, bank esa ishlamayapti. Shu bo‘yi bugun sarson bo‘lib, arizani topshirolmadik. Ertaga navbatga yozilish uchun saharda yana boramiz. Hozir topshirsak fevral oyida bo‘lib qolar, deyapti unda ham aniq emas ekan. Oldin OVIR stikeri uchun navbatga turdik, biometrik pasportni ham ur-yiqit qilib oldik, endi xorijga chiqish pasportiga hujjat topshirish ham shunday bo‘lyapti​”.

1 yanvardan xorijga chiqmoqchi bo‘lganlar 10 yilga beriladigan xorijga chiqish pasportini olishlari kerak bo‘ladi.

Hozirda amaldagi biometrik pasportida muddati bitmagan chiqish vizasi bo‘lgan fuqarolar, chiqish vizasi stikerining muddati bitgunicha bemalol chetga chiqishi mumkin.OVIR muddati tugamaganlar tugaguncha hozirgi pasporti bilan yurishi mumkin.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning "O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibini takomillashtirishga doir muhim chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi 2018 yil 16 avgust kuni imzolagan farmonida pasportlar 10 ish kunida rasmiylashtirilishi, xizmatlar elektronlashtirilishi va ortiqcha sarsongarchiliklarga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yilgan.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasidan xorij pasporti olish bo‘yicha yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan izoh olib bo‘lmadi.

Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Badriddin Shorixsievning mahalliy nashrlarga bildirishicha, Xorijga chiqish pasporti Davlat personallashtirish markazi tomonidan 10 ish kuni ichida berilishi kerak.

O‘zbekiston xalqaro talablarga javob bermaydi, degan vaj bilan 2011 yil yanvaridan pasportlarini almashtira boshladi. Biometrik pasportlar 2015 yil oxirigacha almashtirib bo‘lishi lozim edi.

2015 yil oxirigacha biometrik pasportga to‘liq o‘tilmagach, pasport almashtirish muddati 2018 yilning birinchi yarmigacha uzaytirildi.

Biroq katta mash-mashalar bilan almashtirilgan pasportlar 10 yil ham amal qilmasdan yana almashtiriladigan bo‘ldi.

Ayni paytda O‘zbekiston fuqarolari qo‘llaridagi joriy biometrik pasport bilan vizasiz rejim o‘rnatilgan davlatlar, shu jumladan Rossiyaga chiqishlari mumkin.

Shuningdek, avvalgi biopasport bilan unda mavjud bo‘lgan stiker muddati tugagunga qadar boshqa mamlakatlarga ham chiqish mumkin.

XS
SM
MD
LG